Surepisa (Brassisa campestris L.) -to’pbarglari to’qroq yashil, siyrak tukli mumsimon g’uborsiz, poya barglari poyani ostki tomondan o’rab turadi. Gul to’plami - soxta soyabon. Mevasi rapsnikiga nisbatan tumshuqchasi uzunroq bo’ladi. 1000 ta urug’i vazni 1,6-3,5 gr.
Raps va surepisaning urug’lari 1-3 S da unaboshlaydi, yosh maysalari 3-5S sovuqqa chidaydi. Harorat 2-3S issiq bo’lganda o’simlik o’sadi, kuzda -8S sovuqni o’zida zararsiz o’tkazadi.
Bu ekinlarning muhim biologik xususiyati, ularning o’rilgandan yoki yedirilgandan keyin takror o’sa olish qobiliyati hisoblanadi. Shuning uchun ko’k konveyer va yaylov uchun yaxshi o’simliklar hisoblanadi.
Kuzda ekilganda qish kirguncha baquvvat ildiz sistemasi va to’pbarg hosil qiladi. Bahorda tuproq 2-3S ilishi bilanoq o’sish boshlanadi. Odatda, bahorgi o’sish boshlangandan keyin 10-15 kun o’tgach, shonalaydi, poya chiqaradi, keyin gullab mevalaydi.
Ko’k massa uchun o’stirilganda 1 t quruq modda hosili uchun 2,6 kg azot, 0,91 kg fosfor va 3,9 kg kaliy sarflaydi.
Agrotexnikasi. Ekinlarni o’stirishda ularning biologik xususiyatlari, ya’ni urug’larning maydaligi, o’simlikning yosh davrida sekin o’sishi, ozuqa moddalarga va tuproq unumdorligiga talabchan ekanligi e’tiborga olinishi kerak.
O’zbekiston sharoitida g’o’za, kuzgi bug’doy, makkajo’xori, sabzavot ekinlari (karamgullilardan tashqari) bu ekinlar uchun yaxshi o’tmishdoshlar hisoblanadi.
Raps va surepisa boshqa ekinlar uchun yaxshi o’tmishdosh sanaladi. U har gektar maydonda 2 t. va undan ortiq ildiz massasi va ang’iz qoldiradi, uning tarkibida 32 kg. azot, 15,5 kg kalsiy va 16,2 kg fosfor bo’ladi. Ko’pchilik olimlar ildizlari baquvvat bo’lganligi uchun tuproq fizik xossalarini yaxshilaydi deb hisoblaydilar.
O’g’itlar me’yorini belgilashda rejalashtirilayotgan hosil, tuproqdagi o’simlik o’zlashtira oladigan ozuqa moddalar miqdori, solingan o’g’itlar va tuproqdagi ozuqa moddalardan o’simlikning foydalanish koeffisiyentlarini e’tiborga olmoq kerak. 1 ga maydonga 20-40 t organik o’g’it solish va ekish oldidan yoki ekish bilan 30-60 kg azot solish yaxshi samara berishi isbotlangan.
Paxtachilik xo’jaliklarida oraliq ekin sifatida maqbul ekish muddati oktyabr oyining birinchi o’n kunligi hisoblanadi.
Ekish usuli foydalanish maqsadiga ko’ra ikki, uch o’rim olish uchun keng qatorlab (40-60 sm), hayvonlarni haydab boqish uchun ekilganda tor qatorlab (15-30 sm.) yoki yoppasiga ekish mumkin. Urug’ sarfi me’yori ekish usuliga qarab, gektariga 6-12 kg bo’lishi mumkin. Urug’larni sabzavot yoki don-o’t ekuvchi seyalkalar yordamida ekiladi. Ekish chuqurligi 1-3 sm.
Ko’k massa hosili gullay boshlagan davrda o’rib olinadi.
XAShAKI KARAM
Xashaki karam ozuqalik nuqtai nazardan alohida ahamiyatga ega o’simlikdir. Chunki tarkibida ko’p miqdorda vitaminlar, mineral tuzlar, kislotalar, protein va boshqa moddalar bo’ladi.
Uni silos uchun, ko’k o’t va kech kuzgacha foydalanish mumkin bo’lgan yaylov ekini sifatida ekish mumkin. Xashaki karamning tarkibi ko’p miqdordagi ozuqa moddalarga egadir (30-jadval)
Do'stlaringiz bilan baham: |