Qovun pashshasi – Carpomya pardalina Bigot. Ikkiqanotlilar (Diptera) turkumi, chiporqanotlilar (Tephritidae [q Trypetidae]) oilasiga mansub. Asosiy sinonimlari: Myiopardalis pardalina Bezzi, Carpomyia caucasica Zaitzev. Carpomya pardalina turini 1891 yili fransuz Bigo (Bigot) Belujiston (Pokiston va Erondagi tarixiy o’lka)da to’plangan hasharot asosida topib nomlagan. Ayni turni Bessi (Bezzi, 1910) Myiopardalis avlodiga Myiopardalis pardalina nomi bilan o’tkazgan. Ozarbayjonda topilgan bu hasharotni Zaysev (1919) yangi tur deb hisoblab, unga Carpomyia caucasica nomini bergan. Bu hasharot g’arbiy adabiyotda «Belujiston qovun pashshasi» yoki «Rus qovun pashshasi» nomlari ostida yuritiladi. Qovun pashshasining morfologiyasi va anatomiyasi Zaysev (1919, 1947) va Kando’bina (1965, 1977) tomonidan o’rganilgan, yurtimizda esa hasharotning biologiyasi, rivojlanish sikli va epidemiologiyasi Toshkent xamda Qoraqalpog’iston respublikasi olimlari tomonidan o’rganilmoqda. Keyingi yillarda Afg’onistonning hasharot tarqalgan ba’zi mintaqalarida qovun hosilining 90 foizi yo’qotilmoqda. Qovun pashshasining qurti poliz ekinlari mevalarini tugilishidan pishishigacha bo’lgan davrda zararlab, ularni butunlay chiritib yuboradi. U Qoraqalpog’iston sharoitida 2002 yildan e’tiboran poliz ekinlarining eng keng tarqalgan va hosilni pasaytiradigan, asosiy zararku-nandasiga aylangan. Bu hasharot tufayli 2003 yili qovun mevalarining 90-95%, tarvuzning 5-10% va bodringning 3-5 foizi nobud bo’lgan va keyingi yillari ham ko’p hosil yo’qotilmoqda. Pashsha oldin qovunning ertapishar navlari-ni zararlaydi, ulardan kechpishar qovun va tarvuzga o’tadi, natijada ham erta-, ham kechpishar navlarda juda katta zarar kuzatiladi. Pupariy ichidagi g’umbagi tuproqda, 10-20 sm chuqurlikda, qishlaydi. Qishlagan g’umbakdan pashshalar ertapishar qovun gullash va meva tuga boshlash davrida (mayning 2-nchi yarmida) uchib chiqadi. Pashsha shira bilan oziqlanganidan so’ng otalanadi va qovun yoki boshqa poliz ekinlari yosh mevalarining qobig’ini tuxum qo’ygichi bilan teshib, uning tagiga bittadan, ammo ko’pincha bitta mevaga 20 ta va undan ham ko’proq tuxum ko’yadi. Tuxum qo’yish davri odatda mevalar diametri 3-5 sm bo’lganda boshlanadi. Bitta urg’ochi pashsha 1 mavsumda 98-130 ta tuxum qo’yadi. Tuxum 2-8 kun davomida embrional rivojlanishdan o’tgach, ulardan lichinkalar chiqib, darhol meva ichiga o’tadi, meva eti bilan oziqlanib, uruqqacha yetadi va urug’ni ham yeydi. Ular 10-18 kun rivojlanganidan so’ng, meva po’stini teshib, tashqariga chiqadi va tuproqda 5-15 sm chuqurlikka ketib, u yerda pupa-riy ichida g’umbaklanadi. 10-18 kundan so’ng g’umbakdan 2-nchi avlod pashshasi chiqadi, urg’ochi zotlari otalanadi va yana tuxum qo’yadi. Bir avlodining hayot davri 30 kuncha bo’lib, bir mavsumda pashsha Afg’onistonda 3-4, Qoraqalpog’istonda 2-3 avlod beradi. Qishlashga ketish paytida lichinkalar tuproqda 10-20 sm chuqurlikda g’umbaklanadi. Lichinkalar qovun ichida harakatlanganida, qovun etida zang tusli dog’lar paydo bo’ladi. Lichinkalar tashqariga chiqishida po’choqda paydo qilgan teshiklardan kirgan mikroorganizmlar ta’sirida qovun 5-7 kun ichida butunlay chiriydi va badbo’y hid chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |