Zamon kategoriyasi. «Payt valentligiga ta’sir etish orqali kesimni shakllantirishda ishtirok etish va undan anglashilgan voqelikning nutq momentiga munosabatini ifodalash» – zamon kategoriyasi (qisq. ZК)ning UGMsi. Fe’lda bu UGMdagi voqelik uzvi harakat tarzi ko‘rinishida xususiylashadi.
Voqelikning nutq momentiga munosabatiga qarab uch xil zamon farqlanadi:
a) nutq momentigacha bo‘lgan voqelik – o‘tgan zamon;
b) nutq momentidagi voqelik – hozirgi zamon;
d) nutq momentidan keyin bo‘ladigan voqelik – kelasi zamon.
Shu boisdan zamon UGMsining uchta xususiy ko‘rinishi farqlanadi:
1) o‘tgan zamon;
2) hozirgi zamon;
3) kelasi zamon.
Ularni ifodalovchi shakllar ham shunga muvofiq uch guruhga ajratiladi.