Operatsiya joyini chegaralash.
Operatsiya o’tkaziladigan joyni dezinfeksiya qilgandan keyin Operatsiya choyshabi yopiladi. Operasion maydonga (jarohatga) yo’l ochish uchun choyshabning o’rtasi kesilgan bo’ladi. Operatsiya choyshabini tana terisiga Bakgauz qisqichi orqali mustahkamlash kerak.
Hayvonni Operatsiyaga tayyorlash katta ahamiyatga ega, chunki har bir Operatsiya hayvon hayotini xavf-xatarga qo’yish bilan bog’liq. Hayvon 12-24 soat och yoki yarim och parxezda saqlanadi. Uning hayotiy muhim organ va sistemalari (buyrak, qon tomir, nafas olish, markaziy nerv sistemasi, siydik ayirish sistemasi, jigar)ning ish faoliyati tekshirilib ko’riladi. Agarda biror-bir o’zgarish sezilsa, hayvon avval davolanib, sog’ayganidan keyin Operatsiya qilinadi.
Inyeksiya, infuziya va qon chiqarish
Inyeksiya deb, suyuq shakldagi dori vositalarini, biologik preparatlarni kam miqdorda hayvon organizmiga yuborishga aytiladi.
Infuziya deb, eritma shakldagi lori vositalarini ko’p miqdorda hayvon organizmiga yuborishga aytiladi.
Inyeksiyani bajarish uchun har xil hajmdagi shpris va ignalar talab qilinadi.
Infuziyani bajarish uchun shpris Jane, Bobrov apparati, eritma quyish sistemalaridan foydalanish mumkin.
Asboblar. Sanchish uchun turli konstruksiyadagi shpris va kovak ignalar kerak. Qon olish uchun va vena qon tomir inyeksiyasiga Bobrov, Saykovich ignalari, turli xildagi apparatlar qo’llaniladi.
Sanchish texnikasi. O’ng qo’lga shpris olinadi, shprisning silindr qismini katta, o’rta va nomsiz barmoqlar yordamida ushlanadi va igna to’qimaga sanchiladi.
Teri osti inyeksiyasini hayvon tanasining istalgan joyida o’tkazish mumkin, ko’pincha bo’yin qismiga, sonning ichki tomoniga, ko’krak devoriga, qorinning ventral, ya’ni pastki tomonida o’tkaziladi. Chunki u yerdagi teri osti kletchatkasi rivojlangan va qalin joylashgan, shuning uchun dori yuborishda og’riq ka seziladi va u tezlik bilan tarqaladi. Sanchish joyining junlari Kuper qaychisi bilan qirqiladi va spirt bilan surtiladi. Chap qo’lning barmoqlari bilan terini ushlab qatlaganda ko’rsatuvchi va o’rta barmoqlar orasida chuqurcha paydo bo’ladi va shu joyga igna sanchiladi. Inyeksiyadan so’ng terining teshilgan joyiga yod eritmasi surtiladi. Bir joyga yuborish uchun suyuqlik miqdori katta mollarga 20 ml, mayda hayvonlarga ega 5 ml dan ko’p bo’lmasligi kerak.
Teri ichiga sanchish. Bu usul infiltrasiya usuli bilan og’riqsizlantirish va ba’zi turdagi emlashlarda qo’llaniladi. 2-3 mm uzunlikda ingichka ignaning uchini kesilgan tomoni yuqoriga qaratib sanchiladi va teri ichiga 0,2-0,3 ml miqdorda eritma yuboriladi. Inyeksiya to’g’ri bajarilganda terida “limon po’stlog’i”simon shish hosil bo’ladi (teri ostiga yuborganda esa doira shaklida shish hosil bo’ladi).
Muskullararo inyeksiya, ular yaxshi rivojlangan – sag’rin, yelkaning uch boshli, ko’krakning yuza, sonning orqa tomonida joylashgan (yarim pay, yarim parda) muskullariga qilinadi. Inyeksiya o’rnini tayyorlagandan keyin teri tagidagi to’qimalarga kuchli bosim bilan ignani tananing yuza qismiga nisbatan perpendikulyar holatda 4-5 sm chuqurlikga yuboriladi. Ignani tortib olishdan oldin chap qo’l bilan terini bir oz qisib, so’ngra chiqarib olinadi. Inyeksiya qilingan teri yuzasi dezinfeksiyalanadi.
Qon tomir ichiga inyeksiya katta va kichik hayvonlarda eritmalarni yuza va bo’yinning ko’k tomiri (bo’yinturuq), yuza ko’krak yoki qorinning teri osti venalarga, otlarda ko’k tomir venasiga, cho’chqalarda quloq venasiga, itlarda tirsakni bukuvchi venasiga yoki tovon bo’g’imidan yuqori joylashgan safena venasiga qo’yiladi. Inyeksiya o’tkaziladigan joyni tayyorlagandan keyin venaning markaziy qismini Esmarx tasmasi orqali yoki qo’l yordami bilan qisiladi. Igna tomirga qaratib qiyshiq yuboriladi. 1 daqiqada 20-50 ml miqdorda eritmani sekinlik bilan qo’yish lozim.
Arteriya tomiriga sanchish. Arteriyalarning joylashishini qon tomir pulsasiyasiga qarab paypaslab aniqlash mumkin. Lekin veterinariya amaliyotida arteriya tomiri orqali inyeksiya qilish kam ishlatiladi.
Suyaklarga inyeksiya qilish ko’pincha ko’krak suyagi, yonbosh tos suyagining chiqib turgan joyi, katta boldir suyagining yuqori qismiga, tirsak, son suyaklariga qo’llash mumkin. Terini kesmasdan Operatsiya doirasini tayyorlab maxsus ignani suyakka qarab yuborish lozim. Eritmalar sekin quyiladi, ularni tomchilatib yuborgan yaxshiroq.
Bo’g’imlarning inyeksiyasi. Bu usulni bo’g’imlarga xos bo’lgan kasallikda tashxisni aniqlash va davolash uchun qo’llash maqsadga muvofiqdir. Bu ishni bajarish uchun bo’g’imlarning anatom-topografik joylashishini yaxshi o’zlashtirish zarur.
Qon chiqarish – diagnostik yoki davolash maqsadida amalga oshiriladi. Katta hayvonlarda qon bo’yinturuq venasidan olinadi, buning uchun maxsus ignalar ishlatiladi. Cho’chqalarda qon dumidan, parrandalarda esa qanot osti venasidan olinadi. Qonni chiqarish miqdori: katta hayvonlardan 2-6 l, mayda shoxlilarda 200-600 ml, itlardan 50-200 ml, cho’chqalarda 20-600 ml, tovuqlardan 10-40 ml.
Do'stlaringiz bilan baham: |