1. Nurlanish turlari. Yorug’lik manbalari Yorug’lik ̶ to’lqin uzunligi 4 bo’lgan elektromagnit to’lqindir. Elektromagnit to’lqinlar zaryadli zarrachalarning tezlanuvchan harakati vaqtida nurlanib chiqadi. Zaryadli bu zarralar moddani tashkil etgan atomlar tarkibiga kiradi. Atomning qanday tuzilganini bilmay turib, uning nurlanish mexanizmi to’g’risida ishonarli biron narsa deb bo’lmaydi. Faqat shu narsa ravshanki, royalning torida tovush bo’lmagani kabi, atomning ichida ham yorug’lik bo’lmaydi. Royal toriga zarb berilganda undan ovoz chiqqandek, atomlar uyg’otilgandagina ulardan yorug’lik chiqadi. Atom nurlanib yorug’lik chiqarishi uchun unga biror miqdor energiya berish kerak. Atom nurlanar ekan olgan energiyasini yo’qotadi, demak, modda uzluksiz yorug’lik chiqarib turishi uchun uning atomlariga tashqaridan energiya berib turilishi kerak.
Issiqlikdan nurlanish. Nurlanishning eng oddiy va ko’p tarqalgan turi issiqlikdan nurlanishdir, bunda yorug’lik chiqishiga ketgan energiyaning o’rni nurlanuvchan jism atom (yoki molekla) larning issiqlik harakati energiyasi hisobiga to’la boradi. Jismning temperaturasi qanchalik yuqori bo’lsa, uning atomlari shunchalik tez harakatlanadi. Tez harakatlanayotgan atomlar (yoki molekulalar) to’qnashganda ularning kinetik energiyalarining bir qismi atomning uyg’onish energiyasiga aylanadi, bu atomlar esa yorug’lik chiqaradi.
Quyoshning nurlanishi issiqlikdan nurlanishdir. Odatdagi cho’g’lanma lampa ham yorug’likning issiqlik manbaidir. Bu juda qulay, ammo unchalik tejamli bo’lmagan manbadir. Lampochka tolasida elektr tokidan hosil bo’ladigan butun energiyaning atigi 12% i yorug’lik energiyasiga aylanadi. Nihoyat, alanga yorug’likning issiqlik manbayi hisoblanadi. Qurum donalari (yoqilg’ining yonib ulgurmagan zarralari) yoqilg’i yonganda ajralgan energiya hisobiga cho’glanadi va yorug’lik chiqaradi.
Elektrolyumenstsentsiya. Atomlarning yorug’lik chiqarishi uchun zarur bo’lgan energiya issiqlik manbalaridan boshqa manbalardan ham olinishi mumkin. Gazlardagi razryad vaqtida elektr maydon elektronlarga katta kinetik energiya beradi. Tez uchar elektronlar atomlar bilan noelastik tarzda to’qnashadi. Elektronlar kinetik energiyasining bir qismi atomlarni uyg’otish uchun ketadi. Uyg’otilgan atomlar bu energiyani yorug’lik to’lqinlari tarzida tarqatadi. Shuning uchun ham gaz razryadida yorug’lik chiqadi. Bu hodisa elektrolyumenstsentsiyadir. Shimol yog’dusi ham elektrolyumenstsentsiyaning bir turidir. Quyoshdan kelayotgan zaryadli zarralar oqimi Yerning magnit maydoni tasirida tutib qolinadi. Ular yening magnit qutblaridagi atmosferaning yuqori qatlamlaridagi atomlarni uyg’otadi, natijada bu qatlamlar yorug’lik chiqaradi. Elektrolyumenstsentsiyadan reklama yozuvlari hosil qilinadigan trubkalarda foydalaniladi.
Katodolyumenstsentsiya. Qattiq jismlarning elektronlar bilan bombardimon qilinganda yorug’lanishi katodolyumenstsentsiya deb ataladi. Televizorlarning elektron– nur trubkalarining ekranlari katodolyumenstsentsiya tufayli yorug’lanadi.
Ximelyumenstsentsiya. Energiya ajralib chiqadigan ba’zi ximiyaviy reaktsiyalarda ajralib chiqqan energiyaning bir qismi bevosita yorug’lik energiyasiga aylanadi. Yorug’lik manbai sovuqligicha qolaveradi (uning temperaturasi atrofdagi muhit temperaturasiga teng bo’ladi). Bu hodisa ximelyumenstsentsiya deb ataladi. Yoz faslida o’rmonda ajoyib xasharotni – yaltiroq qo’ng’izni uchratish mumkin. Uning tanasida yashil tusdagi jimit “fonar” “yonadi”. Siz uni tutibolsangiz qo’lingiz kuymaydi. Uning orqasidagi yorug’lik chiqaruvchi dog’ning temperaturasi deyarli havo temperaturasidek bo’ladi. Boshqa tirik organizmlar: bakteriya, xasharot va quyosh yorug’ligi tushmaydigan chuqurlikda yashovchi ko’pgina baliqlar yorug’lik chiqaradi. Chirib borayotgan yog’och ham ko’pincha, qorong’uda yorug’lik chiqaradi.
Fotolyumenstsentsiya. Moddaga tushgan yorug’lik qisman qaytadi, qisman yutiladi. Yutilgan yorug’lik energiyasi ko’pchilik hollarda jismlarni qizitadi, xolos. Biroq ba’zi jismlar yog’dirilgan yorug’lik ta’sirida o’zi yorug’lik chiqara boshlaydi. Ana shu hodisa fotolyumenstsentsiya hodisasidir. Yorug’lik modda atomlarini uyg’otadi, natijada ularning o’zi yorug’lik chiqara boshlaydi. Masalan, ko’pgina archa o’yinchoqlari yorug’lanuvchi bo’yoqlar bilan qoplanadi, ularga nur yog’dirilgandan keyin ular nurlanadi.
Fotolyumenstsentsiya hodisasidan kunduzgi yorug’lik lampalarida keng ko’lamda foydalaniladi. Sovet fiziki S.I. Vavilov razryad trubkasining ichki yuzasini gaz razryadning qisqa to’lqinli nurlari tasirida ravshan yorug’lana oladigan moddalar bilan qoplashni taklif qildi. Kunduzgi yorug’lik lampalari odatdagi cho’g’lanma lampalarga qaraganda taxminan uch-to’rt barobar tejamlidir.