Muomala vositasi funksiyasi. Muomala vositasi funksiyasida pul yordamida tovar o‘zining pul qiymatiga ayirbosh qilinadi. Bu funksiyani bajarish uchun naqd pul bo‘lishi lozim. Bu funksiya yordamida tovarlarni bir-biriga ayirboshlash — barter usuliga chek qo‘yiladi. Tarixiy taraqqiyot ko‘rsatadiki, jamiyat rivojlanishining ilk bosqichlarida barter mehnat mahsulini ayirbosh qilishning yagona yo‘li bo‘lgan. Barterning noqulayligi shundan iborat bo‘l- ganki, A. tovar egasi B. tovarni sotib olish uchun, nafaqat B. tovar ishlab chiqaruvchini, balki B. tovar egasiga zarur bo‘lgan tovarni ham topa olishi kerak edi. Bu juda qiyin jarayon bo‘lib, yuzlab tovarlarni muomalaga jalb qilgan holda ko‘zlangan maqsadga eri- shish mumkin bo‘lgan. Oltinning pul sifatida ishlatila boshlashi natijasida barter usuli tovar ayirboshlashning usuli sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. Lekin shuni ta’kidlash kerakki, barter usuli hozirgi kunda ham ba’zi hollarda jahon amaliyotida qo‘llanilib kelinmoqda.
Tovar defitsiti, inflatsiya sur’atlarining oshib ketishi, mamla- katda siyosiy va iqtisodiy barqarorlikning yo‘qligi sharoitida barter bo‘yicha tovarlar harakatini amalga oshirish tomonlar uchun qulay hisoblanadi.
Pulning muomala vositasi funksiyasida tovar qo‘ldan qo‘lga o‘tadi va muomaladan chetlashadi, ya’ni iste’molchi egaligiga o‘tadi. Pul va tovarning harakati (T~P— T) qisqa vaqt ichida tugallanadi.
Qiymatning doimo bir shakldan ikkinchi shaklga (tovar—pul va pul—tovar) o‘tib turishi pulning muomala vositasi funksiyasining asosini tashkil qiladi. Shuning uchun ham bu funksiyani bajarishda naqd pul bo‘lishi, u barqaror, sifati yuqori bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonda muomala vositasi funksiyasini Markaziy bank tomonidan chiqarilgan qog‘oz pullar va metall tangalar bajaradi. Muomalaga chiqariladigan naqd pullar miqdori savdo-sotiq hajmiga, ish haqi to‘lashning vaqtiga, aholining bankdan qarzga mablag‘lar olish imkoniyatiga va boshqa omillarga bog‘liq. Savdo- sotiq hajmining ko‘pligi va ish haqining tez-tez to‘lab turilishi muomalaga ko‘p pul chiqarish zarurligidan, aholining bankdan ko‘proq kredit olish imkoniyatiga ega ekanligi kamroq muomala vositasi kerak ekanligidan dalolat beradi. Shuni aytish kerakki, ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish, natural xojalik, kichik korxona, fermer xojaliklarimng ko‘payishi muomala vositasiga bo‘lgan talabni kamaytiradi.
Pulning muomala vositasi sifatida ishlatilishi muomala xarajatlarining barter xarajatlariga nisbatan ancha past bo‘lishini ta’minlaydi. Pulning muomala vositasi funksiyasi uning boshqa funksiyalaridan o‘zining ma’lum xususiyatlari bilan ajralib turadi. Muomala vositasi funksiyasining xususiyatlari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
bu funksiyani real, naqd pullar bajaradi;
tovar va pul bir-biriga qarama-qarshi, bir trayektoriyada harakat qiladi;
tovar va pul harakati bir vaqtda yuzaga keladi;
tovar sotuvchi va tovar sotib oluvchi o‘rtasidagi munosabat tugallanadi va tomonlar tovarga yoki pulga ega bo‘ladilar;
pul muomala vositasi bo‘lishi uchun, avvalambor, qiymat o‘lchovi bo‘lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |