Namuna olishni uchta asosiy strategiyasi mavjud: tasodifiy namuna olish, stratifitsiyalangan namuna olish va muntazam namuna olish (4.7.1. -rasm).
Tasodifiy namuna olish – namuna olish nuqtasi vaqti va joyi obʼekt boʼyicha tasodifiy shaklda taqsimlangan.
Stratifitsiyalangan namuna olish – obʼekt birinchi navbatda N teng oʼlchamlarga boʼlinadi, ichki har bir qismni esa tasodifiy tarzda namuna olish oʼrnatiladi.
Muntazam namuna olish – namuna olishning barcha N nuqtalari bir-biridan (bir oʼlchamli tasodif) teng masofada joylashadi yoki belgilangan simmetrik sxema boʼyicha (namuna olish nuqtai nazaridan ikki yoki undan ortiq oʼlchashlarga ega boʼlgan).
4.8. Qurilmaviy noaniqliklar va ularni taʼsirini miqdoriy baholash Qurilmaviy noaniqliklar - oʼlchash vositalarining takomillashmaganligiga bogʼliq boʼlgan noaniqliklardir. Bunday noaniqliklarga, masalan, analitik tarozilarning aniqlik chegaralari; (berilgan chegaralarda) qayd qilinadigan temperaturadan farqlanuvchi oʼrtacha temperaturani taʼminlovchi temperatura rostlagichining mavjudligi; ortiqcha yuklama effektiga uchrashi mumkin boʼlgan avtomatik analizator; oʼlchash vositalarning ishlash printsipiga kirgan noaniqliklar; oʼlchash vositasini tayyorlash texnologiyasi yoki konstruktsiyasidagi kamchilikka bogʼliq boʼlgan noaniqliklar va h.k. kirishi mumkin.
Аsbobiy (qurilmaviy) noaniqliklar – ishlatiladigan oʼlchash vositalarining metrologik, texnik va qoʼllash xususiyatlari ideal boʼlmagan taqdirda hosil boʼladi. Jumladan:
- oʼlchash vositasining konstruktiv kamchiliklaridan;
- oʼlchash vositasini tayyorlash texnologiyasining mukammal emasligidan;
- alohida elementlarning eskirishi va yeyilishidan;
- oʼlchash vositalarining asosiy va qoʼshimcha noaniqliklaridan;
- oʼlchash vositalarining inertsionli xususiyatlaridan;
- darajalash noaniqligi yoki shkalaning siljishidan;
- oʼlchash vositasining oʼlchash obʼekti bilan oʼzaro taʼsirlashuvidan;
- oʼlchash informatsiyasini uzatishda va boshqa faktorlar taʼsirida hosil boʼladigan noaniqliklar va b.
Oʼlchash vositalarning ishlash printsipiga kirgan noaniqliklar. Bu noaniqliklar, oʼlchash vositasidan foydalanish tartibiga qarab, statik va dinamik noaniqliklarga ajraladi. Statik noaniqlik – oʼlchash vaqti davomida oʼlchami oʼzgarmas deb hisoblangan kattalikni oʼlchash noaniqligidir. Dinamik noaniqlik – oʼlchanayotgan kattalikning oʼlchami oʼzgarmaydi, deb boʼlmaydigan dinamik oʼlchashlar vaqtida statik noaniqlikka qoʼshimcha ravishda paydo boʼladigan oʼlchashlar noaniqligining tashkil etuvchisidir.Dinamik noaniqlik ikki omilga: oʼlchash vositasining dinamik xossalari va oʼlchanadigan kattalikning vaqt ichida oʼzgarish xarakteriga qarab aniqlanadi. Bu turdagi statik noaniqlikka oʼlchash vositasi almashtirish funktsiyasining nochiziqligiga bogʼliq boʼlgan noaniqlik misol boʼla oladi. Masalan, Guk qonuning keng oraliqda nochiziqliligi, temperaturani oʼlchashda temperatura datchiklarining nochiziqliligi (Zeebek effekti), oʼzgaruvchan tok volьtmetrlarining chastotaviy noaniqliklari tufayli statik noaniqliklar kelib chiqadi. Dinamik noaniqliklarga oʼlchash vositalarining inertsion xossalari (temperaturani oʼlchashda termometrning inertsionligi, tez oʼzgaruvchi tezliklarni aniqlashda spidometrning inertsionlik xossalari va h.k.) ga bogʼliq boʼlgan noaniqliklar misol boʼla oladi. Barcha raqamli oʼlchash vositalarining ishlash printsipiga kirgan, tez-tez uchrab turadigan noaniqliklardan biri analogli-raqamli almashtirishda uzluksiz kattalikni kvantlash noaniqligidir.
Masalan, SGB G4-1 modelidagi gaz sarfi hisoblagichning qurilmaning qoʼshimcha temperaturaviy noaniqligini hisoblash misolida koʼrib chiqamiz.
Gaz sarfi hisoblagichni 100 m3 miqdor uchun yoʼl qoʼyilgan standart U(V) noaniqligini quyidagicha aniqlaymiz (qurilma qoʼllash boʼyicha yoʼriqnoma maʼlumotlaridan foydalanildi):