Sabzining oq chirishini Sclerotinia sclerotiorum askomiset zamburug’i qo’zg’atadi. Dunyoda barcha mamlakatlarda, jumladan O’zbekistonda ham tarqalgan. Sabzidan tashqari karam, bodring, loviya, poliz ekinlarini, kamroq darajada pomidor va boshqa ekinlarni zararlaydi. Ildizmevalar o’suv davrining oxirida dalada, so’ngra kavlab olish, qoplash, tashish va omborxonalarga joylash paytlarida zararlanadi. Ammo dalada faol o’sayotgan sabzining ildizmevasida kasallik odatda uchramaydi yoki kuchsiz darajada rivojlanadi.
Qo’zg’atuvchining belgilari. Sclerotinia sclerotiorum. Zararlangan o’simlik to’qimalarida hosil bo’lgan mog’or qatlami zamburug’ning miseliysidan iborat. Keyinroq mog’or ustida yaltiroq suv tomchilari paydo bo’ladi, mog’or ichida va ustida oldin oq, so’ngra qora tus oluvchi, ammo ichki qismlari oq rangini saqlovchi, shar, yassi yarim shar yoki boshqa shakldagi, diametri 0,5-2 mm dan 1-3 sm gacha, yoki noto’g’ri shaklli, o’lchami 2-4x0,3-1 sm keladigan, sklerosiylar rivojlanadi. Uparning shakli va o’lchami zararlangan o’simlik turi va harorat, namlik bilan bog’liq va o’ta o’zgaruvchan.
Sklerosiylar tinim davridan so’ng, omborxonalarda miseliy, dalada apotesiy hosil qilib o’sadi. Har bir sklerosiydan bitta yoki bir nechta apotesiy o’sib chiqadi. Apotesiylar diametri 0,4-2 sm, och-qo’ng’ir tusli, voronka shaklli, oyoqchalarining uzunligi 2-5 (10) sm. Xaltachalar teskari-to’qmoq yoki silindr shaklli, o’lchami 130-135x8-10 mkm. Askosporalar 1 qatorga joylashgan, ellipsoid shaklli, rangsiz, o’lchami 9-15x4-6,5 mkm.
Oq chirishning tez tarqalishi, kuchli rivojlanishi va hosilga asosiy zarari, odatda, sabzi omborxonaga qo’yilgandan 1-2 oy keyin kuzatiladi. Ildizmevalarning to’qimalari yumshaydi, ammo rangi o’zgarmaydi; usti shilimshiqlanadi, faqat miseliydan iborat bo’lgan oq, po’k, paxtasimon mog’or bilan qoplanadi. Miseliy zararlangan sabzidan yonidagilariga o’tadi va ularni ham zararlaydi. Vaqt o’tishi bilan miseliy orasida o’lchami 1-3 sm gacha yetadigan, qora, qattiq sklerosiylar hosil bo’ladi va miseliy ustida yaltiroq tusli suyuqlik tomchilari paydo bo’ladi.
Sklerosiylar tuproqda va omborxonalarda to’planadi. Qishlagan sklerosiylar o’sadi va xaltachalar paydo qiladi. Xaltachalardan askosporalar havoga zarb bilan otiladi, sabziga tushib, o’sadi va uni zararlaydi. Omborxonalarda sklerosiylar o’sganda miseliy hosil qiladi va kontakt usuli bilan ildizmevalarni zararlaydi.
Urug’lik uchun dalaga ekilgan zararlangan ildizmevalar yoki ulardan o’sib chiqqan o’simliklar tezda chirib ketadi. Fiziologik kuchsiz (sovuq ta’sirida bo’lgan, mexanik jarohatlangan va keragidan ortiqcha azot o’g’iti bo’lgan tuproqda yetishtirilgan) sabzi oq chirish bilan kuchliroq zararlanadi. Zamburug’ sabzida rivojlanishi uchun minimal harorat 0°S atrofida, optimal harorat esa 17-20°S.
Oq chirish bilan kurashdafomozga qarshi ishlatiladigan choralarni qo’llash tavsiya qilinadi. Undan tashqari, ichida sabzi saqlanayotgan qumga bo’r (20 kg/t) solish yoki qum bilan ohak (1:1) aralashmasini qo’llash foydali ekanligi xabar qilingan (Gerasimov, Osniskaya, 1961; Maslennikov i dr., 1971; Pidoplichko, 1977a; Peresыpkin, 1982; Vyangelyauskayte i dr., 1989; Sыchev, Mizunov, 1991; Ganiyev, Nedorezkov, 2005).
O’zbekiston sharoitida omborxonalarda saqlash paytida oq chirish sabzida eng ko’p tarqalgan kasallik ekanligi va zararlangan ildizmevalarning 40-60 foizi chirib ketishi mumkinligi xabar qilingan (Kuznesova, Tursumetova, 1970; Fletcher, 1987; Xolmurodov; 2004; Ganiyev, Nedorezkov, 2005).
Do'stlaringiz bilan baham: |