Nazorat kassa texnikasi va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishini tekshirish Nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishini tekshirish nazorat xaridini amalga oshirish yo‘li bilan va (yoki) savdo, umumiy ovqatlanish yoki xizmat ko‘rsatish shoxobchasida bevosita tekshiruv o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Nazorat xaridi nazorat-kassa texnikalari va (yoki) hisob-kitob terminallaridan xaridorlarga kassa cheki berilishi, bank kartalari orqali to‘lovlar qabul qilinishi hamda naqd pul mablag‘lari va bank kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar shakliga qarab narxlar sun’iy ravishda oshirilishi yoki pasaytirilishi holatlari mavjudligini tekshirish maqsadida amalga oshiriladi.
Nazorat xaridini amalga oshirishda quyidagilar jalb qilinishi mumkin:
soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilganligi to‘g‘risida murojaat etgan jismoniy shaxs (yuridik shaxsning ishonchli vakili);
“Xolis xaridor” xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs vakillari;
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vakillari.
Nazorat xaridini amalga oshirgan shaxslar tomonidan nazorat xaridida kuzatilgan holatlar bo‘yicha ma’lumotlar (hujjatlar, predmetlar) xarid yakunlanishi bilan sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxsga taqdim etiladi.
O‘tkazilgan nazorat xaridi natijasi bo‘yicha Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning tegisghli ilovasiga muvofiq shaklda bayonnoma rasmiylashtiriladi va sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxs, nazorat xaridini amalga oshirgan shaxs va soliq to‘lovchi tomonidan imzolanadi.
Nazorat xaridini o‘tkazish bayonnomasining bir nusxasi soliq to‘lovchiga bayonnoma nusxasini olganligini tasdiqlovchi imzo qo‘ydirgan holda beriladi. Bunda nazorat xaridini o‘tkazish bayonnomasini imzolashdan va (yoki) uning bir nusxasini olishdan bosh tortgan hollarda, sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxs tomonidan bayonnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritiladi.
Nazorat xaridini o‘tkazishda foydalanish uchun naqd pul mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan ajratiladi.
Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxs nazorat xaridini o‘tkazish uchun naqd pul mablag‘larini tegishli soliq organi kassasidan oladi.
Naqd pul mablag‘larini sayyor tekshiruvini o‘tkazish uchun mansabdor shaxsga berishda ularning qiymati, banknota seriyasi va raqamlari alohida varaqda qayd etilib, chiqim kassa orderiga ilova qilinadi. Bunda pul mablag‘larining qiymati, banknota seriyasi va raqamlari yozilgan varaqcha nusxasi sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxsga beriladi.
Sayyor soliq tekshiruvi yakunlangandan so‘ng, nazorat xaridini o‘tkazishda foydalanish uchun olingan naqd pul mablag‘lari bir ish kuni ichida tegishli soliq organi kassasiga to‘liq topshiriladi. Pul mablag‘larining qiymati, banknota seriyasi va raqamlari yozilgan varaqcha nusxasi kirim kassa orderiga ilova qilinadi.
Sayyor soliq tekshiruvi jarayonida soliq to‘lovchiga tegishli shoxobcha kassalarida mavjud naqd pul qoldig‘i sanoqdan o‘tkazilib, nazorat-kassa texnikasi xotirasiga kiritilgan naqd pul summasi bilan solishtiriladi va natijasi bo‘yicha Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning tegishli ilovasiga muvofiq naqd pul qoldig‘ini sanoqdan o‘tkazish dalolatnomasi tuziladi.
Nazorat xaridi o‘tkazilib, o‘zaro hisob-kitoblar yakunlangach, nazorat xaridini o‘tkazishda foydalanilgan pul mablag‘lari tekshirilgan soliq to‘lovchi (uning vakili) tomonidan sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxsga, xarid qilingan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlarning natijalari (nazorat xaridi predmetlari) esa, sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxs tomonidan soliq to‘lovchiga (uning vakili) qaytarib berilishi shart, bundan qaytarish imkoni bo‘lmagan hamda qonun hujjatlariga muvofiq olib qo‘yilishi lozim bo‘lgan nazorat xaridi predmetlari mustasno.
Soliq organlari nazorat-kassa texnikalari va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishini savdo, umumiy ovqatlanish yoki xizmat ko‘rsatish shoxobchasida bevosita tekshirishi mumkin. Bunda tekshirish quyidagilarni aniqlash maqsadida o‘tkaziladi:
qonun hujjatlariga muvofiq nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminali bilan jihozlanganligi, shu jumladan, ularning soliq to‘lovchi nomiga va obyekt manzili bo‘yicha rasmiylashtirilganligi;
nazorat-kassa texnikalari tegishliligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llanishi ruxsat etilgan fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarining davlat reyestriga hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llanilishi ruxsat etilgan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarning davlat reyestriga kiritilganligi;
nazorat-kassa texnikasining texnik talablarga muvofiqligi;
nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminallarini qo‘llash qoidalariga rioya etilishi.
Nazorat-kassa texnikalari va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishini savdo, umumiy ovqatlanish yoki xizmat ko‘rsatish shoxobchasida bevosita o‘tkazilgan tekshirish natijalari sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasida qayd etiladi.
Soliq to‘lovchi tomonidan boshqa soliq to‘lovchiga tegishli nazorat-kassa texnikalari va (yoki) hisob-kitob terminallaridan foydalanish holati aniqlangan taqdirda, sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasiga ulardan olingan xarid cheki nusxasi, hisob-kitob terminalining rusumi va zavod raqami to‘g‘risidagi ma’lumot ham kiritiladi.
Texnik talablarga javob bermaydigan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llanishi ruxsat etilgan fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarining davlat reyestriga yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llanilishi ruxsat etilgan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarning davlat reyestriga kiritilmagan yoxud boshqa soliq to‘lovchiga tegishli bo‘lgan, shuningdek, fiskal xotiraga xizmat ko‘rsatuvchi dasturiy mahsuloti (versiya) buzilgan nazorat-kassa texnikasi mavjudligi aniqlangan taqdirda, sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxs tomonidan bayonnoma tuziladi hamda ushbu nazorat-kassa texnikasi vaqtincha olib qo‘yiladi.