Tadqiqotning umumiy mantiqiy metodlari - mantiqiy mushohada yuritish orqali egallangan bilimlar majmui bo‘lib ular quyidagilar: analiz–ob’ektni amalda yoki fikran tarkibiy qismlarga ajratish;
sintez – qismlardan butunni, xuddi shunday tarzda, qayta birlashtirish. Sintez natijasida mutlaqo yangi ob’ekt hosil bo‘ladi.
Analiz (tahlil qilish faoliyati) jarayonida fikr murakkablikdan oddiylikka, tasodifdan zaruratga qarab, xilma-xillikdan ayniyatga va birlikka qarab harakat qiladi. Analiz qilishning maqsadi qismlarni, murakkab butunning unsurlari sifatida bilish va ular o‘rtasidagi aloqa va qonuniyatlarni aniqlashdan iboratdir. Biroq, analiz mohiyatni ajratib qarashga olib keladiki, mavhum holda qolayotgan birlik, xilma-xillikdagi birlik sifatida hali ochilmagan bo‘ladi. Sintez, aksincha, analiz vositasi bilan ajratilgan qismlar, xossalar, munosabatlarni yagona bir butunga birlashtirish jarayonidan iborat. Sintez birlikdan tafovutga va xilma-xillikka qarab yo‘naltirilgan bo‘lib, umumiylik va ayrimlikni, birlik va xilma-xillikni muayyan jonli butunga birlashtiradi. Analiz va sintez chambarchas bog‘liq holda amal qiladi.
Mavhumlashtirish-o‘rganilayotgan hodisaning bir qancha xossalari va nisbatlaridan fikran uzoqlashish, ayni paytda tadqiqotchini qiziqtirgan xossalarni (eng avvalo, muhim, umumiy xossalarni) ajratish jarayoni. Mazkur jarayon natijasida har xil «mavhum predmetlar» olinadi. Bunda «mavhum predmetlar» deganda alohida tushunchalar va kategoriyalar («rivojlanish», «qarama-qarshilik», «fikrlash» va b.) hamda ularning tizimlari tushuniladi. Matematika, mantiq, dialektika va falsafa eng rivojlangan tizimlardir.
Ko‘rib chiqilayotgan xossalarning qay biri muhim, qaysinisi ikkinchi darajali ekanligini aniqlash mavhumlashtirishning bosh masalasidir. Mazkur masala har bir muayyan holatda, eng avvalo, o‘rganilayotgan predmetning tabiatiga, shuningdek, tadqiqotning muayyan vazifalariga qarab hal qilinadi.
Umumlashtirish-predmetning umumiy xossa va belgilarini aniqlash jarayoni bo‘lib, mavhumlashtirish bilan chambarchas bog‘liq. Bunda har qanday umumiy (abstrakt-umumiy) yoki muhim (muayyan umumiy, qonun) belgilar ajratilishi mumkin.
Ideallashtirish-voqelikning tajribada prinsipial amalga oshirib bo‘lmaydigan, lekin real olamda ularning timsoli bo‘lgan ob’ektlarning tushunchalarini fikran shakllantirishni ifodalaydigan («nuqta», «ideal gaz», «mutlaqo qora jism» va sh.k.) tushuncha.
Ideallashtirilgan ob’ektlar, pirovard natijada, ob’ektiv ashyolar, real jarayon va hodisalarning in’ikosi sifatida maydonga keladi. Ideallashtirish yordamida shakllangan tushunchalardan keyinchalik real ob’ektning in’ikosi sifatida izlanishlar olib borishda, mulohazalar yuritishda, real jarayonlarning mavhum sxemalarini tuzishda foydalanish mumkin.
Ideallashtirish ilmiy yoki g‘ayriilmiy, real yoxud mavhum bo‘ladi. Ilmiy, real ideallashtirishni mavhum ideallashtirishdan farqlaydigan belgi shundan iboratki, unda hosil etilgan ideallashtirish ob’ektlari, shaxslar muayyan sharoitlarda ideallashtirilgan, ya’ni real ob’ektlar atamalarini ishlatib, talqin etish mumkin.
Induksiya-ayrimlik (tajriba, dalil)dan umumiyga (ularni umumlashtirib xulosa chiqarishga) fikran harakat qilish; deduksiya–bilish jarayonining umumiydan ayrimlikka yuksalishi. Induksiya va deduksiya o‘zaro bog‘lanadi hamda bir-birini to‘ldiradi. Tajriba hamisha cheksiz va nomukammal bo‘lganligi uchun induktiv xulosalar doim muammoli (ehtimoliy) xususiyatga egadir. Induktiv umumlashtirishlarga, odatda, tajribada bilingan haqiqatlar (empirik qonunlar), deb qaraladi.
Induktiv umumlashtirish turlaridan ommaviy induksiya, to‘liqsiz induksiya, to‘liq induksiya, ilmiy induksiya va matematik induksiya ajratiladi. Mantiqda sababiy aloqalarni aniqlashning induktiv metodlari–induksiya qonunlari (Bekon-Mill induktiv tadqiqot qoidalari) farqlanadi. YAgona o‘xshashlik, yagona tafovut, o‘xshashlik va tafovut, bog‘liq o‘zgarishlar metodlari va qoldiqlar metodi shular jumlasidandir.
Deduksiyaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, tadqiqotchi deduksiya vositasida bir sinf, bir jins, bir guruh narsa yoki hodisa to‘g‘risidagi umumiy bilimlardan ularning har biri haqida alohida bilimlarni hosil qiladi. Insonning bilish tajribasidan shu narsa ma’lumki, agar biron xususiyat bir toifa yoki bir jinsdagi hamma narsa yoki hodisalarga xos bo‘lsa, bu xususiyat shu toifa yoki jinsga oid har bir narsa yoki hodisaga ham xos bo‘ladi.
Analogiya (moslik, o‘xshashlik)-o‘xshash bo‘lmagan ob’ektlarning ayrim jihatlari, xossalari va munosabatlaridagi o‘xshashliklarni aniqlash. Aniqlangan o‘xshashlik asosida tegishli analogiya bo‘yicha xulosa chiqariladi. Uning umumiy sxemasi: B ob’ekt a, b, c, d belgilarga ega; C ob’ekt b, c, d belgilarga ega; binobarin, C ob’ekt a belgiga ega bo‘lishi mumkin. Analogiya haqiqiy emas, balki ehtimoliy bilim beradi. Analogiya bo‘yicha xulosa chiqarishda muayyan ob’ekt («model»)ni ko‘rib chiqish natijasida olingan bilim boshqa nisbatan kam o‘rganilgan ob’ektga ko‘chiriladi.
Sistemali yondashuv-fanda turli ob’ektlarni sistemalar sifatida tadqiq etishni nazarda tutadigan metodologik tamoyil (talab)lar majmui. Mazkur talablarga quyidagilar kiradi:
a) har bir elementning tizimdagi o‘rni va funksiyalariga bog‘liqligini aniqlash, bunda butunning xossalari uning tarkibiy qismlari xossalarining yig‘indisiga bog‘liq bo‘lmasligini e’tiborga olish;
b) tizimning xulq-atvori uning alohida tarkibiy qismlari xususiyatlari hamda uning tuzilishi xossalariga qay darajada bog‘liqligini tahlil qilish;
v) tizim bilan muhitning o‘zaro aloqalari mexanizmini tadqiq qilish;
g) mazkur tizimga xos bo‘lgan darajalilikning xususiyatini o‘rganish;
d) tizimni har tomonlama, ko‘p jihatli tavsiflashni ta’minlash;
e) tizimga dinamik rivojlanayotgan yaxlitlik deb qarash.
Sistemali yondashuv o‘z-o‘zidan rivojlanuvchi murakkab ob’ektlarni (ko‘pdarajali, ierarxik, o‘z-o‘zini tashkil etuvchi biologik, psixologik, sosial va h.k. sistemalarni) tadqiq etishda keng qo‘llaniladi. Sistemali yondashuvning muhim xususiyati shundaki, faqat tadqiqot ob’ektigina emas, balki tadqiqot jarayonining o‘zi ham murakkab sistema sifatida namoyon bo‘ladi. Uning asosiy vazifasi ob’ekt turli modellarini yaxlit qilib birlashtirishdir.
«O‘z-o‘zini tashkil etish» tushunchasi sistemali yondashuvning muhim tushunchasidir. Mazkur tushuncha tarkibiy qismlari o‘rtasidagi aloqalar qat’iy emas, balki ehtimoliy xususiyatga ega bo‘lgan murakkab, ochiq, o‘z-o‘zini rivojlantiruvchi tizim (tirik hujayra, organizm, biologik populyasiya, odamlar jamoasi va sh.k.)ni yaratish, rivojlantirish yoki takomillashtirish jarayonini tavsiflaydi.
Hozirgi zamon fanida o‘z-o‘zini tashkil etuvchi tizimlar o‘z-o‘zini tashkil etish umumilmiy nazariyasi–sinergetikaning tadqiqot predmetini tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |