11-mavzu Ommaviy (davlat) mulki va umumiy mulk huquqi
1. Ommaviy (davlat) mulki huquqi tushunchasi va manbalari.
2. Ommaviy mulk turlari.
3. Umumiy mulk huquqi tushunchasi va turlari.
4. Umumiy mulk huquqining rejimi.
5. Umumiy mulkdan ulush ajratish va uni taqsimlash.
6. Imtiyozli sotib olish huquqi
1. Ommaviy (davlat) mulki huquqi tushunchasi va manbalari
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarida davlat (ya’ni ommaviy-huquqiy tuzilma) yuridik shaxslar va fuqarolar bilan birgalikda an’anaviy tarzda alohida, mustaqil huquq subyekti boʻlib chiqadi. Davlat, nafaqat ommaviy munosabatlarning ishtirokchisi sifatida, balki, ommaviy mulkdan foydalangan holda, oʻz ixtiyorida xoʻjalik yuritish subyekti boʻlish imkoniyatini saqlaydi.
Ommaviy mulkka nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi FKning 213-moddasining qoʻllangan taqdirida, mazkur moddaning normalari ommaviy mulk subyektlarining koʻp sonliligi toʻgʻrisidagi qoidani mustahkamlaydi va mazkur mulk subyektlari sifatida bevosita Oʻzbekiston Respublikasi (respublika mulkini tashkil etuvchi mulkka nisbatan) va uning ma’muriy-hududiy tuzilmalari (munitsipal tuman, shahar mulkini tashkil etuvchi mulkka nisbatan) chiqadilar. Ular mulkiy muomalada tegishli davlat tuzilmasi nomidan chiqadilar, hamda oʻzlarining mutasaddiligiga muvofiq tarzda ommaviy mulkdorning u yoki bu vakolatlarini amalga oshiradilar. Davlat mulki tarkibida mavjud mulk ikki qismga boʻlinadi. Uning bir qismi xoʻjalikni yuritish yoki operativ boshqaruvning cheklangan, lekin toʻla darajali mustaqil ashyoviy huquqlari asosida davlat yuridik shaxslariga, korxonalarga va muassasalarga biriktiriladi. Bu “taqsimlangan davlat mulki” deb nomlangan mulk mazkur tashkilotlarning mustaqil yuridik shaxslar sifatida muomalada boʻlishi uchun asos boʻlib xizmat qiladi. U davlatning majburiyatlari va qarzlarini qoplashni ta’minlash uchun xizmat qila olmaydi, chunki korxonalar va muassasalar, yuridik shaxslar sifatida yuridik shaxsning faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan davlat qarzlari boʻyicha oʻz mol-mulki bilan javob bermaydilar. Mazkur mulk bilan ular oʻz kreditorlari oldida oʻz qarzlari boʻyicha javob beradilar. Ommaviy mulkning ikkinchi tarkibiy qismi – bu davlat korxonalariga va muassasalariga biriktirilmagan mulk yoki “taqsimlanmagan” deb atalmish davlat mulkidir. Bu eng avval, tegishli budjetning mablagʻlari, oltin zahirasi, valyuta jamgʻarmasi va boshqa har xil davlat jamgʻarmalaridir. Bu mulk mulkdor davlatning majburiyatlari boʻyicha uning kreditorlari tomonidan undirish obyektiga aylanishi mumkin boʻlgan mol-mulkdir.
Ommaviy mulk subyektlari – bu umuman olganda Oʻzbekiston Respublikasi (respublika mulki) yoki tegishli ma’muriy–hududiy tuzilmalar (munitsipal mulk)dir. Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi FK ommaviy mulki obyektlarining doirasini cheklanmaganligini unutmaslik kerak. Uning tarkibida har qanday mol-mulk mavjud boʻlishi mumkin. Munitsipal mulk obyektlarining doirasi birmuncha torroq. Uning tarkibiga, xususan, respublika mutloq mulki obyektlari kirishi mumkin emas.
Huquqni belgilash yoʻsinida respublika va munitsipal ommaviy mulkini chegaralash masalasi hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida respublika va munitsipal ommaviy mulki obyektlarini chegaralashning har tomonlama tartibini belgilaydigan maxsus hujjat mavjud emas. Mazkur me’yoriy-huquqiy hujjatning mavjud boʻlmaganligi sababli umumiy va turdosh masalalarni tartibga soluvchi hujjat lardan foydalanish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |