43-§. Grammatik ma’no va grammatik shakl. grammatik kategoriya. Ma’lumki, grammatik ma’no ifodalashning turli vositasi mavjud. Masalan, fonetik, leksik, morfologik va sintaktik vosita shular jumlasidan. Demak, grammatik ma’noni faqat so‘z yoki so‘zshaklga nisbat berish ma’qul emas. Nutqni shakllantiruvchi barcha lisoniy birlik grammatik ahamiyat kasb etishi mumkin.
Grammatik ma’no deganda til (fonetik, leksik, morfologik va sintaktik) birliklarning nutqni shakllantiruvchi umumlashma abstrakt ma’nolari tushuniladi. Ta’rifni qisqacha sharhlaymiz. Кo‘rinadiki, ta’rifda uch muhim unsur mavjud. Ular quyidagilar:
a) grammatik ma’noning barcha til birliklariga xosligi;
b) bevosita (!) nutqni shakllantirishi;
d) umumlashma va abstraktligi.
Кeyingi mavzularning birida grammatik ma’no ifodalash usullari haqida fikr yuritganda grammatik ma’no ifodalashning barcha til birliklariga xosligini anglab yetasiz.
Grammatik ma’noning bevosita nutqni shakllantirishi deganda shuni tushunish lozimki, lisoniy birlik grammatik ma’nodan xoli qilinsa, u nutq uchun tayyor bo‘lmay qoladi. Masalan, bola leksemasining lug‘aviy ma’nosi nutqqa grammatik ma’no vositasida kiradi. Uning kelishik, son, subyektiv baho, hokim yoki tobe uzvlik, qaysi gap bo‘lagi ekanligi kabi grammatik ma’nolari lisoniy sathda yo‘q. Demak, leksema lug‘aviy ma’nosi ustiga ana shu grammatik ma’no qavatlansa, u nutq tarkibiga kira oladi.
Grammatik ma’no umumlashma tabiatga ega deganda uning juda ko‘p lisoniy birliklarga birday tegishli, umumiy ekanligi nazarda tutiladi. Masalan, «ot», «sifat», «son» grammatik ma’nosi juda katta miqdordagi so‘zlar uchun umumiy. Lug‘aviy ma’no (semema) har bir leksemada o‘ziga xos va yakka, xususiy bo‘lsa, grammatik ma’no bir turdagi juda ko‘p leksema uchun umumiy. Yoki WPm – kesimlik ko‘rsatkichlari bilan shakllangan atov birligi sintaktik qolipining o‘ng tomoni uning grammatik ma’nosi bo‘lib, u chap, ya’ni shakliy tomoni bilan birgalikda o‘zbek tilidagi barcha nutqiy gap uchun umumiy.
Grammatik ma’noning abstraktligi deganda uning bevosita kuzatishda berilmaganligi nazarda tutiladi. Masalan, hozirgina keltirilgan WPm – kesimlik ko‘rsatkichi bilan shakllangan atov birligi sintaktik qolipining grammatik ma’nosi ko‘zga tashlanib turgan til birliklari zamiriga yashiringan.
Grammatik ma’no morfologik sathda so‘zlarning umumiy ma’nosi bo‘lgan so‘z turkumlari (masalan, otlarda umumiy predmetlik, fe’llardagi jarayonlilik), shuningdek, har bir so‘zshaklning ma’lum bir morfologik kategoriya doirasida qarama-qarshi qo‘yiluvchi ma’nosi (masalan, zamon, shaxs-son, egalik, kelishik) sifatida yuzaga chiqsa, sintaksis doirasida predikativlik, so‘z birikmasidagi hokim va tobe uzvlarning, gap bo‘laklarining bir-biriga o‘zaro munosabati sifatida namoyon bo‘ladi. Кeng ma’noda so‘z yasalish hodisasi ham grammatik ma’noga daxldor. Chunki yasalish natijasida so‘zning turkumlardagi o‘rni o‘zgarib ketadi. Bu esa ularning yangi grammatik tabiat kasb etganligini ko‘rsatadi. Masalan, aql so‘zi «ot», «mavhum ot» grammatik ma’nolariga ega. Undan -li so‘z yasovchi shakli vositasida sifat yasalishi bilan, albatta, grammatik ma’noda ham katta o‘zgarish yuz berdi. Кo‘rinadiki, birorta lisoniy birlik (bir planli bo‘lgan fonetik birliklardan tashqari) grammatik ma’nodan xoli bo‘lolmaydi. Faqat mustaqil leksemadagina lug‘aviy va grammatik ma’no dialektik bog‘liqlikda bo‘ladi. Sintaktik qolip, yordamchi leksema va grammatik shaklda faqat grammatik ma’no mavjud.
Grammatik ma’no grammatik shakllanmagan leksemaning lisoniy mohiyatida mavjud bo‘lishi ham, grammatik shakl yoki grammatik qolip yordamida ifodalanishi ham mumkin. Masalan, kitoblar so‘zshaklining «turdosh ot» grammatik ma’nosi boshqa barcha turdosh otda bo‘lgani kabi uning mohiyatida mavjud, «ko‘plik» ma’nosi esa ma’lum bir shakl -lar yordamida ifodalangan. Кitobni o‘qimoq birikuvidagi kitob so‘zining «tobe uzv» grammatik ma’nosi unga lisoniy sintaktik qolip asosida «yopishtirilgan».
Do'stlaringiz bilan baham: |