Mavzuning dolzarbligi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat o’zining ichki va tashqi vazifalarini, har xil ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo’lgan mablag’larning asosiy qismini soliqlar orqali to’playdi. Jumladan, soliqlar respublika va mahalliy byudjetlar daromadlarini shakllantiradi, davlat ijtimoiy dasturlari uchun moliyaviy negiz yaratadi, soliq to’lovchi shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini boshqaradi, ularning tabiiy resurslardan unumli foydalanishga bo’lgan intilishini rag’batlantiradi, narx belgilashga ta’sir ko’rsatadi, aholining turmush darajasini tartibga solib turadi, imtiyozlar yordamida esa aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni tashkil etishga yordam beradi. Soliqlarning iqtisodiy mohiyati davlat bilan huquqiy va jismoniy shaxslar o’rtasida vujudga keluvchi ob’ektiv majburiy to’lovlarga as oslangan moliyaviy munosabatlar orqali xarakterlanadi. Bu moliyaviy munosabatlar maxsus ijtimoiy xarakterga ega bo’lib, milliy daromadning bir qismi bo’lgan pul mablag’larini davlat ixtiyoriga safarbar qilishga xizmat qiladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning ta’kidlaganidek, “Soliq yukini yanada kamaytirish, jumladan, yuridik shaxslar uchun foyda solig‘i stavkasini 9 foizdan 8 foizga, jismoniy shaxslar uchun eng kam soliq hajmini 8 foizdan 7,5 foizga tushirish iqtisodiyotimiz rivojida albatta muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday soliq yengilliklari 130 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni tejash va uni korxonalar ixtiyorida qoldirib, ularning o‘z aylanma mablag‘larini ko‘paytirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash, shuningdek, aholi daromadlarini 90 milliard so‘mdan ko‘proq oshirish imkonini beradi”. 1 Soliqlarning jamiyat hayotidagi rolini oshib borishi bilan davlat byudjeti daromad bazasini qay tarzda va darajada shakllanishiga bog’liqdir. Soliq bozor konyukturasini boshqarishga o’ziga xos vosita hisoblanadi. Soliq vositalari orqali iqtisodiy tarmoqlarini rivojlantirish va kerak bo’lsa ularni inqiroz holatiga tushib qolishiga sababchi bo’lishi mumkin. Shu bois moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish va ularni to’g’ri yo’naltirish, samaradorligini oshirish, ijtimoiy – iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda soliq munosabatlari muhim rol o’ynaydi. Soliq siyosatini oqilona yuritish nafaqat makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga, balki mukammal byudjet siyosatini yuritishga, aholi turmush darajasini yaxshilashga erishish mumkin bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |