Ravishdosh shakli va uning variantlari. «Fe’lni fe’lga bog‘lash» UGMsiga ega bo‘lgan ravishdosh shakli -(a)y, -(i)b, -gach, -guncha, -gancha, -ganda, -gani, -may/masdan kabi variant shakliga ega. Bu variant shakllar o‘zaro quyidagi tajalli ma’nolar asosida xarakterlanadi:
-(a)y –davomli harakatning holat tusini ifodalash;
-(i)b –davomli/davomsiz harakatga holat tusini ifodalash;
-may/masdan – bo‘lishsiz harakatga holat tusini berish.
-gach –harakatning boshlanish paytini ko‘rsatish;
-ganda –harakatning sodir bo‘lish paytini ko‘rsatish;
-guncha –harakatning tamom bo‘lish paytini ko‘rsatish;
-gancha –harakatlarning bir paytdaligini ko‘rsatish;
-gani –harakatga maqsad ma’nosini berish;
-may/masdan –bo‘lishsiz harakatga holat tusini berish.
Aytilganidek, barcha variant shakllar uchun «fe’lni fe’lga bog‘lash» sintaktik vazifasi umumiy.
Demak, variant shakllardan uchtasida turli «holat», qolgan oltitasida esa har xil «payt» ma’nosi ifodalangan.
-(a)y, -(i)b shaklli ravishdosh bajaradigan vazifasining xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Bu shaklli ravishdosh, ko‘pincha, boshlamoq, chiqmoq, qolmoq, ko‘rmoq, yubormoq kabi fe’l bilan birikib keladi. Кo‘p hollarda ravishdoshli birikuvlar fe’lning harakat tarzini hosil qilish uchun xizmat qiladi: (o‘qib chiqdi), (berib yubordi). Bunda faqat shakl mavjud bo‘lganligi uchun mazkur ko‘rsatkichli so‘zshakl (o‘qib, berib) ni shakl va ma’no yaxlitligi sifatida ravishdosh deb bo‘lmaydi.
Ravishdosh shakllari ma’noviy munosabatini kuzatish natijasida amin bo‘lish mumkinki, -gani va -guncha hokim fe’l ifodalagan harakatdan keyin sodir bo‘luvchi jarayonni anglatadigan ravishdosh hosil qiluvchi shakl sirasiga kiradi. Modallikning kuchli darajada ifodalanishi va harakatlar bajaruvchilarining umumiyligi belgisi bilan -gani shakli bu belgiga ega bo‘lmagan -guncha shaklidan farqlanadi.
Payt ma’nosini namoyon qilganda -(i)b va -gach shaklli ravishdoshlar harakat bajaruvchisiga munosabat jihatdan qarama-qarshi turadi. Mazkur ma’noni ifodalashda -i(b) shaklli ravishdosh bilan undan keyin keluvchi hokim fe’lning bajaruvchisi bitta bo‘ladi. Ikromjon maxorkasini o‘t oldirib bo‘lib, javob berdi. (S.Ahm.) -gach shaklli ravishdoshli qurilmada esa ravishdosh va hokim fe’l bajaruvchisi turlicha bo‘lishi mumkin. Ikromjon maxorkasini o‘t oldirib bo‘lgach, (Ikromjon yoki boshqa kimdir) javob berdi.
Ravishdosh shakllarining paradigmatik munosabati quyidagicha:
«Fe’lni fe’lga bog‘lash» umumiy sintaktik vazifasi bilan birlashuvchi ravishdosh shakllari «hokim fe’ldan anglashilgan harakatning sodir bo‘lish paytini ifodalash» belgisi ostida ajraladi. -a/y, -(i)b,-gancha, -may/masdan, -gani shakllarida bu belgi majhul. -gach, -guncha, -ganda shakllarida esa ifodalangan.
-a/y, -(i)b, -gancha, -may/masdan, -gani shakllarining «ravishdosh va u bog‘langan hokim fe’l ifodalagan harakatlarning bir vaqtdaligini ko‘rsatish» belgisiga munosabati turlicha. Mazkur belgi -gancha, -a/y shakllarida ifodalangan. Chunki bu shaklli ravishdosh va undan keyingi hokim fe’l anglatgan harakatlar bir vaqtda ro‘y beradi: kutgancha o‘tirardi, kuta-kuta charchadi kabi. -gani shaklli ravishdosh va u bog‘langan fe’l anglatgan harakat turli vaqtda ro‘y beradi: ko‘rgani keldi, aytgani ketdi kabi. Shuning uchun ular mazkur belgiga salbiy munosabatda deyiladi. -(i)b, -may/masdan shakllarida belgi yuzaga chiqishi ham, chiqmasligi ham mumkin. Qiyoslang: shoshilib gapirdi, shoshilmasdan gapirdi (harakatlar bir vaqtda yuz bergan), o‘qib javob berdi, o‘qimasdan javob berdi (avval o‘qish, keyin javob berish harakati yuz bergan). Bu hol ushbu shakllarning mazkur belgiga majhul, noaniq munosabatda ekanligini ko‘rsatadi.
-a/y, -gancha shakllari «ravishdosh ifodalagan harakatning takroriy emasligi» belgisi bilan farqlanadi. Bu belgiga munosabat -gancha shaklida ijobiy va -a/y shaklida majhul. Bu quyidagilar bilan izohlanadi. O‘qigancha kelardi birikuvida ravishdosh ifodalagan harakat takror-takror yuz bermaydi. Кelisopni qo‘ya chopdi birikuvida -a/y shakli bir martalik harakatni ifodalaydi. O‘qiy-o‘qiy charchadi birikuvida esa ravishdosh ifodalagan harakat takrorlanuvchi, davomiy. -a/y shaklli ravishdosh, odatda, takror qo‘llanadi, ba’zan takror bo‘lmagan holda ishlatilishi mumkin.
-gach, -guncha, -ganda shakllari o‘zaro «harakatning chegarasini ifodalash» belgisi bilan farqlanadi. -gach shaklli ravishdosh ifodalagan harakat hokim fe’l ifodalagan harakatdan oldin yuz beradi: borgach, aytaman. -guncha shaklli ravishdosh ifodalagan harakat hokim fe’l ifodalagan harakatdan keyin yuz beradi: borguncha aytaman. -ganda shaklli ravishdosh ifodalagan harakat bilan hokim fe’l ifodalagan harakat bir paytda yuz beradi: ko‘rganda ko‘rishguncha.
Ravishdosh shakllarining tavsiflangan alohida ma’nolari uning UGMsi tarkibidagi yondosh ma’no hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |