Tuproqni ishlash. Sug’oriladigan sharoitda beda ekish uchun tuproq ikki yarusli pluglarda (PYa-3-35) 32-35 sm chuqurlikda kuzgi shudgor qilinadi. Agar tuproq soz strukturasiz bo’lsa, qish davrida juda zichlashib ketadi, bunday joylarni bahorda chizel bilan chuqur yumshatish zarur, chizellash boronalash bilan birga o’tkaziladi.
Ekish oldidan tuproq yaxshi tekislanadi, bu tadbirni sifatli bajarish orqali dalada o’simliklarning suv bilan bir tekisda ta’minlanishiga erishiladi, natijada beda pichani va urug’ hosili keskin ortadi.
Ko’pyillik ildizpoyali va ildiz bachkili begona o’tlar ko’p tarqalgan dalalarda ularni osma borona yoki kultivator yordamida tarab olinib, to’planib dala chetiga chiqarib tashlash lozim.
O’g’itlash. Beda yuqori pichan va ko’k massa hosili bera olishi uchun ko’p ozuqa elementlari (fosfor, kaliy, kalsiy va boshqalar) talab etadi. Gektaridan 50 s pichan hosili bilan 110 kg kaliy, 36 kg fosfor,120 kg azot va 145 kg kalsiy moddalarini olib chiqib ketadi. Shuningdek, yaxshi rivojlangan ildiz tizimini shakllantirish uchun ham ko’plab ozuqa elementlarini sarflaydi. Yana beda hayotining birinchi yili qoplovchi don ekinlari (ko’p ozuqa is’temol qiluvchi ekinlar) ostida o’sishini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim.
Tarkovskiy M.I. va boshqa olimlarning fikricha, beda va u bilan birga o’stirilayotgan o’t aralashmalariga o’g’it solish hosilni oshirish bilan birga o’tlarning ozuqalik sifati yaxshilanishiga, tarkibida oqsil, mineral moddalar va vitaminlarning ko’payishiga olib kelgan.
Go’ng o’simlik uchun faqat ozuqa moddalar (azot, fosfor, kaliy va boshqalar) emas, go’ng bilan birga tuproqqa juda ko’p miqdorda mikroorganizmlar tushib, tuproqdagi mikrobiologik jarayonni kuchaytiradi va beda ildizlarida tuganak bakteriyalari ko’proq hosil bo’lishiga yordam beradi.
Go’ngning tuproqqa va o’simlikka ta’siri yaxshiroq bo’lishi uchun, uni kuzgi shudgor ostiga solish ma’qul hisoblanadi.
M. Muhammadjonov tavsiyasiga ko’ra, almashlab ekish sxemasiga asosan beda ekishga mo’ljallangan dalalar chuqur yumshatgichlar yordamida 50-60 sm. hatto 80 sm. chuqurlikda yumshatilishi va bir yo’la ustki qatlam 30 - 35 sm. chuqurlikda ag’darib haydalishi kerak. Xaydalma qatlam hamda uning ostidagi yumshatilgan qatlamga fosfor va kaliy o’g’itlarining yillik normasi elangan go’ngga qo’shib solinadi. Haydalma qatlam ostiga tushgan chirigan go’ng tuproqdagi mikroorganizmlar faoliyatini faollashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Beda uchun mineral o’g’itlar qo’llashda asosiy ozuqa elementlarini o’simlik o’zlashtira oladigan formada tuproqdagi miqdori, bedaning o’g’itlarni turli formalaridagi ozuqa moddalari va tuproqdan o’zlashtirishi hisobga olinishi kerak.
Fosfor. Beda rivojlanishining dastlabki paytlari, urug’ una boshlagandan 20-25 kundan to 6-7 ta barg chiqargunga qadar bu elementga talabi yuqori bo’ladi. O’simlikning shu davrda fosfor bilan yetarli ta’minlanishi keyingi rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
Olimlarning aniqlashicha, beda tuproqdagi va o’g’itlar tarkibidagi suvda qiyin eriydigan fosforlarni kuchsiz o’zlashtiradi. O’simlikka fosfor yetishmaganda barglari mayda bo’lib, rangi to’q yashil, zangori tusga kiradi. Pastki bargda to’q qo’ng’ir va qora dog’lar hosil bo’ladi, quriyotgan barglari sarg’aymay turib, qo’ng’ir va qora tusga kiradi. O’simlikning o’sishi sustlashadi, gullashi va urug’ hosil qilishi kechikadi, tuganak bakteriyalarning avj olishi yomonlashadi. Fosfor hosilning oshishiga, oqsil, mineral moddalar va vitaminlarning ko’payishiga olib keladi. Fosforning beda hosiliga ijobiy ta’siri sug’oriladigan sharoitlarda, ayniqsa, yuqoridir.
Kaliy. Kaliy bedada oqsil va qandning sintezlanishini yaxshilaydi. Fotosintez jarayonida hosil bo’lgan plastik moddalarning boshqa organlarga o’tishiga yordam beradi. Bedaning sovuqqa chidamliligini oshiradi. Bedaga kaliy yetishmasa, pastki barglar och yashil-sarg’ish rangga kiradi, chetlaridan boshlab mayda, keyinchalik qo’ng’ir tusga kiradigan oqish dog’lar paydo bo’ladi, chetlari tepaga qarab buraladi, keyinchalik bujmayib qoladi. Poyaning yuqori bo’g’in oraliqlari qisqaradi. Tuproqda o’simlik uchun kaliy yetishmasligi ikkinchi o’rimdan boshlab aniq bilinadi. Ko’pincha, bunday o’simliklar qishda nobud bo’ladi. Kaliy yetishmaganda bedaning zamburug’ kasalliklariga chidamliligi pasayadi. Turgor pasayadi, fotosintez sekinlashadi, tuganaklarning azot to’plashi kamayadi.
Beda uchun asosiy oziq moddalar (N, P, K.) dan tashqari kalsiy, magniy, temir, oltingugurt moddalari va mikroo’g’itlar - molibden, mis, rux, marganes, kobalt kabilar zarur hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |