Yuk ko‘tarish-tushirish mashina va mexanizmlarining qismlarini texnik tekshirish va sinovdan
o‘tkazish tartibi
Amalda, yuk ko‘tarish-tushirish mashina va mexanizmlarining qismlarini texnik tekshirishlardan o‘tkazishda, ulardagi turli arqonlar, tormozlar, to‘xtatgich va ushlab turuvchi mexanizmlar va moslamalarning texnik va funksional holatlariga katta e’tibor beriladi.
Po‘lat arqonlar. Po‘lat arqonlar kranlarning eng asosiy va mas’uliyatli konstruktiv elementlaridan bittasi hisoblanadi. Po‘lat arqonlar ko‘p miqdordagi yuqori sifatli alohida simlardan tayyorlanadi. Shu sababli po‘lat arqonlar yuqori mustahkamlikka, egilishga esa kichik qarshilikka ega bo‘ladi. Arqonlarning turli konstruktiv tuzilishlari mavjud. Shu sababli ular toifalarga bo‘lingan. Har bitta toifa o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Ularning bu xususiyatlarini ma’lum bir sharoitda ishlatish uchun arqon tanlashda hisobga olish kerak bo‘ladi.
Po‘lat arqonlar kranlarning o‘ta mas’uliyatli elementlari bo‘lganligi sababli quyidagi standartlarga asosan tayyorlanadi [43, 46]: po‘lat arqon GOSТ 7668-80 (yumshoq OS), po‘lat arqon GOSТ 2688-80 (MS), po‘lat arqon GOSТ 7669-80 (MS), po‘lat arqon GOSТ 3070-80 (MS, OS), po‘lat arqon GOSТ 3071-80 (yumshoq OS), po‘lat arqon GOSТ 3079-80 (yumshoq OS), po‘lat arqon GOSТ 7665-80 (yarim yumshoq OS).
Qo‘llanilish maqsadi bo‘yicha arqonlar quyidagi toifalarga bo‘linadi:
yuk va odamlarni (GL) tashuvchi mashina va mexanizmlarda qo‘llaniladiganlar;
yuk tashuvchi (G) mashina va mexanizmlarda qo‘llaniladiganlar.
Konstruksiyasiga bog‘liq ravishda po‘lat arqonlar quyidagi toifalarga bo‘linadi (7.13 – rasm):
bitta o‘ramli (spiralsimon) – oxirida bitta, ikkita yoki uchta aylana shaklini hosil qiluvchi simlarning spiralsimon o‘rami shaklidagilar;
ikkita o‘ramli – bitta aylana shaklini hosil qiluvchi qatlamga o‘ralgan oltita o‘ramadan iborat;
uchta o‘ramli – ikki o‘ramli arqonlarning o‘ramidan iborat arqon.
Arqonlar o‘zagi organik (OS) yoki metall (MS) materialdan tayyorlangan bo‘lishi mumkin.
O‘ramalardagi simlarning bir-biriga qanaqa tegish hosil qilishiga qarab arqonlar asosan quyidagi uchta toifaga bo‘linadi:
nuqtali tegish hosil qiladigan arqonlar (ТK), bular diametri bir xil bo‘lgan simlardan iborat bo‘ladi;
chiziqiy tegish hosil qiladigan arqonlar (LK), bular diametri har xil bo‘lgan simlardan iborat bo‘ladi;
nuqtali va chiziqiy tegish hosil qiladigan arqonlar (ТLK), bular yuqoridagi ikkitasining kombinatsiyasidan iborat.
Agarda arqonning alohida o‘ramalaridagi simlar diametrlari bir biriga teng bo‘lsa LK va ТLK belgilanishiga O harfi qo‘shiladi, masalan, LK-O, ТLK-O.
Agarda arqonning alohida o‘ramalaridagi simlar ikkita har xil diametrdagi simlardan iborat bo‘lsa LK va ТLK belgilanishiga P harfi qo‘shiladi, masalan, LK-P, ТLK-P.
Agarda arqonning alohida o‘ramalaridan bittasi har xil diametrdagi, ikkinchisi esa bir xil diametrdagi simlardan iborat bo‘lsa LK va ТLK belgilanishiga PO harflari qo‘shiladi, masalan, LK-PO, ТLK-PO.
– rasm. Po‘lat arqonlar tuzilishi:
a-po‘lat arqon va uning elementlari; b-qatlam simlari nuqtaviy tegadigan arqon; v- qatlam simlari chiziqiy tegadigan arqon; g-qarama-qarshi o‘ramli arqon; d-bir tomonlama o‘ramli arqon; 1-arqon o‘zaki; 2-arqon; 3-o‘rama; 4-sim; 5-o‘ramaning ichki qismi.
Тurli konstruktiv tuzilishga ega bo‘lgan arqonlarning qo‘llanilish sohalari quyidagicha:
ТK toifadagilar – yashindan himoyalanish qurilmalarida, vaqtinchalik mahkamlash lozim bo‘ladigan joylarda va boshqa holatlarda;
LK-O toifadagilar – lift va kemalarda ko‘tarish ishlarida, arqonli ko‘priklarda va boshqa;
LK-P toifadagilar – metallurgiya kranlarida, shaxtalarning ko‘tarish qurilmalarida, ekskavatorlarda va boshqalarda;
LK-3 toifadagilar – sanoatning hamma tarmoqlarida (agressiv muhit borlaridan tashqari);
LK-PO toifadagilar – agressiv muhitlarda ishlatish uchun.
Simlarining va o‘ramalarining o‘ralish yo‘nalishi bo‘yicha arqonlar quyidagi turlarga bo‘linadi:
bir tomonlama o‘ramli arqon (bularda o‘ramalardagi simlar va arqondagi o‘ramalar bir tomonga qarab o‘ralgan bo‘ladi);
qarama-qarshi o‘ramli arqon (bularda o‘ramalardagi simlar bir tomonga arqondagi o‘ramalar esa qarama-qarshi tomonga qarab o‘ralgan bo‘ladi). Arqonning diametrini o‘lchash qoidasi quyida keltirilgan (7.14.a – rasm).
Arqondagi o‘ram qadamini aniqlash esa o‘ramalar qatlami soniga bog‘liq ravishda quyidagicha olib boriladi: arqondagi o‘ramalardan bittasining yuzasiga belgi qo‘yiladi (7.14.b – rasm), keyin arqonda nechta o‘rama bo‘lsa shuncha o‘rama belgidan boshlab arqonning bo‘ylama o‘qi bo‘ylab sanaladi (asosan 6 ta) va sanashdan keyingi o‘ramaga ikkinchi belgi qo‘yiladi. Belgilar o‘rtasidagi masofa arqondagi o‘rash qadamini ko‘rsatadi.
– rasm. Po‘lat arqonning diametrini (a) va o‘ralish qadamini (b)
aniqlash:
v-arqon ko‘ndalang kesimi; g-shtangensirkul; d-arqonning bo‘ylama ko‘rinishi; 0, 1, 2, 3, 4, 5, 6 - arqonning o‘ram qadamini aniqlash uchun qo‘yiladigan belgilarning tartib raqamlari.
Po‘lat arqonlar turli konstruksiyaga ega bo‘lishadi, lekin asosan 6×19+1; 6×37+1; 6×61+1 konstruksiyadagi arqonlar ko‘p qo‘llaniladi. Bu belgilanishdagi birinchi raqam arqondagi o‘ramalar sonini ko‘rsatadi (asosan 6 ta bo‘ladi), ikkinchi
raqam esa bitta o‘ramadagi simlar sonini ko‘rsatadi (19, 37 va 61 ta sim), uchinchi raqam esa arqondagi o‘zak sonini ko‘rsatadi. Arqon o‘zaklariga arqon o‘ramalari o‘raladi. Ishlash jarayonida po‘lat arqonlarni zanglashdan muhofaza qilish maqsadida o‘zaklarga moy shimdiriladi. Moy shimdirilgan o‘zaklar ish jarayonida o‘zidan moyni tashqariga chiqarishi natijasida arqonlarni moylab turadi.
Yuk ko‘tarish va tushirish mashinalarida (kranlarda) asosan 6×19+1 va 6×37+1 konstruksiyadagi arqonlar qo‘llaniladi (7.1 – ilova).
Po‘lat arqonlarni tavsiflash uchun ularning belgilanishi quyidagicha olib boriladi: birinchi o‘rinda – arqon diametri ko‘rsatiladi; ikkinchi o‘rinda – qo‘llanilish maqsadi; uchinchi o‘rinda – simning mexanik xossalari; to‘rtinchi o‘rinda – ish sharoiti; beshinchi o‘rinda – arqon elementlarining o‘ralish yo‘nalishi; oltinchi o‘rinda – o‘ralish usuli; oxirgi o‘rinda – simning uzilishga qarshiligining belgilanish guruhi ko‘rsatiladi. Oxirida arqon qanaqa standart asosida tayyorlanganligini ko‘rsatuvchi belgi, ya’ni standart belgilanishi keltiriladi, masalan: “Ikki o‘ramli arqon, LK-P toifa, konstruksiyasi 6x19(1+6N-6/6)+1 OS, GOSТ 2688-80 bo‘yicha”.
Arqonlar tekshirilganda ulardagi uzilgan simlar soni aniqlanadi va simlarning buralganligiga, sim o‘ramlarining egilib qolgan joylariga ahamiyat beriladi. Agar o‘ram qadami uzunligi bo‘yicha uzilgan simlar soni 10 % dan, yoki ruxsat etilgan miqdordan ko‘p bo‘lsa, bunday arqon ishga yaroqsiz hisoblanadi (7.3 – jadval).
7.3 – jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |