Soliq solish obyektlarini aniqlash Soliq solish obyektlarini aniqlash soliq organlarida mavjud bo‘lgan soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bog‘liq obyektlar to‘g‘risidagi axborotni aniqlashtirish maqsadida o‘tkaziladi.
Soliq solish obyektlarini aniqlash bo‘yicha quyidagilar tekshiriladi:
davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi hujjatlar, faoliyat turi va joyining qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi;
ko‘chmas mulkka va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar, shu jumladan, kadastr hujjatlari, ijara shartnomalari mavjudligi.
Soliq solish obyektlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruv natijasida olingan ma’lumotlar sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasida qayd etiladi.
Xronometraj kuzatuvlarini o‘tkazish Xronometraj kuzatuvlari soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari yoki faoliyat turlari bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq haqiqatdagi daromadlari hamda ularning shakllanish manbalari va (yoki) xarajatlari, shuningdek, soliq rejimini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.
Xronometraj kuzatuvi soliq to‘lovchining faoliyatini to‘xtatmasdan kunlik ish rejimini to‘liq qamrab olgan holda, joylashgan joyidan qat’i nazar barcha obyektlarida bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi.
Xronometraj kuzatuvi solik to‘lovchi (vakili) ishtirokida o‘tkaziladi.
Xronometraj kuzatuvi soliq to‘lovchilarning tekshiruvgacha tasdiqlangan ish rejimidan kelib chiqib, yetti ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi.
Soliq organi soliq to‘lovchining boshqa hududlardagi obyektlarida xronometraj kuzatuvi o‘tkazish yuzasidan obyekt joylashgan hududiy soliq organiga xronometraj kuzatuvi boshlanishidan kamida bir kun oldin o‘tkaziladigan xronometraj kuzatuvining aniq sanasini ko‘rsatgan holda yozma xabarnoma yuboradi.
Bunda, xronometraj kuzatuvi natijasi bo‘yicha rasmiylashtirilgan ma’lumotlar kuzatuv yakunlanganidan so‘ng soliq to‘lovchi joylashgan hududiy soliq organiga bir ish kuni ichida yuborilishi shart.
Xronometraj kuzatuvi jarayonida soliq to‘lovchining amaldagi daromadlari va xarajatlarini hamda soliq rejimini aniqlash maqsadida mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
Xronometraj kuzatuvi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohasida:
xronometraj kuzatuvi boshlanishida soliq to‘lovchining pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishdan tushgan pullarni saqlash uchun mo‘ljallangan kassalaridagi (bundan buyon matnda soliq to‘lovchining kassalari deb yuritiladi) mavjud naqd pul qoldig‘ini nazorat-kassa texnikasining kunlik hisoboti bilan solishtirish va ijobiy farq summasini soliq to‘lovchi (uning vakili) tomonidan nazorat-kassa texnikasining xotirasiga kiritilishini talab qilish;
savdo va (yoki) xizmat ko‘rsatishdan tushgan pul mablag‘larining to‘liq nazorat-kassa texnikasi xotirasiga kiritilishi yoki to‘lov terminallaridan to‘liq foydalanilishi, xaridorlarga (mijozlarga) xarid cheki berilishini nazorat qilib borish;
realizatsiya qilingan tovarlar va xizmatlarning haqiqiy hajmini aniqlash hamda kunlik pul mablag‘lari tushumini kuzatish va qayd etish;
xronometraj kuzatuvi yakunida nazorat-kassa texnikasidan “Z” hisobot chiqarish va ma’lumotnomaga ilova qilish;
xronometraj kuzatuvi yakunida soliq to‘lovchining kassalaridagi mavjud kunlik pul tushumi bilan qayd etish varaqasidagi tushumlar miqdori o‘rtasidagi ijobiy farq summasini nazorat-kassa texnikasining xotirasiga kiritilishini talab qilish;
mahsulotlarning hisob hujjatlaridagi (hisobvaraq-fakturalar, yuk xatlari, nazorat-kassa texnikasi cheki yoki unga tenglashtirilgan boshqa hujjatlar) narxlari hamda sotish narxlarini taqqoslash;
soliq to‘lovchining daromadlari va xarajatlarini tahlil qilish;
b) ishlab chiqarish sohasida:
ishlab chiqarish uchun sarflanayotgan tovar xomashyolar (yarim tayyor mahsulotlar) hajmini, ishlab chiqarish uskunalarining sonini va ularning quvvatlarini qayd etish;
ishlab chiqarish quvvatlari uchun sarflanayotgan tabiiy resurslar (gaz, elektr energiyasi, suv, yoqilg‘i-moylash materiallari) hajmining ishlab chiqarish hajmiga muvofiqligini aniqlash;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va miqdorini aniqlash;
ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilish usullarini aniqlash va jarayonini qayd etish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tannarxi, sotish narxi, sotilgan hajmi hamda omborxonalaridagi tayyor mahsulotlar miqdorini aniqlash;
xronometraj ko‘zatuvi natijasida aniqlangan soliq to‘lovchining haqiqatdagi daromadlari, ularning shakllanish manbalari va xarajatlarini qayd etish.
Xronometraj kuzatuvi natijasi bo‘yicha Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning tegishli ilovasiga muvofiq ikki nusxada bayonnoma rasmiylashtiriladi. Bayonnomaning bir nusxasi soliq to‘lovchiga bayonnoma nusxasini olganligini tasdiqlovchi imzo qo‘ydirgan holda beriladi. Bunda bayonnomaga imzolashdan va (yoki) uning bir nusxasini olishdan soliq to‘lovchi bosh tortgan hollarda, sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxs tomonidan bayonnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritiladi.