2.Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va qo‘llab-quvvatlash tizimi.
Bozor iqtisodiyotning to‘laqonli amal qilishi ko‘p jihatdan mamlakatdagi monopoliyaga qarshi siyosatning samarasiga ham bog‘liq. Kichik biznesning, xoh u rivojlangan mamlakatlarda bo‘lsin, xoh rivojlanayotgan va iqtisodiy o‘tish davridagi mamlakatlarda bo‘lsin, asosiy hususiyatlaridan biri iqtisodiyotning ushbu sektori doimo davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga ehtiyojmand ekanligi hisoblanadi. Mamlakatimizda ham mustaqillikning ilk yillaridan boshlab hozirgi kunga qadar kichik biznesning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va tartibga solish davlatning muhim funksiyalaridan biri bo‘lib kelmoqda. Hozirgi kunga qadar mamlakatimizda davlatning kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashi asosan quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirib kelindi:
mamlakatimizda kichik biznes va hususiy tadbirkorlikning rivojlanishi uchun lozim bo‘lgan huquqiy-me’yoriy asos yaratildi;
kichik biznesning rivojlanishida ustuvorliklar belgilandi, kichik biznes va hususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning Dasturi ishlab chiqildi va joriy etilmoqda;
kichik biznesning rivojlanishiga yordam beruvchi bozor infratuzilmasiga asos solindi;
imtiyozli soliq, subsidiyalar, davlat va byudjetdan tashqari fondlardan beriladigan imtiyozli kreditlar, xalqaro moliya institutlari kreditlarini jalb etish kichik biznes rivojlanishini rag‘batlantiradi;
huquqiy va jismoniy shaxslarga xorijiy va milliy valyutada mikrokredit berish mexanizmi ishlab chiqildi va joriy etilmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadallashtirish g‘amda uning yanada rivojlanishi uchun tegishli ijtimoiy – iqtisodiy shart – sharoit yaratishda O‘zbekiston Respublikasining prezidentining “O‘zbekiston iqtisodiyotida xususiy sektorning ulushi va ahamiyatini tubdan oshirish chora – tadbirlari to‘g‘risida”gi 2003 yil 24 yanvardagi farmoni muhim ahamiyat kasb etadi. Unga binoan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shart – sharoitlar yaratish, ularni moliyaviy, moddiy – texnikaviy resurslar bilan ta’minlash, tadbirkor va xorijiy investorlar manfaatlari hamda huquqlarini muhofaza qilish uchun iqtisodiy – huquqiy asoslarni mustahkamlash vazifasi belgilangan.
Kichik biznesning jadal sur’atlarda rivojlanishi uchun zarur va har tomonlama puxta ishlab chiqilgan me’yoriy-huquqiy bazani yaratish bilan bir qatorda barcha qabul qilingan nizomlar, qonuniy va me’yoriy hujjatlarning ham yuqori darajada aniqlikda bajarilishiga erishish zarur. Bu mamlakatda tegishli huquqiy madaniyatni rivojlantirish va jamiyatning barcha a’zolari tomonidan qonunlarga rioya qilinishini ta’minlash mexanizmlarini ishlab chiqish zaruriyatini yuzaga keltiradi. Biroq, O‘zbekistonda, boshqa ko‘plab o‘tish davri iqtisodiyotini boshidan kechirayotgan mamlakatlardagi kabi, bunday mexanizmlar hali to‘liq shakllantirilmagan. Bu kichik biznesning rivojlanishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmayapti, albatta. Ana shunday salbiy ta’sirlarning oqibatlaridan biri kichik tadbirkorlarning o‘z qonuniy huquqlarini bilmasliklari va ulardan o‘z manfaatlarini himoya qilishda foydalana olmasliklari hisoblanadi.
Tadbirkorlar manfaatlarini soliq inspeksiyasi, sanitariya va boshqa xizmatlar vakillari tomonidan amalga oshiriladigan noqonuniy xatti-harakatlardan to‘liq himoya qila oladigan samarali mexanizmlar shakllantirilmagan. Amaliyotda soliq boshqaruvi organlari tomonidan kichik korxonalarning banklardagi hisob raqamlaridagi pullaridan rahbariyatni ogohlantirmasdan soliq majburiyatlarini undirib olinishi kabi salbiy holatlar kuzatilmoqda. Shuningdek, soliq va boshqa tekshiruvchi organlar vakillarining kichik korxonalarga kutilmaganda “o‘z manfaatlari” yuzasidan tekshiruvga kelish hollari ham uchramoqda. Iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida bu kabi muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Umuman olganda, kichik biznesning rivojlanishini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni yuqori aniqlikda ishlab chiqish tizimining rivojlanishi ularni samarali ijro etish mexanizmining rivojlanishiga olib keladi. Bu esa, tabiiy ravishda, tadbirkorlarning huquqiy manfaatlarini to‘liq muhofaza qila oladigan huquqiy mexanizmni yuzaga keltiradi.
Ma’lumki, 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kichik biznes va hususiy tadbirkorlikning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ana shu qaror davlat tomonidan kichik biznesning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashning aniq yo‘nalishini belgilab berishda muhim ahamiyatga ega. Davlat dasturida tadbirkorlik muhitini shakllantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida qishloq joylarida kichik biznes va hususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash faoliyatini amalga oshiradigan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, qishloq joylarida ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirish kabilar ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, ishlab chiqarish va texnik yo‘nalishdagi mahsulotlarni, qurilish materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, shuningdek, qurilish faoliyati bilan shug‘ullanadigan, maishiy va kommunal xizmatlar ko‘rsatadigan kichik biznes va hususiy tadbirkorlik subyektlari tizimini rivojlantirish ham ustuvor masala hisoblanadi.
Ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda kichik biznesni rivojlantirish borasida olib borilayotgan siyosat makroiqtisodiy doirada amalga oshirilayotgan bo‘lib, nafaqat ichki bozorimizni zarur ehtiyoj mollari bilan to‘ldirish, balki mamlakatimizning eksportga yo‘naltirilgan siyosatida kichik va xususiy tadbirkorlikni harakatlantiruvchi kuchga aylantirishda namoyon bo‘lmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |