Fe’lning tuzilishiga ko‘ra turlari. Fe’l tuzilishiga ko‘ra sodda va murakkab bo‘ladi. Sodda fe’l bir o‘zakli bo‘ladi: o‘qi, bor, ishla, turtkila. Murakkab fe’l o‘z o‘rnida uchga bo‘linadi:
a) juft fe’l: aytdi-qo‘ydi;
b) takroriy fe’l: bordi-bordi;
d) qo‘shma fe’l: sotib oldi, o‘qib chiqdi.
51-§. Fe’llarda aloqa-munosabat kategoriyalarining voqelanishi. Кesimlik kategoriyasi. Boshqa so‘z turkumi bilan fe’l orasida tuslanishda, kesimlik bilan shakllanishda jiddiy farq borligini aytib o‘tgan edik. Bu fe’lning kesimlik vazifasini bajarish imkoniyati boyligi, kesim vazifasiga ko‘proq xoslanganligi tufayli unda mazkur ma’noni ifodalovchi vositalarning keng rivojlanganligi bilan belgilanadi.
Aytilganidek, kesimlik murakkab kategoriya, uning tarkibiy qismlari tasdiq-inkor, mayl, zamon, shaxs-son kategoriyasi. Bu kategoriyalar kesimlik kategoriyasining alohida shakllari emasmi, ularning har birini kategoriya sifatida baholashga asos bormi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Chunki bunga o‘xshash hol o‘zgalovchi kategoriya misolida kuzatilgan edi. Ma’lumki, kategoriya shakllari bir substansial ma’noni xususiylashtirishi kerak edi. Кesimlik kategoriyasining substansial mohiyati murakkab, undagi tasdiq-inkor, mayl, zamon, shaxs-son ma’nosi nisbiy alohidalikka ega. Shuningdek, bu kategoriyalarning ichki shakllari boshqa kategoriyalar ma’nolari asosida emas, balki o‘zlari tegishli kategoriyalar ma’nolarini xususiylashtiradi. Masalan, zamon kategoriyasi shakllari zamon ma’nosini xususiylashtiradi (o‘tgan, hozirgi, kelasi). Shaxs-son kategoriyasi (birinchi, ikkinchi, uchinchi shaxs birlik va ko‘plik) shakllari shaxs-son ma’nosinigina xususiylashtiradi. Bunda «begona» kategoriya tajallisi kuzatilmaydi. Demak, kesimlik kategoriyasi ichki kategorial sistemalardan iborat yaxlitlik. Yaxlitlikning mohiyati shundaki, bu ichki kategoriyaning birortasi ikkinchisisiz yashay olmaydi.
Кesimlik kategoriyasi murakkab ekan, uning tarkibiy qismlarining yuzaga chiqishida uch holat farqlanadi:
a) kesimlik ma’nosining yig‘iq ifodalanishi: Yoz. Boray. O‘qigin. O‘qituvchiman. Shifokorsiz;
b) kesimlik ma’nosining yoyiq ifodalanishi: Yozmasaydingiz. O‘qituvchidirman;
d) kesimlik ma’nosining tafsiliy ifodalanishi: O‘qisa bo‘ladi. Ishchi edim. Yog‘sa kerak.
Quyida bu ichki kategoriyalarning har birini alohida-alohida ko‘rib o‘tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |