Bu ta’rif quyidagicha: «Davlat shakli» deganda davlatdagi siyosiy hokimiyatni uyushtirishning uch asosiy elementlari tushuniladi.
Bular: birinchidan, boshqarish shakli, ya’ni davlat hokimiyati va boshqaruvini tuzish va tashkil etishning muayyan tartibi;
ikkinchidan, davlat tuzilishi, ya’ni davlatlarning hududiy tuzilishi, markaziy, mintaqaviy va mahalliy hokimiyatlarning o‘zaro munosabati;
uchinchidan, siyosiy rejim (davlat) idora usuli yaxlitligidir.
Shunday qilib, davlat shakli deganda uch tarkibiy qismi - boshqaruv shakli, davlat tuzilishi shakli, siyosiy rejim: ya’ni davlat idora usuli birlikda olingan siyosiy hokimiyat tashkiloti tushuniladi2.
Boshqaruv shakli – davlat hokimiyati va boshqaruvi oliy idoralarining tashkil etilishi va uyushtirilishining muayyan tartibidir.
Davlatning tuzilishi shakli – davlatning ma’muriy-hududiy tuzilishi, markaziy, mintakaviy va maxalliy hokimiyatlar o‘zaro munosabatlarining muayyan tartibidir.
Siyosiy rejim (davlat idora usuli) – siyosiy (davlat) hokimiyatini amalga oshirishning usul va metodlaridir.
Davlat tuzilishi shakli tushunchasi va uning mohiyati
Fuqarolar soni va hudud ko‘lami muayyan chegaraga yetganda mamlakat hududini okruglar, viloyatlar, o‘lkalar, shtatlar, kantonlar, guberniyalar, tuman singari hududlarga bo‘lish hamda shu hududiy tuzilmalarda hokimiyatning mahalliy (hududiy) organlarini tuzish zarurati tug‘ilaladi. Har qanday davlat muayyan hududda joylashgan. Uning fuqarolari ham xuddi shu hududda istiqomat qilishadi. O‘zining ijtimoiy funksiyalarini bajarish - fuqarolarning iqtisodiy turmushi va himoyasini tashkil etish, sug‘urta zahiralarini yaratish va hokazolar uchun davlat turli xil faoliyatni amalga oshiradi. Ammo aholining soni ancha ko‘p, hududiy o‘lchami katta bo‘lgan sharoitlarda bir markazdan turib bu faoliyatni amalga oshirish - qariyb uddalab bo‘lmaydigan vazifadir.
Shu tariqa hokimiyat va boshqaruvning markaziy hamda mahalliy organlari o‘rtasida vakolatlarni bo‘lish ehtiyoji ham paydo bo‘ladi. Bu davlat (hududiy) tuzilishi zaruratini keltirib chiqaradigan birinchi sababdir.
Ikkinchi sabab u yoki bu davlat aholisining ko‘p millatliligi bilan bog‘liq. Har bir xalq, millatning o‘z an’analari, davlatchilik bo‘yicha tarixiy tajribasi mavjud, madaniy, til va boshqa ma’naviy ehtiyojlarga ega. Bularning hammasini davlat tuzilishi chog‘ida nazarda tutish kerak.
Uchinchi sabab subyektiv va hatto tasodifiy omillar - o‘zlashtirib olish, mustamlakachilik ta’siri, siyosiy manfaatlar va boshqa ko‘pgana holatlardan iborat bo‘lishi mumkin. Boshqaruv shakli singari hududiy tuzilish ildizlari ham juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Qadimgi Sharq despotik imperiyalariyoq viloyatlar, shaharlar, satrapiyalar, zabt etilgan hududlarga bo‘lingan. Ular o‘z hududiy tuzilmalari hamda o‘z hokimiyat va boshqaruv organlariga ega bo‘lishgan. Albatta, davlat o‘z hududiy tuzilmalarining oddiy yigandisidan iborat emas. Lekin bu tuzilmalarsiz davlat mavjud bo‘la olmaydi.
Davlatshunos olimlar tomonidan davlat tuzilishi tushunchasiga ko‘plab ta’riflar berilgan. Lekin ular bir-birlaridan unchalik katta farq qilmaydi.
Ularning qariyb barchasi davlat tuzilishi shakli deganda davlat hokimiyatining ma’muriy-hududiy tashkil etilishi, davlat bilan uni tashkil etuvchi qismlar o‘rtasidagi, davlatning alohida qismlari o‘rtasidagi, markaziy va mahalliy organlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar xarakterini tushunish kerak, deb hisoblashadi.
Tuzilish tarkibiga ko‘ra davlatlar oddiy - unitar hamda murakkab - federativ va konfederativ davlatlarga bo‘linadi. Davlat tuzilishi shakli nafaqat ommaviy hokimiyat bilan, balki davlatning yana bir muhim xususiyati - aholining hududiy tashkiloti bilan ham chambarchas bog‘likdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |