Ma’muriy javobgarlik. Ma’muriy javobgarlik ishlab chiqarish korxonalarida mol-mulkka yoki pulga oid jazo (jarima va musodara) ko‘rinishlarida amalga oshiriladi. Ma’muriy jazo mehnat muhofazasini nazorat qilib turuvchi mansabdor shaxslarga mehnat muhofazasi qoidalari buzilganida beriladi. Ma’muriy boshqaruv xodimlariga mehnat muhofazasi qoidalari va me’yorlarini buzganliklari uchun jarima solinadi. Jazo berishda amaldagi me’yorlarga qat’iy rioya etilishi talab etiladi.
Jinoiy javobgarlik. Mehnat muhofazasiga oid qoidalar buzilishi natijasida ishchi-xodimlar bilan baxtsiz hodisalar ro‘y bersa yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, qoidani buzgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Respublikamizning Jinoyat kodeksida mehnatkashlarning salomatligini muhofaza qilish uchun javobgarlikni nazarda tutadigan bir necha modda bor. Ishlab chiqarish korxonalarida qoidani buzgan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksidagi moddaga muvofiq, bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki shu muddatga axloq tuzatish ishlariga jalb qilish, jarima solish yoxud lavozimidan bo‘shatish tarzida jazo turlari qo‘llaniladi. Agar mehnat muhofazasi qoidalari buzilganlik natijasida bir necha kishiga tan jarohati yetsa, bunday holatlarda jinoiy javobgarlikning yanada qattiq choralarini qo‘llash nazarda tutiladi.
Moddiy javobgarlik. Mehnat muhofazasi qoidalari buzilganda, mehnat shartnomasi taraflarini moddiy javobgarlikka tortish ko‘zda tutiladi. Mehnat shartnomasi taraflari, bir tomondan korxona (ish beruvchi) va ikkinchi tomondan ishchi-xodimlar, birortasining mehnat qoidalarini buzishi natijasida boshqa tomonga zarar yetkazsa moddiy javobgarlik yuzaga keladi.
Korxona ma’murlari yoki ishchi xodimlarning aybi bilan korxonaga moddiy zarar yetkazilgan bo‘lsa, ular ushbu zararni to‘lashga majburdirlar (Mehnat kodeksining 185-210 moddalari). Zararni qoplash qoidani buzgan xodimdan yozma rozilik olingani holda oylik ish haqidan ushlab qolish yo‘li bilan amalga
oshiriladi. Yozma rozilik bo‘lmagan yoki xodim rozilik bermagan taqdirda ma’muriyat xodimini xalq sudiga berishi mumkin. Hokimiyat sudi qaroriga binoan zararni qoplash masalasi hal qilinadi.
Korxonada xodimga yetkazilgan zarar uchun korxonaning xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovi, Mehnat kodeksi 187-moddasi bo‘yicha, quyidagicha ifodalanadi: “o‘z mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan yoki mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilganligi natijasida xodimga, boquvchisi ish bilan bog‘liq holda vafot etgan taqdirda esa, uning oila a’zolariga (192-moddaning birinchi qismi) yetkazilgan har qanday zararni (shu jumladan, ma’naviy zararni) ish beruvchi, basharti ushbu Kodeksda boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘liq hajmda to‘laydi”.
Ma’naviy zarar yetkazilsa, ya’ni korxonadagi qoidabuzarlik ishchi xodimlarning jismoniy yoki ruhiy holatiga salbiy ta’sir qilganda, pul to‘lash bilan yoki boshqa moddiy shaklda kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi. Agar xodim mehnat vazifalarini bajarish vaqtida vafot etsa, ish beruvchi va vafot etgan xodimning oila a’zolari o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, belgilangan miqdorda to‘lanadi. Ma’naviy zararni qoplash yuzasidan nizo kelib chiqqan hollarda bu masala sudda ko‘rib chiqiladi.
Хodimning sog‘lig‘iga shikast yetganligi munosabati bilan to‘lanadigan zarar, jabrlanuvchining mehnatda mayib bo‘lishiga qadar olgan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobida, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasiga muvofiq belgilanadigan har oylik to‘lovdan, sog‘lig‘iga shikast yetishi bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarning kompensatsiyasidan, shuningdek, ayrim hollarda esa bir yo‘la beriladigan nafaqa ko‘rinishida to‘lanadi.
Хodim korxonada o‘z mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi, jarohatlanishi, sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zararni korxona to‘liq hajmda to‘lashi ko‘zda tutiladi. Shuningdek, xodimning ish vaqtida korxona hududida ham, uning tashqarisida ham mehnatda mayib bo‘lishi, shuningdek, ish beruvchi tomonidan ajratilgan transportda ish joyiga kelayotgan yoki ishdan qaytayotgan vaqtda
shikastlanishi natijasida yetkazilgan zarar uchun ish beruvchi moddiy javobgarlikka tortiladi. Ishchi-xodim mehnatda mayib bo‘lish oqibatida yoki o‘z mehnat vazifasini bajarishi bilan bog‘liq holda sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishidagi, agarda ish beruvchi zarar ishchining aybi bilan kelib chiqqanligini isbotlab berolmasa, zararni ish beruvchi to‘laydi.
Ish vaqtida kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasi, qo‘shimcha yordam turlariga muhtojligi “Тibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi” (ТMEK) tomonidan aniqlanadi. Zarar o‘rnini qoplashda jabrlanuvchi olayotgan ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlar hisobga olinmaydi. Mehnatda mayib bo‘lgan jabrlanuvchilar – nogironlarga zararni qoplash uchun to‘lanadigan pul miqdori qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdorining ellik foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Agar jabrlanuvchining qo‘pol ehtiyotsizligi tufayli zarar kelib chiqsa yoki zarar ko‘payishiga sabab bo‘lsa, to‘lanishi lozim bo‘lgan zarar miqdori jabrlanuvchining aybi darajasiga qarab kamaytiriladi.
Ayrim hollarda xodim mehnatda mayib bo‘lishi, mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda, korxona marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek, ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a’zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni belgilangan qoidalarga binoan to‘lanadi.
Quyidagilar mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblanadi: o‘n olti yoshdan katta shaxslar, agar ular shu yoshga to‘lgunga qadar nogiron bo‘lib qolgan bo‘lsalar; oltmish yoshga to‘lgan erkaklar va ellik besh yoshga to‘lgan ayollar; belgilangan tartibda nogiron deb topilgan shaxslar.
Korxonaga ham ishchi-xodimlar tomonidan zarar yetkazilishi mumkin. Ishchi-xodim ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy zarar uchun ham, ish beruvchi boshqa shaxslarga yetkazilgan zararni to‘lashi natijasida kelib chiqqan
zarar uchun ham moddiy javobgar bo‘ladi. Agar zarar, uni bartaraf etish mumkin bo‘lmagan kuchlar, oxirgi zarurat yoki zaruriy muhofaza natijasida kelib chiqqan bo‘lsa, xodim moddiy javobgarlikka tortilmaydi.
Ayrim holatlarda, ish beruvchi zarar yetkazilgan chog‘dagi aniq holatlarni hisobga olib, aybdor xodimdan zararni undirishdan qisman yoki to‘liq voz kechishi mumkin. Bunday holda yetkazilgan zarar korxona foydasi hisobidan qoplanadi.
Quyidagi hollarda xodimga to‘liq moddiy javobgarlik yuklatiladi:
maxsus yozma shartnoma asosida unga ishonib topshirilgan qimmatliklarning saqlanishini ta’minlamaganlik uchun;
qasddan zarar yetkazilganda;
alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida zarar yetkazilganda;
xodimning sud hukmi bilan aniqlangan jinoiy harakatlari natijasida zarar yetkazilganda;
tijorat sirlari oshkor etilganda;
qonuniy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda va boshqa shu kabi hollarda moddiy javobgarlik belgilanadi.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlar uchun to‘liq moddiy javobgarlik faqat qasddan yetkazilgan zarar uchun, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatlarida yoki jinoyat sodir etish natijasida yetkazilgan zarar uchun belgilanadi.
Хodim, korxona roziligi bilan yetkazilgan zararni qoplash uchun unga bahosi teng mol-mulk berishi yoki buzilgan mol-mulkni tuzatib berishi yo‘li bilan ham zararni qoplashi mumkin.
Хodim mehnatga oid munosabatlarni bekor qilganda zararni to‘lashdan bo‘yin tovlasa, qarzning uzilmay qolgan qismi xodimdan notarial idoralarning ijro hujjatlari asosida undiriladi.
Mehnatni muhofaza qilishning huquqiy-me’yoriy hujjatlari bo‘yicha ko‘rib o‘tilgan masalalarni yechish ishlab chiqarishdagi ishchi-xodimlarning samarali mehnat faoliyatini olib borishining asosi bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |