Vohaning yer yuzasi tuzilishi. Xorazm vodiysi yer yuzasi tuzilishi jihatidan ikki qismga: dengiz sathidan 100–110 metr balandda bo’lgan katta shimoliy qismga va dengiz sathidan 120–150 metrgacha bo’lgan chekka janubiy qismlarga bo’lish mumkin. Viloyat yer yuzasi asosan tekislikdan iborat bo’lib, janubi-sharqdan shimolga tomon sekin-asta qiyalashib boradi. Vohaning dengiz sathidan o’rtacha balandligi 90-105 m atrofida. Xorazm vohasining g’arbiy va janubiy qismi Qoraqum cho’liga tomon balandlashib boradi.
Tekislikda sayoz chuqurliklar, marzasimon quruq o’zanlar ancha serob. Viloyat relyefida balandligi 2-7 metrli inson faoliyati natijasida vujudga kelgan antropogen relyef shakllari anchagina maydonlarni ishg’ol qiladi. Amudaryo vodiysi qirg’oqlari daryo o’zaniga tomon pasayib boradi va atrofidagi yerlarga asta-sekin tutashib ketadi.
Tuyamo’yin suv omboridan boshlab daryo vodiysi birmuncha kengayib boradi. Tuyamo’yin suv ombori qurilgunga qadar vohada tez-tez suv toshqinlari bo’lib, qayirlarni, qirg’oqlarni tez-tez suv bosib "deygish" hodisasi bo’lib turgan. Inson suv bosish xavfining oldini olish uchun dambalar (kochilar) qurib tashlagan.
Amudaryo qirg’oqlarida o’nlab kilometr masofada dambalardan tarkib topgan relyef shakllari ancha maydonlarni egallaydi. Sug’orish ishlarining nihoyatda rivojlanganligi, tuproqlarga ko’p ishlov berilishi tufayli vohaning yer yuzasi ancha tekislanib ketgan.
Qoraqum va Qizilqum cho’llariga chegaradosh bo’lgan joylarida shamol (eol) faoliyatida hosil bo’lgan relyef shakllari ham uchraydi. Keyingi paytlarda Tuyamo’yin suv omborining qurilishi tufayli, daryo keltiradigan unumdor loyqa (gil) judayam kamayib ketdi, ba'zi joylarga esa umuman kelmay qo’ydi. Ilgari Amudaryo har yili gektariga 120–150 kg unumdor loyqa yotqizardi. Vohadagi cho’kindi l oyqa qatlamining o’rtacha qalinligi 70–80 metrga yetadi.
Viloyat hududining aksariyati kaynozoy erasining to’rlamchi davr hozirgi zamon yotqiziqlaridan tashkil topgan. Vohaning chekka janubiy Qoraqum va Qizilqum cho’li bilan chegaradosh rayonlarida neogen yotqiziqlari uchraydi. Viloyatning Amudaryo o’ng qig’og’idagi ayrim hududlarida orollar tarzida mezozoy erasining bo’r davri va paleogen davrining yotqiziqlari tarqalgan. Xorazm viloyati hududi ham Turon platformasining (plitasining) bir qismi sanaladi. Million yillar oldingi dengizlarning chekinishi natijasida keyinchalik bu hududlar quruqlikka aylangan. Viloyat hududida kristalli, dengiz va allyuvial cho’kindi jinslar keng tarqalgan.
Mezozoy erasida va paleogen davrida viloyat hududi chuqur dengizning tagida bo’lgan. Daryo qirg’og’idagi Sulton Uvays tog’lari orol tarzida dengizdan ko’tarilib turgan. Birinchi va ikkinchi tipdagi yotqiziqlar Xorazm vohasida juda kam tarqalgan. Umuman olganda Xorazmning geologik kesimida 4 ta tipdagi yotqiziqlarni uchratish mumkin:
1. Qadimgi kristalli jinslardan tashkil topgan hududlar (Yumurtog’, Qubatog’).
2. Amudaryoning o’ng qirg’og’ida bo’r yotqiziqlaridan tashkil topgan hududlar.
3. Tuyamo’yin atroflarida paleogen jinslardan iborat bo’lgan joylar.
4. Neogen jinslardan iborat Zaunguz Qoraqumi.
Xorazm viloyati 7 balli seysmik zonaga kiradi. Ammo bunday kuchdagi zilzilalar har 10000 yilda takrorlanishi mumkin.
Viloyat foydali qazilmalarga birmuncha kambag’al, bu yerda ko’p miqdorda g’isht xom-ashyosi, silikat materiallar ishlab chiqarish uchun qum, shag‘al va boshqa qurilish materiallari uchraydi [1. 6–7-bet].
Xorazm viloyati O‘zbekiston Respublikasining shimoliy garbida joylashgan. O‘zbekiston hududining 1,4 foizini egallaydi. 1925-yil fevralidan 1938-yil yanvarigacha Xorazm okrugi bo'lgan. 1938-yil 15-yanvarda tashkil etilgan. Respublikaning shimoli-gʻarbida, Amudaryo quyi oqimining chap sohilida joylashgan. Shimol va shimoli-sharqdan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, janub va janubi-gʻarbdan Turkmaniston Respublikasi, janubi-sharqdan Buxoro viloyati bilan chegaradosh.
1.1.1- rasm.Xorazm viloyatining tabiiy xaritasi [5]
Maydoni: 6,1 ming kv.km. Aholi soni: 1 mln. 924 ming 200 kishidan ortiq (01.01.2022-yil). Markazi: Urganch shahri (41°33′0″ sh.k. 60°38′0″ shq.uz)
Ma`muriy bo`linishi: 10 ta tuman, 3 ta shahar va 56 ta shaharchadan iborat.
1.1.2-rasm. Xorazm viloyatining siyosiy- ma'muriy tuzilishi [6].