3.Xalqaro huquqda ko‘chirilgan shaxslar Ko‘chirilgan shaxslar — ikkinchi jahon urushi davrida gitlerchilar tomonidan bosib olingan hududlardan majburiy tarzda ko‘chirib ketilgan shaxslardir.
Sobiq Sovet Ittifoqi qator davlatlar bilan sovet fuqarolaridan iborat ko‘chirib ketilgan shaxslarni repatriatsiya qilish to‘g‘risida bitim tuzgan. 1951 yildagi Qochoqlar maqomi to‘g‘risidagi Konvensiyada «ko‘chirilgan shaxslar» atamasi uchramaydi.
So‘nggi yillarda KBKB amaliyotida ayrim «ichki» qochoqlar kategoriyasiga, ya’ni o‘z mamlakatining biron-bir qismidan ixtiyoriga qarshi tashlab ketib boshqa bir qismida yashayotgan shaxslarga nisbatan qo‘llash tendensiyasi ko‘zga tashlanadi. Ba’zan ularni «majburiy ko‘chirilganlar» deb ataladi.
Chet el fuqarolarining huquqiy maqomi Chet elliklarning ikki tushunchasi mavjud.
Ulardan biri umumiy nazariy ahamiyatga ega. Chet ellik — har qanday davlat hududida turgan, ushbu davlat fuqaroligiga ega bo‘lmagan va boshqa davlat fuqaroligiga mansub bo‘lgan shaxs.
Ikkinchi tushuncha odatda ichki davlat huquqida uchraydi. Bu muayyan amaliy va ichki ahamiyat kasb etadi, chunki u yoki bu davlatda qanday shaxslar chet ellik deb hisoblanishini belgilaydi.
Ikkinchi turdagi tushunchaning ta’rifi quyidagicha: chet el fuqarosi sifatida kelgan davlatining fuqarosi bo‘lmagan, boshqa davlat fuqaroligiga mansubligi to‘g‘risida isbotga ega bo‘lgan shaxslar chet el fuqarolari deb tan olinadi.
«Chet ellik» atamasi o‘rniga «chet el fuqarosi» atamasining qo‘llanishi to‘g‘riroqdir, chunki ko‘pgina davlatlarning qonunchiligida «chet ellik» atamasi kengrok ma’noda qo‘llaniladi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ham qamrab oladi.
Chet ellik fuqaroligiga ega bo‘lgan davlatning diplomatik himoyasidan foydalanishga haqli.
Garchi chet ellik boshqa davlat hududida qonunga zid ravishda kelgan bo‘lsa, unda mazkur davlat ushbu chet el fuqarosini g‘ayriqonuniy ravishda davlat hududiga kirgani uchun javobgarlikka tortishi va hududidan majburan chiqarib yuborishi mumkin.
Milliy rejim chet elliklarni u yoki bu sohada o‘z fuqarolari bilan tenglashtirilishini anglatadi.
Chet elliklarning quyidagi rejimlari mavjud:
birinchi rejim: birmuncha yaxshiroq rejim bo‘lib, ushbu davlat hududidagi eng maqbul huquqiy holatda bo‘lgan har qanday uchinchi davlat fuqarosi uchun nazarda tutilgani singari chet elliklarga biron-bir sohada shunday huquqlar berish va majburiyatlar o‘rnatishni bildiradi.
ikkinchisi: maxsus rejim bo‘lib, u chet elliklarga biron-bir sohada shunday huquqlar berish va majburiyatlar o‘rnatishni bildiradiki, bunda o‘z fuqarolari uchun belgilangan tartibdan birmuncha farq qiladi (masalan, chegara oldi tumanlarida yashovchi fuqarolar uchun chegaradan o‘tishning soddalashtirilgan tartibini o‘rnatish).
Maxsus rejim salbiy xarakterda, ya’ni faqat chet elliklar uchun belgilangan huquqiy cheklashlar majmuidan iborat bo‘lishi ham mumkin.
Chet elliklarning huquqiy holati odatda chet elliklarning ushbu davlat hududidagi huquq va majburiyatlarining majmuini bildiradi.
Xalqaro huquq nuqtai nazaridan chet ellik fuqaro holatining murakkabligi shundaki, u qandaydir ikki tomonlama — hududiy jihatdan qaysi davlatda turgan bo‘lsa, o‘sha davlatning huquqiy tartibot qoidalariga bo‘ysunadi va bir vaqtning o‘zida shaxsiy jihatdan fuqaroligiga mansub bo‘lgan davlatning qonunlariga bo‘ysunadi. Bu borada, agar o‘z davlati qonunchiligi bilan hududida turgan davlatning qonunchiligida qandaydir ziddiyatlar bo‘lsa, ma’lum qiyinchiliklar vujudga kelishi ham mumkin. Bunday holatda ko‘rsatib o‘tilgan asoslarning raqobati yuzaga keladi.
Chet ellik (o‘z davlatining qonunlarida nazarda tutilgan) huquqlaridan foydalanishi va majburiyatlarini bajarishi mumkin, faqat hududida turgan davlatning suverenitetiga, uning xavfsizligiga zid kelmaydigan darajada yo‘l qo‘yilishi mumkin. Boshqa tomondan davlat chet elliklar rejimini o‘rnatishda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va me’yorlarini buzmasligi lozim.
Xalqaro huquqning chet elliklar rejimiga qiladigan ta’sirining eng muhim jihatlari:
birinchidan, chet elliklarning siyosiy huquqlarida;
ikkinchidan, chet elliklarning harbiy xizmatida;
uchinchidan, chet elliklarning kelishi va ketishini tartibga solishda
to‘rtinchidan, chet elliklarga nisbatan davlatning jinoiy yurisdiksiyasining chegarasini belgilashda;
beshinchidan, diplomatik himoyada ko‘rinadi.
Ba’zan chet elliklar boshqa davlat hududida qanday darajada siyosiy huquqlardan foydalanishi mumkin, degan savol tug‘iladi. Bu o‘rinda so‘z avvalo saylov huquqi xususida boradi: odatda chet elliklar bunday huquqlardan foydalana olmaydilar.
Boshqa siyosiy huquqlarga kelsak, uning darajasi o‘sha davlatning qonunlari bilan belgilanadi.
Chet elliklar harbiy majburiyatga ega bo‘lmaydilar, aks holda bu xalqaro huquqning buzilishiga olib keladi. Bunda chet ellik o‘z ixtiyoriga xilof ravishda o‘z yurtiga qarshi qurol ko‘tarishi mumkin bo‘lgan vaziyatga tushib qolishi mumkinligidan kelib chiqiladi. Bundan tashqari ayrim toifadagi chet elliklarni majburiy harbiy xizmatga jalb qilish manfaatdor davlatlarning e’tirozini bildirmaydigan holatlar ham uchrab turadi.
Chet el armiyasida o‘z ixtiyori bilan xizmat qilish xalqaro huquqqa xilof emas. To‘g‘ri, ayrim paytlarda chet el armiyasida xizmat qilgan fuqarolar o‘z davlati tomonidan javobgarlikka tortilishi mumkin.