Sabzining qora chirish (alternarioz) kasalligini Alternaria radicinagifomiset zamburug’i qo’zg’atadi. Kasallik dunyoning barcha mamlakatlarida, jumladan O’zbekistonda ham tarqalgan. Sabzidan tashqari shivit, kashnich, selderey, petrushka va boshqalar ham zararlanadi.
Qo’zg’atuvchining belgilari.Alternaria radicina. O’simlik to’qimalarida hosil bo’lgan yashil-qoramtir mog’or qatlami zamburug’ning miseliysi, konidioforalari va konidiyalaridan iborat. Gifalar ko’p hujayrali, eni 2,5-10 mkm. Konidioforalar kam shoxlangan, to’g’ri yoki buralgan, och-kulrang, och qo’ng’ir, to’q-qo’ng’ir, zaytun rang-qo’ng’ir yoki to’q-zaytun rangli, gifalardan kam farq qiluvchi, uzunligi 200 mkm, eni 3-9 mkm. Konidiyalar ellipsoid, to’qmoq, teskari-to’qmoq, teskari-nok yoki teskari-tuxum shaklli, oldin och- qo’ng’ir, so’ngra to’q-qo’ng’ir yoki to’q-zaytun-qo’ng’ir tusli, eniga 2-8, bo’yiga 1-3 septali, o’lchami 25-57x9-27 mkm, o’rtacha 38-19 mkm.
Birinchi yil hosili uchun zararlangan urug’lik ishlatilganda olingan nihollarning ildiz bo’g’zi qorayishi, barglar sarg’ayishi va so’lishi kuzatiladi. Mavsum oxirida pastki barglarda to’q-qo’ng’ir dog’lar rivojlanadi, barglar quriydi. So’ngra kasallik ildizmevaning tepa qismiga o’tadi va chiritadi.
Omborxonada saqlash davrida sabzining har xil joylarida biroz botiq, qora, quruqdog’lar paydo bo’ladi va ular sabzi to’qimalarining ichiga chuqur tarqaladi; sabzini kesganda zararlangan to’qimalarning rangi to’q-qora ekanligini ko’rish mumkin. Yuqori namlik sharoitida zararlangan to’qimalar ustida miseliy, konidiofora va konidiyalardan tashkil topgan kulrang-yashil mog’or hosil bo’ladi. Sabzi kuzda kavlab olish, qop va yashiklarga joylash, tashish va omborxonaga qo’yish paytida, har xil mikroskopik yaralar orqali zararlanadi.
Kasallik urug’lik za o’simlik qoldiqlarida ham saqlanadi. Zararlangan ildizmevalar urug’ olish uchun ekilganda, chiqqan o’simlik yoz boshlarida gullamasdan qurib qoladi yoki kam va zararlangan urug’ hosil qiladi.
Ko’pincha alohida mikroorganizm qo’zg’atgan chirish kasallik rivojlanishining ilk bosqichlarida kuzatiladi, keyingi bosqichlarida esa alternarioz-fuzarioz, alternarioz-oq chirish-kulrang chirish, alternarioz- fuzarioz-bakterioz kabi qo’zg’atuvchilarning har xil majmualari uchraydi. Qora chirish bilan kurashda fomozga qarshi tavsiya qilingan tadbirlarni qo’llash to’la samara beradi (Gerasimov, Osniskaya, 1961; Pidoplichko, 19776; Dyakova, 1969; Peresыpkin, 1982; Vyangelyauskayte i dr., 1989; Sыchev, Mizunov, 1991; Ganiyev, Nedorezkov, 2005).
Kasallik O’zbekistonda ham qayd etilgan (Zaprometov, 1974). Kuzatuvda alternarioz omborxonada saqlanayotgan sabzida tarqalishi bo’yicha oq va kulrang chirishlardan so’nggi 3-nchi o’rinni egallagan (Xolmurodov, 2004).
Do'stlaringiz bilan baham: |