3.Mamlakatimizda kichik biznesni rivojlantirishga xalqaro moliya institutlari
Mamlakatda bozor infratuzilmasi, ya’ni bozor tizimini amalga oshirishda ishtirok etadigan va uning rivojlanishini ta’minlaydigan institutsional ob’ektlar tizimini rivojlantirmay turib, tom ma’nodagi bozor iqtisodiyotini shakllantirib va rivojlantirib bo‘lmaydi. Bunday infratuzilmaning amal qilishi tabiiy ravishda, kichik biznes sohasining rivojlanishini tartibga solish va qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini yaratadi.
Keyingi yillarda respublikamizda bozor infratuzilmalarini faol shakllantirish jarayoni amalga oshirilmoqda. Bu jarayonning natijalari sifatida kichik biznes sub’ektlariga xizmat ko‘rsatuvchi brokerlik idoralari, kichik ulgurji va chakana savdo tuzilmalari, lizing va konsalting kompaniyalari, axborot-maslahat markazlari, injiniring va auditorlik firmalari, sug‘urta kompaniyalari, transport-ekspeditsiya korxonalari, axborot-reklama byurolari va boshqa turli xil infratuzilmalar tizimi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda10.
Bunda birinchi navbatda, davlatning kichik biznesni rivojlantirishda soliq mexanizmidan qanday darajada foydalanayotganligi hususida to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Ma’lumki, O‘zbekistonda mavjud soliqqa tortish tizimi kichik korxonalarga umumiy soliqqa tortish tartibida ishlash yoki yagona soliqni to‘lash imkonini beradi. Birinchi holatda korxonalar qonunchilikda ko‘rsatilgan barcha soliqlarni to‘laydi. Bunday tartibning tadbirkorlar uchun qulaylik tomoni shundaki, unga ko‘ra o‘z faoliyatini endigina boshlagan kichik korxonalar (savdo korxonalari bundan mustasno) turli xil imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday imtiyozlardan eng muhimi soliq to‘lashdan vaqtinchalik ozod bo‘lish hisoblanadi.
Bundan tashqari soliq to‘lashdan qisman ozod bo‘lish imtiyozi ham mavjud. Bu imtiyozning mohiyati shundaki, daromad solig‘iga pasaytirilgan soliq stavkasi qo‘llanadi: belgilangan soliq stavkasidan (31%) faoliyatning birinchi yilida 25% i, ikkinchi yilida bo‘lsa 50% i to‘lanadi. Bunday imtiyozdan foydalanish uchun kichik korxona savdo faoliyati bilan shug‘ullanmasligi, ilgari faoliyat ko‘rsatgan korxona bazasida tashkil etilmagan bo‘lishi va boshqa shu kabi hususiyatlarga ega bo‘lishi kerak. Umumiy soliqqa tortish rejimining kamchiligi soliqlarning (respublika va mahalliy darajadagi) ko‘pligi hisoblanadi.
Mamlakatimizda amal qiluvchi kichik biznes korxonalarini soliqqa tortishning boshqa bir tartibi yagona soliqni to‘lash hisoblanadi. Bunday tartibda soliqqa tortishning ikkita ob’ekti mavjud bo‘lib, ular yalpi tushum yoki yalpi daromad hisoblanadi. Ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanadigan korxonalar yalpi tushumdan daromad to‘lashsa, savdo va jamoat ovqatlanish korxonalari yalpi daromaddan soliq to‘lashadi. Bunday tartibning eng asosiy ijobiy jihati soliqni hisob-kitob qilishning oddiyligi hisoblanadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, joylarda kichik korxonalardan tushgan soliq tushumlari davlat byudjeti daromadlarida ancha kam miqdorni tashkil etadi. Bunday muammoning oldini olish uchun faoliyat ko‘rsatuvchi kichik korxonalar tomonidan to‘lanadigan soliq va majburiy to‘lovlar stavkalarini kamaytirish kerak. Buning natijasida kichik korxonalarda byudjet daromadlarining muhim manbaiga aylanadi. Ma’lumki, kichik korxonalar roli yangi ish joylarini yaratish va iqtisodiyotda innovatsiyalarni joriy etishda namoyon bo‘ladi. Kichik biznesning soliq yukini qisqartirish ishsizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlarining qisqarishiga olib keladi. Bundan tashqari, bunday holat kichik biznes rivojlanishini davlat tomonidan moliyalashtirish zaruriyatini ham kamaytiradi.
XULOSA
Mamlakatimizda kichik biznesni rivojlantirishga xalqaro moliya institutlari tomonidan kreditlarni jalb etish tizimini olib qaraylik. Hozirgi kunda kichik korxonalarga taqdim etiladigan kreditlarning muhim qismi Yaponiya Iqtisodiy hamkorlik jamg‘armasi, Markaziy Osiyo–Amerika tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimizda xalqaro kredit liniyalarini o‘zlashtirishda tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki bilan bir qatorda Asakabank, Sanoatqurilishbank, Tadbirkorbank, O‘zprivatbank, “Ipak yo‘li” banki, ABN AMRO-bank va AVIA-bank kabi banklar faol ishtirok etmoqda.
Biroq joylarda kichik biznes subyektlari tomonidan xorijiy kredit liniyalarini nihoyat darajada sekin o‘zlashtirish hollari ko‘zatilmoqda. Bunga asosiy sabab, birinchidan, xorijiy kreditorlar bilan ishning yaxshi tashkil etilmaganligi hisoblansa, ikkinchidan, qarz oluvchilarning, ya’ni kichik biznes subyektlarining xorijiy kredit liniyalari tomonidan qo‘yiladigan talablarga mos kelmasligi hisoblanadi. Bu muammolarning oldini olish uchun, birinchidan, xorijiy kredit liniyalarini o‘zlashtirgan tijorat banklarida xalqaro darajadagi bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni yollash, ikkinchidan, banklardagi mavjud mutaxassislarni bu borada qayta tayyorlash tizimi sifatini oshirish, uchinchidan, kichik korxonalarning rahbarlari va mutaxassis xodimlarining bilim va tajribasini oshirish tizimini yanada rivojlantirish kerak va hokazo.
Kichik biznes subyektlarining turli xil moliyalashtirish manbalariga erkin kirib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi kerak. Kichik korxonalar, ayniqsa, shakllanish jarayonida kredit olish imkoniga ega bo‘lishlari lozim. Bu borada mamlakatimizda kichik biznes subyektlari faoliyatini moliyalashtirish uchun aynan shu soha subyektlari uchun mo‘ljallangan imtiyozli kreditlash tizimi joriy etilgan bo‘lib, ushbu tizim kichik biznes subyektlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Keyingi yillarda tijorat banklari tomonidan maqsadli tarzda ajratilayotgan mikrokreditlarning berilishi fikrimizning yaqqol dalili bo‘la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |