70-§. Semantik-funksional shakllangan gap. Semantik-funksional shakllangan gap to‘rtga bo‘linadi:
modal so‘z-gap (Кelasizmi?- Albatta);
undov so‘z- gap (Beh-beh! Oh-oh);
tasdiq/inkor so‘z- gap (Ha, yo‘q);
taklif-ishora so‘z-gap (Ma ).
Bu so‘z-gapning barchasida kesimlik kategoriyasi ma’nosi (TMZSh) so‘zning lug‘aviy ma’nosida mujassamlashgan bo‘ladi. Shuning uchun bunday so‘z-gap:
a) hech qachon kesimlik qo‘shimchalarini qabul qila olmaydi;
b) nutqda alohida gap bo‘lib keladi;
d) boshqa gap tarkibiga kirganda, uning biror bo‘lagi bilan semantik aloqaga kirishmaydi va o‘z mustaqilligini saqlab qolaveradi.
Semantik-funksional shakllangan so‘z-gapda kesimlik ma’nosi atov birligi [W] ning lug‘aviy ma’nosi tarkibida mujassamlashgan, bunday gaplar kesimi [Wm] ramzi bilan beriladi.
Semantik-funksional shakllangan gaplarda kesimlik ma’nosi so‘z-gapning lug‘aviy ma’nosi bilan bir butunlikni tashkil etganligi sababli kesimlik kategoriyasi uchun xos bo‘lgan tasdiq-inkor, modallik, mayl, zamon, shaxs-son (TMZSH) ma’nolarining rang-barangligi yo‘q. Bunda ham kesimlik kategoriyasining barcha ma’nolari uchburchak burchaklarining yig‘indisiga o‘xshaydi. Aytilganidek, uchburchak burchaklarining yig‘indisi 1800ga teng bo‘lib, bir burchak kattaroq bo‘lsa, buning evaziga boshqa burchaklar kichrayadi. Semantik-funksional shakllangan gaplarda ham kesimlikning to‘rtta ma’nosidan biri yuzaga chiqqanda boshqalari 0 (nol) ga teng bo‘ladi. Bu tasdiq-inkor, mayl, zamon, shaxs-son ma’nolarining har biri uchun alohida-alohida so‘zlar borligi bilan belgilanadi. Masalan, «qat’iy bo‘lishlilik» ma’nosi (ya’ni mayl ma’nosining ko‘rinishi) albatta so‘zi bilan ifodalansa, kesimlik shaklidagi -ma qo‘shimchasi ifodalaydigan shunday bo‘lishsiz ma’no mutlaqo so‘z-gapi bilan beriladi. Ha so‘zida tasdiq, yo‘q so‘zida inkor ma’nosi mavjud.
Кesimlik kategoriyasi ma’nolari kesimdagi atov birligi lug‘aviy ma’nosiga singganligi tufayli so‘z-gaplarda bu ma’nolarning har birini alohida-alohida va rang-barang ko‘rinishlarda ifodalash imkoniyatlari cheklangan. Shu boisdan o‘zbek tilida kesimlik qo‘shimchalarini qabul qiladigan, kesimlik kategoriyasining barcha ma’nolarini ifodalay oladigan, lug‘aviy ma’nosi kesimlik qo‘shimchalariga befarq bo‘lgan, ya’ni ularni erkin biriktira oladigan mustaqil so‘z (fe’l, ot, sifat, son, ravish, taqlid va olmosh)lardan lug‘aviy ma’nosida kesimlik kategoriyasi qo‘shimchalarini biriktira olmaydigan, lekin ularning ma’nolaridan birini o‘z lug‘aviy ma’nosi bilan kuchaytirgan holda ifodalab, boshqalarini nutqqa o‘ta kuchsiz holda voqelantiruvchi so‘z-gaplar guruhi alohida ajralib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |