UGMni ochish yo‘llari. UGM nutqiy ma’no bo‘lgan XGMlarni bosqichli umumlashtirish orqali ochiladi. Bunda XGMdagi o‘zi mansub UGMga tegishli bo‘lmagan barcha begona tajallilar idrokiy yo‘l bilan e’tibordan soqit qilinadi. Quyida -moqda hozirgi zamon davom fe’li shakli va umuman zamon kategoriyasining UGMsini bosqichli tiklash namunasini beramiz.
1-bosqichda -moqda shaklining turli matniy va uslubiy hollarda qo‘llanishini tahlil etish asosida bu shaklning nutqiy, matniy ma’no turlari, ya’ni XGMlari aniqlanadi. Shakl XGMlariga misollar keltiramiz: 1. Suv egatlarda jildirab oqmoqda. 2. Umr o‘tmoqdadir. 3. Zamin aylanmoqda mag‘rur tebranib. Shakl 1-misolda «ish-harakat nutq paytida davom etayotganligining badiiy uslub nasriy turiga xos obrazli ifodasi», 2-misolda «ish-harakat nutq paytida davom etayotganligining badiiy uslub lirik turiga xos ko‘tarinki ifodasi», 3-misolda «ish-harakat nutq paytida davom etayotganligining badiiy uslub lirik turiga xos tantanavor ifodasi» XGMlarini voqelantirgan. Misollarni davom ettirsak, XGMlar soni yana ortib boradi. Biroq umumlashtirish uchun ushbu XGMlar etarli. Ular orasidagi umumiylik «ish-harakat nutq paytida davom etayotganligining ifodasi» bo‘lib, XGMlarning qolgan unsurlari farqlar (1-misolda «badiiy uslub nasriy turiga xos obrazli ifodasi», 2-misolda «badiiy uslub lirik turiga xos ko‘tarinki ifodasi», 3-misolda esa «badiiy uslub lirik turiga xos tantanavor ifodasi»). Farqlar e’tibordan soqit qilinib, ulardagi bir xillik (umumiylik)lar ajratib olinadi. Farq shu bosqich uchun qiymatga ega bo‘lsa, bir xillik yuqori bosqich qiyoslashlari uchun ahamiyat kasb etadi.
2-bosqichda -moqda qo‘shimchali zamon shakli birinchi bosqich xulosalari asosida –(a)y qo‘shimchali hozirgi-kelasi zamon, -yap qo‘shimchali aniq hozirgi zamon, -yotir qo‘shimchali hozirgi zamon shakli kabi barcha hozirgi zamon turlari bilan munosabatlarda ko‘rilib, shu asosda -moqda, -yotir, -yap, -(a)y qo‘shimchali hozirgi zamon shakllarining mohiyati – UGMlari ochiladi. Кeyingi bosqich uchun farqlar e’tibordan soqit qilinib, ulardagi bir xillik (umumiylik)lar ajratib olinadi. Bu bir xilliklargina keyingi bosqich qiyoslashlari uchun ahamiyatli bo‘ladi.
3-bosqichda avvalgi bosqich xulosalari asosida hozirgi zamon shakllari umumiylik sifatida olinib, uning kelasi zamon shakllari umumiyligi bilan aloqa-munosabatlari, o‘xshash va farqli jihatlari oydinlashtiriladi. Joriy bosqich uchun ulardagi farqlar, keyingi bosqich uchun bir xillik (umumiylik)lar ahamiyatli bo‘ladi.
4-bosqichda oldingi bosqich xulosalari asosida «sodir bo‘lmagan va bo‘layotgan harakat-holat»ni ifodalovchi o‘tgan zamon shakli bilan munosabatlari tekshirilib, hozirgi-kelasi va o‘tgan zamon shakllarining UGMsi ochiladi.
5-bosqichda 4-bosqich xulosalari asosida hozirgi, kelasi va o‘tgan zamon shakllari ma’noviy xususiyatlari bilan munosabat-larini aniqlash asosida zamon va mayl kategoriyalarining UGMlari tiklanadi.
Xususiylikdan umumiylikka qarab yo‘naltirilgan bu tadqiq jarayonida har bir bosqichga o‘tish bilan xususiyliklarning zamiridagi UGMga chuqurlashib boriladi. Chunki -moqda qo‘shimchali zamon shaklining nutqiy voqelanishlarida zamon kategoriyasi UGMsiga xos hozirgi-kelasi zamon shakli UGMsi ko‘rinishining hozirgi zamon UGMsi ko‘rinishchasiga mansub turining bevosita kuzatishda berilishini ko‘ramiz va bu XGMlarda barcha oldingi bosqichlar UGMlari zarralari mavjud bo‘ladi. Shuning uchun -moqda qo‘shimchali zamon shaklining ziddiyatlari va UGMsi faqat 2-bosqichdagina ochilishi mumkin. 3-bosqichda -moqda va -(a)y, -yap- qo‘shimchali zamon shakllari mustaqil til birliklari sifatida emas, balki hozirgi zamon shaklining variantlari sifatida yuzaga chiqadi. Bu pog‘ona qancha yuqorilasa, xususiy ko‘rinishlar shunchalik katta guruhlarga birlashib, o‘z mustaqilliklarini yo‘qotib, umumlashib boraveradi. Shu boisdan grammatik shakllarning ma’noviy xususiyatlari haqida gapirganda tekshirish qaysi bosqichda olib borilayotganligi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |