Grammatik va leksik ma’no munosabati. Bolalar qiziqarli kitobni o‘qiydilar gapini olaylik. Aytilganidek, mustaqil so‘z o‘zida bir vaqtda leksika va grammatikani birlashtiradi. Bolalar so‘zida ikki xil ma’no anglashilib turadi:
a) lug‘aviy ma’no («odam jinsiga mansub bo‘lgan, yosh jihatdan voyaga yetmagan shaxs yoki voyaga yetgan kishining farzandi, avlodi»);
b) turdosh ot, ko‘plik son, bosh kelishik, ega vazifasida. Bu so‘z leksik va grammatik ma’noni o‘zida mujassamlashtirgan. Shuning uchun so‘zlar grammatik va leksik birlik sifatida so‘z turkumlariga guruhlanadi. Bunda guruhlash, avvalo, leksik asosda, ya’ni ularning lug‘aviy ma’nosiga asoslangan holda amalga oshiriladi, guruhlashning yuqori bosqichida u grammatik xarakter kasb etadi. Masalan, o‘qituvchi, doktor, ishchi, injener otlari bir butun holda «kasb oti» lug‘aviy guruhini tashkil etadi va birlashish leksik asosda. Chunki bu so‘zlar boshqa guruh otlaridan farqli o‘ziga xos, qandaydir ayricha grammatik xususiyatga ega emas. Lekin bu otlarning boshqa tur otlari bilan birlashib hosil qilgan katta guruhi, deylik, turdosh otlar atoqli otlardan farqli grammatik xususiyatga ega. Masalan, turdosh ot birlik va ko‘plikda qo‘llanadi, atoqli ot esa asosan birlikda qo‘llanadi. Shuning uchun otning atoqli va turdosh otga ajratilishi grammatik ahamiyatga ega. Deylik, narsa-buyum otlari va o‘simlik oti orasida grammatik farqlar bo‘lmaganligi sababli bu bo‘linish leksik tabiatli. Chunki bu ikki guruhga kiruvchi so‘zlar turlanish, son, tuslanish va boshqa grammatik omilga bir xil munosabatda.
So‘z grammatik birlik sifatida morfologik ma’no tizimiga ega. Shunga ko‘ra, grammatik ma’noni quyidagi turga bo‘lish mumkin:
a) ma’lum bir turkumga kiruvchi so‘zning ular qaysi morfologik shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, barchasi uchun birday tegishli bo‘lgan grammatik ma’no (masalan, otlarda predmetlik, sifatlarda belgilik, fe’llarda jarayonlilik );
b) bir turkumdagi biror guruhning qanday grammatik shaklda bo‘lishidan qat’i nazar barcha so‘zlariga xos bo‘lgan grammatik ma’no (masalan, ozaytirma daraja sifatning faqat rang bildiruvchi turlariga xos);
d) biror turkumdagi ma’lum bir so‘zning ma’lum bir shakldagi turigagina xos bo‘lgan grammatik ma’no (masalan, o‘zlik olmoshiga kelishik qo‘shimchasi faqat egalik qo‘shimchasidan keyin qo‘shiladi, olmoshning boshqa turlarida bunday hol kuzatilmaydi, yoki -yap qo‘shimchali aniq hozirgi zamon shakli III shaxsda -di shakli bilangina voqelana oladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |