Lavlagining qo’ng’ir chirishi (rizoktonioz)ni Rhizoctinia solani zamburug’i qo’zg’atadi. Kasallik O’zbekistonda ham qayd etilgan. Ildizmeva dum tomonidan chiriydi. Chirigan to’qimalar ustida qo’ng’ir, qalin, junga o’xshash mog’or qatlami rivojlanadi. Bargbandlari ham chirishi mumkin. Kasallik o’choqlari dalaning past joylarida, ekin ortiqcha sug’orilganda va ayniqsa lavlagi yakka hokim bo’lgan dalalarda paydo bo’ladi (Peresыpkin, 1982; Rashidov va b., 1998).
Lavlagining bo’rtma (bo’qoq) kasalligini Agrobacterium tumefaciensbakteriyasi qo’zg’atadi. Kasallik O’zbekistonda ham qaydetilgan, ammo u dalada kam uchraydi. Bakteriya qand va xo’raki lavlagini hamda 60 dan ko’p boshqa o’simlik turlarini zararlaydi, ammo uning alohida shtammlari (misol uchun lavlagini zararlovchi shtammlar) zararlay oladigan xo’jayin o’simliklar turlari juda chegaralangan.
Qo’zg’atuvchi Agrobacterium tumefaciensbakteriyasi, aerob, grammanfiy, uchlari to’mtoq tayoqcha, 1-6 ta xivchinchali peritrix, harakatchan yoki ba’zan harakatchan emas, zndosporalari yo’q, 1,0-3,0x0,4-1,0 mkm, bittadan yoki zanjirchalarda joylashgan, bitta xivchinchasi yordamida harakatlanuvchi. Bakteriya tuproqda yashaydi. KDA va boshqa odatdagi ozuqa muhitlarida koloniyalari oq yoki sarg’ish-oq, bo’rtgan shaklli, yaltiroq va tiniq. Qo’zg’atuvchining uchta kenja turi (biovari) mavjud. Qo’zg’atuvchi bakteriya va uning biovarlarini ajratish uchun maxsus ozuqa muhitlari kashf qilingan, ammo to’g’ri tashxis qo’yish uchun bakteriya bilan xo’jayin o’simlikni sun’iy zararlash va qayta ajratib olish zarur. Indikator o’simliklar sifatida pomidor, tamaki, kungaboqar ishlatiladi va bakteriyaning virulent shtammlari ularda shishlar hosil qiladi.
Bakteriyaning gall qo’zg’atish (virulentlik) xususiyatini DNK dan tashkil topgan Ti-plazmidasi (Ti-DNK) ta’minlaydi. Qo’zg’atuvchining nomenklaturasi ancha chalkash, chunki nomenklatura bakteriyaning kasallik qo’zg’atish xususiyatiga asoslangan, bu xususiyat esa plazmidaga bog’liq. Bakteriyaning shishlardan ajratilgan, ammo plazmidasini yo’qotgan shtammlari patogenlik xususiyatini (virulentligini) ham yo’qotadi (Moore, 1991).
Bakteriya ildizmevaga mexanik jarohatlar orqali kiradi. Ildizmeva ustida har xil kattalikdagi, ba’zan o’zidan ham katta bo’lgan shish va g’uddalar o’sib chiqadi. Uparning ichida bo’shliq (kavak) lar bo’lmaydi. G’uddalar ildiz bilan ingichka bo’yincha orqali bog’langan bo’lib, ularni oson sindirib, uzib olish mumkin. Bo’rtmalarning usti silliq yoki g’adir-budur, so’gallar bilan qoplangan, po’k, ichi oq rangli to’qimadan iborat; ichida kavaklar va bakteriyalar yo’q. Bo’rtmalar bakteriya lavlagi mevasi hujayralarini qichitishi va ular tez-tez bo’linishi (giperplaziya) ta’sirida rivojlanadi. Vegetasiya davrida bo’rtmalar chirimaydi, ammo omborxonalarda saqlash paytida lavlagi oson chirib ketadi (Peresыpkin, 1982; Vyangelyauskayte i dr. 1989; Rashidov va b., 1998; Ganiyev, Nedorezkov, 2005).
Do'stlaringiz bilan baham: |