Korxonalarda mehnatni muhofaza qilishni tashkil etishning huquqiy-me’yoriy asoslari
“Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning korxonalarda mehnat muhofazasini tashkil qilishga doir moddalarini rivojlantirish maqsadida bir qator me’yoriy hujjatlar qabul qilingan. Bularga quyidagilar misol bo‘ladi [11, 12]:
“Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi namunaviy nizom. O‘zbekiston Respublikasining Mehnat vazirligi tomonidan 1996 yil 26 iyunda tasdiqlangan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi bilan 1996 yil 25 iyunda kelishilgan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1996 yil 14 avgustda 273-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
“Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qishni tashkil etish va bilimini tekshirish to‘g‘risida”gi namunaviy nizom. 1996 yil 29 iyunda Mehnat vazirligi tomonidan, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan holda, tasdiqlangan va qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1996 yil 14 avgustda 272-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
“Mehnat muhofazasi bo‘yicha vakil haqida”gi nizom. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Vazirligi Kollegiyasi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi rayosatining 1995 yil 14 dekabrdagi 8/3- 60- sonli qarori bilan tasdiqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1995 yil 18 dekabrda 196-son bilan davlat ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Korxonalarda mehnatni muhofaza qilishga doir ishlarni tashkil qilishda va rivojlantirishda “Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi namunaviy nizom juda katta ahamiyatga ega [9]. Mazkur namunaviy nizom vazirliklarda, ishlab chiqarish birlashmalarida, korxonalarda, tashkilotlarda, muassasalarda, aksionerlik jamiyatlarida, davlat, fermer xo‘jaliklarida ishlab chiqarish usuli, mulkiy va xo‘jalik yuritish shakliga bog‘liq bo‘lmagan holda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etishni belgilaydi.
Bu nizomda:
mehnatni muhofaza qilish sohasida davlat siyosati prinsiplari; mehnatni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi; Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining, hamda viloyatlar va Тoshkent shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalarining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi boshqaruv funksiyalari; iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha davlat nazorat organlari tarkibi keltirilgan;
ishlovchilarning mehnat sharoitlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha masalalar majmui: ishchilarni mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitish turlari; kasbiy tanlov o‘tkazish; mehnat muhofazasini tashviqot va targ‘ibot qilish; ishlab chiqarish uskuna va jihozlarining xavfsizligini ta’minlash; texnologik jarayonlarning xavfsizligini ta’minlash; ishlab chiqarish binolari va inshootlari xavfsizligini ta’minlash; mehnatning sanitar-gigiyenik sharoitlarini yaxshilash; ishlovchilarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash; ishlovchilar uchun ishlash va dam olishning maqbul rejimini ta’minlash; ishlovchilarga davolanish-oldini olish xizmatini ko‘rsatish; ishlovchilarning sanitar-maishiy ta’minotini me’yorlar talabiga keltirish;
jarohatlanganlarga birlamchi yordam berish qoidalariga o‘qitishlar ko‘rsatilgan;
korxonada mehnat muhofazasi ishlarini tashkil etishda rahbar shaxslarning, ish beruvchining, korxona mutaxassis hamda injener-texnik xodimlarining, ish beruvchining huquq va vazifalari, ishlovchining majburiyatlari keltirilgan;
mehnat muhofazasi holatini tahlil va nazorat qilish tartibi; uch bosqichli nazoratning mohiyati va uni o‘tkazish metodikasi berilgan;
mehnat muhofazasi bo‘yicha korxonada ishlab chiqiladigan hujjatlar tizimi: mehnat sharoiti va muhofazasi, sanitar-sog‘lomlashtirish tadbirlari bo‘limi mavjud bo‘lgan jamoa shartnomasi; ish joylari attestatsiyasi kartasi; mehnat muhofazasi xizmatining ish rejasi; ishlab chiqarishga standartlarning tatbiq etilgani to‘g‘risida dalolatnomalar; ishchilar va injener-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘riqnomadan o‘tkazish va bilimini tekshirish bo‘yicha tuzilgan reja va boshqalar keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |