2.2. Zararning o’rnini qoplash usullari.
Sud zararni qoplash to’g’risidagi talabni qanoatlantirar ekan, ish holatlariga muvofiq ravishda, yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxsga zararni aslicha qoplash (o’shanday turdagi va sifatdagi ashyoni taqdim etish, shikastlangan ashyoni tuzatish va hokazo) yoki yetkazilgan zararni to’lash majburiyatini yuklaydi.
Zarar hajmi, zaraning yetkazilishi tufayli vujudga kelgan barcha ziyonlarni, chunonchi, nobud qilingan ashyolarning qiymatini yoyinki, bahosining kamayishi summasining, sog’liqqa shikast yetkazilishi yoki o’lim tufayli yo’qotilgan ish haqi miqdorini, sog’liqqa shikast yetkazilganligi tufayli qilingan xarajatlarni (Kodeksning 1006, 1007-moddalari) o’z ichiga oladi.
Zararning xarakteri va hajmi uning to’latilishi usuli bilan bog’liq bo’lganligi tufayli muayyan huquqiy ahamiyatga egadir. Zarar mol-mulkga nisbatan yetkazilganda uni aslicha (o’shanday turdagi va sifatdagi ashyoni taqdim etish, shikastlangan ashyoni tuzatish, ta’mirlash va hokazo) tarzda qoplanishi bo’lish- bo’lmasligi aniqlanadi. Aslicha tarzda qoplash mumkin bo’lmaganida yetkazilgan zarar Kodeksning ushbu moddasi va 985-moddasida ko’rsatilganidek to’la hajmda undiriladi. Amaliyotda ko’proq ikkinchi usul qo’llaniladi.
Zarar mol-mulkga yetkazilgan bo’lganida uni aslicha tarizda yoki pul summasida undirish uchun ashyolarning xususiyatlariga e’tibor berish zarur (Kodeksning 86-91- moddalari). Masalan xususiy alomatlari bilan belgilanadigan ashyolarni boshqa ashyo bilan almashtirb bo’lmaydi20.
Zarar miqdori jabrlanuvchiga to’lanadigan haqdan iborat bo’lib, zarar hajmiga muvofiq kelishi kerak. Ammo ba’zi hollarda chunonchi, jabrlangan shaxsning aybi bo’lganida va zarar yetkazgan fuqaroning mulkiy ahvoli nazarga olinganda to’lanadigan zarar haqi yetkazilgan zarar hajmiga to’g’ri kelmasligi ham mumkin. Zarar uchun to’lanadigan haq umumiy qoidaga muvofiq sudning qarori qabul qilingan kundagi narx bilan belgilanadi.
FK bunday zararlar to‘liq hajmda qoplanishini alohida ta’kidlaydi (FKning 991-modasi) va bu vaziyatda ma’naviy zarar to‘lanishini ham belgilaydi (FKning 1021-moddasi)21. Delikt majburiyatlarining mazkur turida yetkazilgan zararlarni qoplashda quyidagilarga e’tibor qaratish lozim:
- jabrlanuvchiga yo‘qotilgan ish haqi va boshqa daromadlar, pensiya va nafaqalar uchun tovon to‘lanishini;
- musodara qilingan, olib qo‘yilgan va xatlangan mol-mulkni qaytarishni;
- jabrlanuvchi tomonidan to‘langan jarimalar va sud to‘lovlari, shuningdek huquqiy xizmat uchun to‘langan summalar qaytarilishini;
- jabrlanuvchining boshqa ziyonlari (yo‘qotilgan uy-joy yoki boshqa mol-mulk olinmagan foyda) ni qoplash. Delikt majburiyatlari uchun umuman fuqarolik-huquqiy javobgarlik uchun yetkazilgan zararni qoplash usullari muhim ahamiyat kasb etadi. Birinchi navbatda yetkazilgan zararni qoplash usullarini belgilash jabrlanuvchini qaysidir ma’noda «yupanch» vazifasini bajaradi. Chunki, aynan zararni qoplash usullarini tanlash orqali jabrlanuvchi qaysidir ma’noda o‘zi uchun adolat qaror topishini, o‘zi tanlagan asoslarda haqiqat qaror topayotganligini anglash mumkin.
Ta’kidlash lozimki, zararni qoplash usullarini belgilash fuqarolik-huquiy javobgarlikning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Zero, yuridik javobgarlikning boshqa turlarida jabrlanuvchi huquqbuzarga nisbatan javobgarlikning u yoki bu chorasini belgilash huquqiga ega bo‘lmaydi. Fuqarolik-huquqiy javobgarlikda jabrlanuvchiga nisbatan bunday imkoniyatning berilishi fuqarolik-huquqiy javobgarlikning mulkiy ko‘rinishda bo‘lishi va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish ham sub’ektiv fuqarolik huquqi ekanligi bilan belgilanadi.
FKning 1003-moddasiga muvofiq, sud zararni qoplash to‘g‘risidagi talabni qanoatlantirar ekan, ish holatlariga muvofiq ravishda, yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxsga zararni aslicha qoplash (o‘shanday turdagi va sifatdagi ashyoni taqdim etish, shikastlangan ashyoni tuzatish va hokazo) yoki yetkazilgan zararni to‘lash majburiyatini yuklaydi.
Yetkazilgan zararni qoplash usullari FKning 1003 moddasida ikkiga bo‘linadi:
- zararni aslicha qoplash;
- yetkazilgan zararni to‘lash.
Umumiy ma’noda sud zararni qoplash to‘g‘risidagi talabni qondirishda zarar miqdorini pul summasi ko‘rinishida belgilashi ham mumkin. Biroq, ish holatlariga ko‘ra huquqbuzarning huquqqa xilof harakati natijasida jabrlanuvchiga tegishli mol-mulk shikastlangan bo‘lsa yoki uning mol-mulki nobud bo‘lgan bo‘lsa, jabrlanuvchi shikastlangan mol-mulk huquqbuzar hisobidan tuzatilishini yoki nobud bo‘lgan mol-mulk o‘rniga aynan shunday ashyoni taqdim etishni talab etishga haqli bo‘ladi. Bunday vaziyatda huquqbuzar ashyoni natura holida taqdim etishni rad etishga haqli bo‘lmaydi22.
Yetkazilgan zararni to‘lashda esa, huquqbuzar FKning 14-moddasiga muvofiq, haqiqiy zarar, boy berilgan foyda va ma’naviy zararni to‘lashi lozim bo‘ladi. Bunday zararlar jumlasiga mol-mulkning shikastlanishi yoki fuqaroning sog‘lig‘i va hayotiga yetkazilgan zarar, fuqaroning ish haqi, fuqarolik-huquqiy shartnomalardan oladigan daromadlari, mualliflik haqi va boshqa daromadalari ham kiradi.
Fuqaroning sog‘lig‘iga zarar yoki shikast yetkazilishi natijasidagi mulkiy yo‘qotish bo‘lib mehnat qobiliyatini qisman yoxud to‘la yo‘qotishi oqibatida oylik ish haqini (daromad) ololmasligi, sog‘lig‘ini tiklash uchun qiladigan yoxud qilgan xarajati tushuniladi.
Ololmay qolgan daromad yoxud oylik ish haqi ko‘rinishidagi zarar ikki omilga ko‘ra aniqlanadi: 1) zarar yetgunga qadar oladigan daromadi yoki o‘rtacha oylik maoshi; 2) jabrlangan shaxsning professional darajasining kamayishi, professional mehnat qobiliyatining yo‘qligida – umumiy mehnat qobiliyatining yo‘qotilishi inobatga olinadi. Yo‘qotilgan ish haqi (daromadi) ning tarkibiga mehnat va fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida oladigan, hamda daromad sog‘lig‘iga qaratiladigan to‘lovlar kiradi. Tadbirkorlik faoliyati natijasida olinadigan daromadlar va mualliflik gonorari ham shu tarkibga kiradi. Mehnat ta’tilidan foydalanmaganlik uchun olinadigan kompensatsiyalar va ishdan bo‘shatilganlik uchun beriladigan hisob-kitoblar qayd etilgan tarkibga kirmaydi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz bo‘lgan, homiladorlik va tug‘ish ta’tili uchun to‘langan nafaqalar inobatga olinadi. Bunda barcha ish haqi (daromadlar) soliq solishdan oldingi summalar hisobida aniqlanadi.
Jabrlanuvchining o‘rtacha oylik ish haqi (daromad) sog‘liqqa shikast yetkazilishidan oldingi ishlangan o‘n ikki oy ichidagi ish haqi (daromad)ning umumiy summasini o‘n ikkiga bo‘lish yo‘li bilan hisoblanadi. Zarar etkazilgan paytgacha jabrlanuvchi o‘n ikki oydan kam ishlagan hollarda o‘rtacha ish haqi (daromad) sog‘liqqa shikast yetkazilishidan oldingi amalda ishlagan oylardagi ish haqi (daromad) ning umumiy summasini ana shu oylar soniga bo‘lish yo‘li bilan hisoblab chiqiladi. Jabrlanuvchi to‘liq ishlamagan oylar uning xohishiga ko‘ra bundan oldingi to‘liq ishlangan oylarga almashtiriladi yoki ularni almashtirish imkoniyati bo‘lmaganda hisobdan chiqarib tashlanadi. Jabrlanuvchining mulkiy ahvoli o‘zgarishi aniq bo‘lgan, ya’ni ish haqining oshishi, yangi lavozimga tayinlanishi sog‘liqqa zarar yetgunga qadar sodir bo‘lsa, olishi mumkin bo‘lgan ish haqi (daromadi) inobatga olinadi.
Jabrlanuvchi bu vaqt mobaynida hech qayerda ishlamagan taqdirda, uning xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinishigacha bo‘lgan ish haqi (daromadi) yoki mazkur joyda uning malakasidagi xodimga to‘lanadigan, ammo qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining besh karrasidan kam bo‘lmagan odatdagi haq to‘lash miqdori hisobga olinadi (FKning 1007-modda)23.
Ish davri to‘liq oydan kam vaqtni tashkil qilgan taqdirda, zararni to‘lash miqdori shartli oylik ish haqi (daromad) miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi. U quyidagi tartibda aniqlanadi: butun ishlangan vaqt davomida olingan ish haqi (daromad) kunlar soniga bo‘linadi, hosil bo‘lgan summa bir yil uchun o‘rta hisobda hisoblab chiqilgan bir oydagi ish kunlari soniga ko‘paytiriladi.
Haqiqiy ish haqi miqdori to‘g‘risidagi hujjatlarni olish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda zararni to‘lash miqdori zararni to‘lash to‘g‘risida murojaat qilingan vaqtda belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi. Jabrlanuvchining o‘rtacha oylik ish haqi miqdori eng kam oylik ish haqi miqdoridan ko‘p bo‘lmagan hollarda ham yetkazilgan zararni to‘lash miqdori xuddi shu tartibda hisoblab chiqiladi.
Xulosa.
Xulosa qilib shuni aytadigan bo’lsak, Hayotda shunday holatlar ham yuz beradiki, shaxsga yetkazilgan zarar nafaqat boshqa kishining balki, jabrlanuvchining aybi natijasida yuz beradi. Masalan, yo‘lovchining yo‘l harakati qoidalarini buzib o‘tish taqiqlangan joydan o‘tishi, ishchining xavfsizlik qoidalariga rioya etmasligi va shu kabilar natijasida yetkazilgan zararlarda jabrlanuvchi ham aybdor hisoblanadi.
Qonun jabrlanuvchi aybining shakllariga qarab dilekt majburiyatlari uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlikni tatbiq etish, zararni qoplash hajmi yoki to‘lanadigan tovon miqdorini belgilaydi.
- agar zarar jabrlanuvchining qasddan ish ko‘rishi natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa, u to‘lanmaydi;
- agar jabrlanuvchi o‘zining qo‘pol ehtiyotsizligi tufayli zararning yuzaga kelishiga yoki ortishiga ko‘maklashgan bo‘lsa, unda jabrlanuvchining va zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab tovon miqdori kamaytirilishi lozim;
- jabrlanuvchi qo‘pol ehtiyotsizlik qilganda va zarar yetkazuvchining aybi bo‘lmaganda, uning javobgarligi aybidan qat’iy nazar yuzaga kelgan hollarda, tovon miqdori kamaytirilishi lozim yoki, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, zararni to‘lash rad etilishi mumkin. Fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilganda tovon to‘lashni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yetkazilgan zarar uchun huquqbuzar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda yetkazilgan zarar qoplash shaklidagi javobgarlikka tortiladi.
Jabrlanuvchining roziligi bilan amalga oshirilgan harakat natijasida zarar yetkazilsa, bunday harakat ham huquqqa xilof hisoblanmaydi. Bunda jabrlanuvchining muomalaga layoqatli bo‘lishi va o‘z xohishini erkni ifodalangan bo‘lishi talab etiladi (masalan, ichki a’zolarni trasplantatsiya qilish, qon topshirishi va shu kabilar). SHu bilan birga jabrlanuvchining xohishi ham qonuniy bo‘lishi shart. Agar fuqaro ixtiyoriy ravishda muayyan dori vositasida o‘zini o‘ldirishni tibbiyot xodimlaridan so‘rasa, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, bunday talabni amalga oshirish g‘ayriqonuniy hisoblanadi. Eftanaziya (o‘z xohishiga ko‘ra o‘limni tanlash) huquqi Niderlandiyada shaxsiy huquq sifatida mustahkamlab qo‘yilgan, ammmo bunday huquqni O‘zbekistonda e’tirof etish maqsadga muvofiq emas. Chunki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, diniy qadriyatlarga, axloqiy negizlarga mutlaqo ziddir. Yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi muayyan ishni ko‘rib chiqishda yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan sababiy bog‘lanish masalasini hal qilishda qiyinchilik tug‘ilganda, bu natija (mol-mulkning shikaslanishi yoki nobud bo‘lishi, insonning hayotiga tajovuz qilinishi shu kabilar) deyarli har doim bir xil bo‘lmagan qator holatlar - sabablar natijasi ekanligidan kelib chiqish lozim. Bunda asosiy vazifa ularning orasidan asosiy, hal qiluvchi va bosh holatni ajratib olish hisoblanadi. Oqibatni vujudga keltiruvchi ikkilamchi, tasodifiy, juz’iy shartlar hisobga olinmasligi lozim. Mazkur vazifani hal etishda nafaqat o‘z bilim va tajribalariga tayanadilar, balki fan, texnika, ishlab chiqarish va shu kabi tegishli sohanining mutaxassislari bo‘lgan ekspertlarni ham jalb etadilar. Turli voqeliklardagi sababiy bog‘lanish o‘ziga xosdir. Zero, bunda har bir natija o‘zining sababiga ega. Sababiy bog‘lanishni aniqlashda taxminlar farazlar, tayyor gipotizalar bo‘lishi mumkin emas.
Mavzu bo’yicha shunday xulosalarga kelindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |