Dastagi izolatsiyalangan asboblar. Izolatsiyalangan dastakli asbob asosiy himoya vositasi sifatida faqat kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan qurilmalarda ishlatiladi. Asbobning dastalari cheklovchi tirakka, darz ketmagan va g‘adir- budursiz silliq izolatsiya qoplamasiga ega bo‘lishi kerak. Qoplama namga chidamli, mo‘rt bo‘lmagan izolatsiya materialidan kamida 10 sm uzunlikda yasalib, metall qismlarga zich o‘tirishi va ishlayotgan odamning qo‘lini metalldan to‘la izolatsiya qilishi kerak. Asbob tayyorlangandan yoki ta’mirlashdan so‘ng 2,0 kV kuchlanish ostida 1 minut davomida sinaladi.
Sinash vaqtida izolatsiyalovchi dastaklarning izolatsiyalovchi qoplamalari suvdan 1 sm chiqib turadigan qilib unga botiriladi; transformatordan asbobning metall qismlariga va suvga kuchlanish beriladi. Agar izolatsiyalovchi qoplama qo‘yilgan kuchlanish ostida teshilmasa, asbob yaroqli hisoblanadi.
Izolatsiyalovchi ostqo‘ymalar. Izolatsiyalovchi ostqo‘ymalar ishlovchi xodimni yerdan izolatsiyalash uchun xizmat qiladi. Shuning uchun ular turli xil kuchlanishga mo‘ljallangan saqlagichlar, elektr dvigatellarni yurgizib yuborish qurilmalari, ajratkich simlari va berk elektr qurilmalardagi ulab-uzgichlar bilan operatsiyalar bajarishda qo‘shimcha xavfsizlik vositasi sifatida ishlatiladi.
Izolatsiyalovchi ostqo‘yma chinnidan ishlangan tayanch izolatorlarga mahkamlangan to‘shamadan iborat. Poldan to‘shamaning pastki sirtigacha bo‘lgan izolatorlar balandligi 7 sm dan kam bo‘lmasligi kerak. O‘lchami 50x50 sm yoki
undan ortiq bo‘lgan to‘shamalar yog‘och plankalar oralarida 3 sm tirqish qoldirib ishlanadi; ularga metall mahkamlagichlar ishlatilmasligi kerak. Тayyorlangandan so‘ng ostqo‘ymalar 40 kV kuchlanish ostida 1 minut davomida sinaladi. Keyinchalik ular bir yarim yilda bir marta ko‘zdan kechirib chiqiladi.
Dielektrik rezinadan ishlangan himoya buyumlari. Odamni yerdan va tok o‘tuvchi qismlardan izolatsiyalash uchun dielektrik rezinadan ishlangan quyidagi buyumlar: qo‘lqop, boti, kalish va gilamchalardan foydalaniladi.
Dielektrik rezinadan yasalgan oyoq kiyimi odatdagisidan loklanmaganligi bilan farq qiladi. Shuni nazarda tutish kerakki, rezina dielektriklik xususiyatining yaxshi emasligi bilan, ayniqsa nam, yorug‘lik, yuqori temperatura, moy, benzin, kislotalarning ta’siridan osongina mexanik shikastlanishi bilan farq qiladi. Shuning uchun rezinadan ishlangan himoya vositalari berk shkaf yoki yashiklarda saqlanishi kerak.
Bu himoya vositalari foydalanishdan oldin ular sinchiklab qarab chiqiladi, dielektrik qo‘lqoplar esa zichlikka tekshiriladi. 1000 V gacha ishchi kuchlanishga mo‘ljallangan qo‘lqoplardan undan yuqori kuchlanish ostidagi qurilmalarda foydalanishga ruxsat etilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |