Jamoakelishuviningmazmunivamohiyati. Mehnat kodeksining 52- moddasiga asoslanib, jamoa kelishuvlarining matnida mehnat huquqining barcha institutlariga oid masalalarni aks ettirish mumkin. Bu masalalar taraflar tomonidan belgilanadi.
Jamoa kelishuvlarida:
mehnatga haq to‘lash, mehnat shartlari, uni muhofaza qilish, mehnat va dam olish tartibi;
narxlarning o‘zgarib borishi, inflatsiya darajasi, kelishuvlarda belgilab qo‘yilgan ko‘rsatkichlarning bajarilishiga qarab mehnatga haq to‘lashni tartibga solish mexanizmi;
eng kam miqdori qonun hujjatlarida nazarda tutiladigan kompensatsiya tarzidagi qo‘shimcha to‘lovlar;
xodimlarning ishga joylashishiga, ularni qayta o‘qitishga ko‘maklashish;
ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda ishlab chiqarishda xodimlarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish;
xodimlar hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha maxsus tadbirlar;
davlat korxonalarini xususiylashtirish chog‘ida xodimlarning manfaatlarini himoya qilish;
nogironlar va yoshlar (shu jumladan 18 yoshga to‘lmagan shaxslar) mehnatidan foydalanish maqsadida ular uchun qo‘shimcha ish joylarini tashkil etuvchi korxonalarga beriladigan imtiyozlar;
ijtimoiy sherikchilik hamda uch taraflama hamkorlikni rivojlantirish, jamoa shartnomalarini tuzishga ko‘maklashish, mehnat nizolarining oldini olish, mehnat intizomini mustahkamlash to‘g‘risidagi qoidalar aks ettirilishi mumkin.
Jamoa kelishuvlarida mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa qoidalar ham ko‘zda tutilgan bo‘lishi mumkin. Jamoa kelishuviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish uning o‘zida belgilangan
tartibda, taraflarning o‘zaro roziligiga asosan kiritiladi. Agar jamoa kelishuvida bu nazarda tutilmagan bo‘lsa, u holda Mehnat kodeksida belgilangan tartibda uni tuzish amalga oshiriladi.
Jamoa kelishuvi u imzolangan paytdan yoki kelishuvda belgilangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi. Jamoa kelishuvining amal qilish muddati taraflar tomonidan belgilanadi va u 3 yildan oshib ketmasligi lozim.
Qonunchilikda jamoa kelishuvining amal qilish doirasi qat’iy qilib belgilangan. Uch taraflama jamoa kelishuvi tuzilgan bo‘lsa, uning amal qilishi davlat ijroiya hokimiyat organiga ham taalluqli bo‘ladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosati tomonidan 2008 yil 26 avgustda “Jamoa kelishuvlari loyihalarini ekspertiza qilish to‘g‘risida”gi nizom qabul qilingan. Ushbu nizom O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga birlashgan kasaba uyushmalarining Harakat dasturiga binoan ishlab chiqilgan bo‘lib, jamoa kelishuvlari loyihalarini tayyorlashda kasaba uyushmalari organlariga amaliy yordam ko‘rsatish uchun joriy etilgan. Jamoa kelishuvlari loyihalarining ekspertizasi ularning O‘zbekiston Respublikasi me’yoriy-huquqiy hujjatlariga va mazkur jamoa kelishuviga nisbatan amal qiladigan yuqori miqyosdagi jamoa kelishuvlariga muvofiqligini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi. Ekspertizani tezkor va sifatli o‘tkazish uchun kasaba uyushma organi Rayosati qarori bilan tegishli komissiya tayinlanadi. Komissiya a’zolari(ekspertlari)ning soni Rayosat tomonidan belgilanadi va odatda uning tarkibiga: huquqiy masalalar, mehnatni muhofaza qilish, madaniyat va sport, moliya, ijtimoiy sug‘urta, tashkiliy ishlar, mehnatkashlar ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha mutaxassislar kiritiladi. Kasaba uyushma organi rahbarining o‘rinbosari komissiya raisi, mutaxassislarning biri esa komissiya kotibi etib tayinlanadi.
Jamoa kelishuvi loyihasida xodimlar ahvolini mehnat to‘g‘risidagi me’yoriy hujjatlarda nazarda tutilganiga qaraganda yomonlashtiradigan shartlar aniqlansa, komissiya kotibi o‘z xulosasi bilan jamoa kelishuvi loyihasini taqdim etgan kasaba uyushma organiga nuqsonlarni bartaraf etish muddatini belgilaydi.
Nuqsonlari bartaraf etilgan kelishuv loyihasi yana bir bor ekspert komissiyasiga taqdim etiladi, e’tiroz yozib bergan har bir ekspertga qaytadan ko‘rsatiladi va ulardan nuqsonlar bartaraf etilgani to‘g‘risida yozuv imzo bilan olinadi. Shundan keyingina ekspert xulosasi komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi. Agar nuqsonlar bartaraf etilmasdan kelishuv qabul qilinsa, ekspertizadan o‘tkazgan kasaba uyushma organi o‘zining Rayosati qarori bilan, Mehnat kodeksining 5 va 9 moddalariga binoan, jamoa kelishuvining xodimlar ahvolini qonun hujjatlarida va boshqa me’yoriy hujjatlarda nazarda tutilganiga qaraganda yomonlashtiradigan shartlarini haqiqiy emas deb e’lon qilishga haqlidir. Bunday qaror 5 kun ichida jamoa kelishuviga imzo chekkan tomonlarga ma’lum qilinadi. Kelishuv loyihasi mualliflari va ekspert komissiyasi o‘rtasidagi ixtilof ekspertizani tashkil etgan kasaba uyushma organi rahbari tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Тaraflar tomonidan imzolangan jamoa kelishuvi, uning ilovalari yetti kunlik muddat ichida kelishuv ishtirokchilariga, shuningdek bildirish ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tegishli organlariga yuboriladi.
Qonunchilikda jamoa kelishuvlarining bajarilishini tekshirib borish asosan taraflar vakolatiga kiritilgan. Mehnat kodeksining 56-moddasida ta’kidlanganidek, barcha pog‘onadagi jamoa kelishuvlarining bajarilishi bevosita taraflar yoki ular vakolat bergan vakillar tomonidan tekshirib boriladi. Shuningdek, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan ham jamoa kelishuvlarining bajarilishi tekshirib turiladi. Tekshirish jarayonida taraflar nazoratchilar tomonidan talab qilingan barcha kerakli ma’lumotlarni so‘zsiz taqdim qilishlari shart.
Jamoa shartnomasi va kelishuvlari to‘g‘risidagi talablarni buzganlik uchun javobgarlik masalasi Mehnat kodeksining 34-moddasida berilgan. Bunda ish beruvchining vakillari qanday holatlarda javobgar bo‘lishlari aniq ko‘rsatilgan. Ushbu moddada belgilab qo‘yilgan harakatlar (harakatsizliklar) mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi deb baholanadi va qonunda nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka tortishga asos hamda sabab bo‘ladi.