5. O‘zaro ekologik konsultatsiyalash – bu yuzaga kelgan ekologik inqiroz holatini keng yoyilishini oldini olish va uni bartaraf qilishning xalqaro strategik maqsad va taktik vazifalarini aniqlab olish, unga qarshi kurashishning chora-tadbirlar ko‘lami va yo‘llarini aniqlashtirishga imkon beradi.
6. Xalqaro miqyosda ekologik axborotni erkin almashinish tamoyili – davlat atrof tabiiy muhit holatini kuzatib borish xizmati tabiiy muhitda sodir bo‘layotgan fizik, kimyoviy va biologik jarayonlarni, atmosfera havosi, tuproq, barcha yer usti va yer osti suvlarining ifloslanish darajasini, ifloslanishning o‘simlik va hayvonot dunyosiga salbiy ta’siri oqibatlarini kuzatib borish, aholini atrof-muhitda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida joriy va ishonchli axborotlar va atrof-muhit holatiga doir taxminlar bilan ta’minlash maqsadida tashkil etiladi.
7. Favqulodda ekologik vaziyat holatida davlatlarning bir-birlariga o‘zaro yordam ko‘rsatishi – davlatlarning o‘zaro munosabatlari asosida favqulodda ekologiya vaziyati va ekologiya ofati mintaqalarida shu vaziyatni keltirib chiqargan ishlar to‘xtatilib qo‘yiladi, atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir etuvchi faoliyat (aholiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyat bundan mustasno) taqiqlanadi, tabiiy muhitni tiklash va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari ko‘riladi.
8. Xalqaro ekologiya huquqiy kelishmovchilik va nizolarni tinch yo‘llar bilan hal etish – xalqaro miqyosda xalqaro huquq subyektlari orasida kelib chiqadigan ekologik huquqiy nizolarni, davlatlarning o‘zaro kelishuviga asosan tuzilgan bitim yoki shartnoma asosida tinch yo‘l bilan hal etiladi. Zamon talabi har qanday salbiy jarayonlarni diplomatik vositalar orqali hal qilish va davlatlarning butun kuchini har qanday urushlarga emas, balki insonlarga xavf solayotgan ekologik inqirozlarga sarf qilishlarini da’vat qiladi.
Ma’lumki, Orol dengizi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish borasidagi jahon hamjamiyatning sa’y-harakatlarini safarbar qilish hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishni takomillashtirish va ekologik falokatning ta’sirini kamaytirish maqsadida 2014-yilning 28–29-oktabr kunlari Urganch shahrida “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Xalqaro konferensiya yakunigalariga binoan milliy va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida umumiy miqdori 3 mlrd. AQSH dollarni tashkil qilgan kelishuv va shartnomalar imzolangan. Mazkur mablag‘ning 200 mln. AQSH dollariga teng miqdorini grant mablag‘lar tashkil qilmoqda.
Bundan tashqari, tabiiy resurslardan foydalanish quyidagi prinsiplar asosida tartibga solinadi:
• biologik resurslar faqatgina ularning tiklanishga bo‘lgan tabiiy imkoniyatidan kelib chiqqan holda foydalaniladi;
• tuproqlarning mahsuldorligi ularning uzoq muddatga mo‘ljallangan hosildorligini saqlash choralari tufayli yaxshilanadi va saqlanadi;
• ko‘p marotaba foydalaniladigan resurslar, shu bilan birga suvlar takroran yoki qayta ishlatiladi;
• qayta tiklanmaydigan bir marotaba ishlatiladigan resurslar ularning zaxirasi, qayta ishlanish samarali imkoniyatlarini hisobga olgan holda tegishli me’yorda ishlatiladi v.b.
Shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro prinsiplar bilan bir qatorda odat normalari ham muhim ahamiyatga ega. Ushbu normalar xalqaro huquqning muhim tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘lib, ayni vaqtda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni ham tartibga solib kelmoqda.
Bu turkum prinsiplarga quyidagilarni kiritish mumkin, ya’ni:
• yaqin qo‘shnichilik;
• o‘zaro hamkorlik;
• ziyon yetkazmaslik va boshqalar.
Ushbu prinsiplarga amal qilgan holda har bir mustaqil davlat o‘zining yurisdiksiyasi doirasidan chiqmagan holda o‘ziga tegishli tabiat boyliklardan shu tarzda foydalanishi lozimki, unda boshqa qo‘shni davlatlar zarar ko‘rmasliklari lozim. Bu prinsiplar buzilgan holda esa xalqaro huquqning maxsus prinsiplari amal qiladi, ya’ni boshqa davlat huquqini buzganligi uchun tegishli javobgarlik vujudga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |