Yerni ekishga tayyorlash. Beda urug’ini bir tekis undirib olish va ko’chat qalinligi to’la bo’lishiga erishish shartlaridan biri tuproqni ekishga sifatli tayyorlash hisoblanadi. Beda ekiladigan dalani kuzda shudgorlashga tayyorlash usuli o’sha dalada ekilgan ekinning xarakteriga bog’liq va yumshatish, o’g’it solish hamda chuqur haydashni (35-40 sm) o’z ichiga oladi.
Beda urug’ini ekish oldidan dalani tekislash, begona o’t ildizlaridan tozalash zarur tadbirdir. Sho’r tuproqlar yuviladi. Sho’ri yuvilgan dala ekish oldidan 10-12 sm yumshatiladi va yengil mola bosiladi.
Urug’ni ekishga tayyorlash. Beda urug’i yovvoyi o’t urug’idan hamda zarpechakdan toza bo’lishi kerak. Urug’ «Kleyton», «Triumf», VS-8M, S-1,0, OSM-3U, SP-0,5 saralagich mashinalaridan o’tkazilgach, zarpechakdan «Kuskut N 3» va EMS-1da tozalanadi.
Ekiladigan urug’ tozaligi 92%, unuvchanligi 85% dan kam bo’lmasligi kerak. Beda urug’xo’ri bilan zararlangan urug’lar osh tuzi eritmasiga (1 l. suvga 300 g. tuz) solinadi. Shunda zararlangan puch urug’lar suv betiga qalqib chiqadi.
Beda ikki xil muddatda ekiladi: 1) yoz oxirida - kuz boshida sof holda; 2) erta bahorda don ekinlarini qoplovchi qilib ekiladi. Undan tashqari makkajo’xori va oqjo’xori bilan birga ekish ham mumkin. SUT-47, SZTN-47, SZT-3,6 kabi ekish mashinalarida qatorlar orasi 13-15 sm qilib ekiladi, ekish normasi gektariga 14-16 kg.
Parvarish qilish. Pichan uchun ekilgan beda parvarishi sug’orish, boronalash, diskalash, begona o’tlarni yo’qotish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashdan iborat.
Sug’orish. Bedani sug’orish rejimi uning yoshiga, rivojlanish fazasiga, tuproq va tabiiy iqlim sharoitiga bog’liq. Bahorda ekilgan (sof holda va qoplovchi qilib) beda birinchi o’rimgacha 2-3 marta sug’oriladi. 1-suv maysalar 10-12 sm ga yetganda berilishi kerak. 1-o’rimdan so’ng birinchi yilgi beda ham 2-3 yillik beda kabi sug’oriladi. Ko’pyillik bedani necha marta va qanday normada sug’orish joyning tuproq-iqlim va boshqa sharoitlariga bog’liq. Bedani necha marta sug’orish necha marta o’rib olinishiga va o’rish muddatiga bog’liq. 3-6 martadan 1-2 martagacha sug’oriladi. Sug’orish normasi 500-700 va 1000-1200 m3.
Beda, odatda, yoppasiga bostirib sug’oriladi. Egatlab sug’orishda qish va erta bahorda sug’orish yaxshi natijalar beradi.
Bedapoyani boronalash va diskalash. Bu tadbir bedaning o’sishi va rivojlanishini yaxshilaydi, dala yovvoyi o’tlardan tozalanadi. Tuproq yuzasi yumshaydi, bedaning ildizi havo bilan yaxshiroq ta’minlanadi, nam ko’proq to’planadi, hosil 15-20 foiz va undan ortiq ko’payadi. Boronalash va diskalash ishlari bedaning yoshiga va o’stirilgan sharoitga qarab bajariladi. Normal qalinlikda o’sayotgan 1-2-3-yilgi bedalarni boronalash yaxshi samara beradi. Diskalash, odatda, eski (5-6-yillik) siyraklashgan bedapoyalarda yaxshi foyda beradi. Bu ishlar erta bahorda yoki navbatdagi o’rimdan keyin o’tkazilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |