Tarbiyada estetik ongning ob’ektiv va sub’ektiv omillar ta’sirida o’zgarib borishini hisobga olish lozimligi.
Estetik tarbiya insonning didini, ko’nglini, asl insoniy tuyg’ulari va estetik mo’ljallarini shakllantirish, ijodiy fantaziyasini uyg’otish barobarida badiiy bilishning, zavq – shavqning yangi turlarini, ko’rinishlarini o’zlashtirishda, eskilarini teranlashtirishda unga yordam beradi.
Estetik g’oyalar, tushunchalar, me’yorlar inson va jamiyat bilan birga rivojlanib, o’zgarib boradi. Bu ijtimoiy ong va tajriba o’sishi, insonning olam haqidagi tasavvurlari, bilimlari, jumladan badiiy va estetik tasavvurlari, bilimlari kengayib, yaratuvchilik mahorati o’sishi bilan bog’liq. Taraqqiyot jarayonida badiiy ijodning yangi-yangi turlari va janrlari vujudga keldi, ba’zi birlari boshqalari bilan almashdi.
Adabiyotda dastlab qo’shiqlar va epik qissalar, dostonlar, yirik qahramonlik eposi janrlari ustunlik qilgan bo’lsa, keyinchalik lirikaning turli janrlari, falsafiy-didaktik asarlar, zamonaviy adabiyotda esa hikoya, qissa, romanlar va sh.k. janrlar paydo bo’ldi. Texnika rivojlanishi bilan kinosan’ati, TV va videofilm janrlari tug’ildi. Musiqa san’atidagi o’zgarishlar haqida ham shunday deyish mumkin. Jaz, elektr musiqa asboblari yordamida ijro etiladigan janrlar vujudga keldi. Dizayn, sanoat va ofis arxitekturasi va ko’plab shu kabi zamonaviy texnologiyalar bilan bog’liq janrlar rivojlandi. Sanoat texnologiyalarining san’atga, dizaynga kirib kelishi, yangi talablarni tez hisobga olish imkoniyatlari paydo bo’lishi “moda”degan tushunchaga keng mazmun bag’ishladi.
Modaning bevosita go’zallikka aloqasi yo’q, garchand modadan qolgan buyum omma ko’z o’ngida chiroyini yo’qotgan, aksincha, modadagi buyum esa chiroyli ko’rinsa-da. Bu aslida psixologik munosabat. Modadan qolgan buyum eskirgan, oxorini yo’qotgandek, modadagi buyum toza, ohorlidek odamlar tomonidan qabul qilinadi. Moda ayni paytda iste’molchilarning jamiyatda tarqalgan aktual dolzarb talablaridir. U ko’proq ommaviy axborot vositalari, plakatlar, bannerlar, e’lonlar turli namoyishlar, ko’rgazmalar orqali iste’molchilarda shakllantirilgan muvaqqat iste’mol istagidir. U, bir tomondan, insonning rang-baranglikka intilish psixologiyasini hisobga oladi; ikkinchi tomondan – ishlab chiqarish texnologiyalaridagi yangi o’zgarishlarni, ishlab chiqaruvchilar o’rtasidagi raqobatni aks ettiradi. Moda ommaning muvaqqat iste’mol intilishi o’laroq sub’ektiv hodisadir. Undagi ob’ektivlik esa vaqtinchalik bo’lib faqat uning texnologiyalar ko’proq funksiyalarni bajarishi bilan bog’liq jihatidir.
Insonning haqiqiy didini, hayotga estetik munosabatini shakllantirishda, umuman estetik tarbiyada moda emas, balki mumtoz adabiyot va san’at hal qiluvchi rol o’ynaydi. CHunki ularda olg’a surilgan g’oyalar davrlar sinovidan o’tgan. Vaqt ta’sirida mayda, o’tkinchi, muvaqqat tuyg’ular, baholar va boshqa kamchiliklar esa tushib qoladi, yoki o’quvchi tomonidan aktual qabul qilinmaydi. Mumtoz adabiyot va san’at asl milliy qadriyatlar, milliy o’zlikni anglash manbalaridir. Ular orqali ma’naviy – mafkuraviy, shu jumladan estetik immunitet shakllanadi. Lekin mumtoz adabiyot va san’at insondan ma’lum didni, tayyorgarlikni talab etadi. Musiqa bobida hech qanday bilimga ega bo’lmagan kishi shoshmaqomni yoki simfoniyalarni tinglashdan tez zerikadi, qiynalib ketadi. Mumtoz adabiyotni ham o’qish oson emas. Masalan, Navoiy asarlarini tushunish uchun XV asr o’zbek tilini, ko’plab arabcha va forscha so’zlar mazmunini bilish, islom asoslari, Qur’oni karim va hadisi shariflar, tasavvuf to’g’risida muayyan taavvurlarga ega bo’lmoq lozim.
SHu sababdan maktab darsliklarida mumtoz adabiyotimiz na’munalarining asliyati ularning oddiy tilga bayon qilingan sharhi bilan birga berilishi maqsadga muvofiq. Maktablarda musiqa va rasm darslarida ushbu san’atlarning fundamental tushunchalarini o’quvchilar ongiga yetkazish va amaliyot bilan bog’lashga e’tibor kuchaytirilishi kerak. Estetik tarbiya ta’lim tizimidan keyin ham to’xtatilmasligi lozim. OAVda adabiy va badiiy tanqid bo’limlari bo’lmog’i lozim. Respublikaning yetakchi gazeta va jurnallarida mamlakatimiz madaniy hayotidagi, xususan teatrlarimizda sahnalashtirilgan yangi spektakllarga, filarmoniyalarimizda ijro etilgan musiqa asarlariga, yangi kinofilmlarga tanqidiy taqrizlar chop etilishi orqali ommaning didi tarbiyalanishi lozim.
Hozirgi zamon ommaviy madaniyati yaratgan yangi janrlar – pop-art, rokn-rol, rok, rep va h.k., kliplar, melodramatik seriallar, elektron o’yinlar va shu kabilar inson didi va tafakkurining rivojlanishiga unchalik asqotmaydi. Aksincha, me’yoridan ortiq iste’mol qilinsa, kishini musiqa bandisiga, kompyuter bandisiga, virtual dunyo bandisiga, ur-yiqit va qonxo’r, dahshatli seriallar, didsizlik ishqiboziga aylantiradi. Zamonaviy ommaviy san’at janrlarining g’oyaviy sayozligidan tashqari mazmuni va shaklida milliylik belgilari minimal darajaga tushib qolgan, yoki batamom yo’qolgan. Albatta, ular insonning xordiq chiqarishi va dam olish ehtiyojlarini qondiradi. Odamlarni o’yin bilan band etadi. Ammo ommaviy san’atning ba’zi maxsulotlari va janrlari inson tabiatidagi tuban instinktlarni qo’zg’aydi, tuban his-tuyg’ularni estetiklashtiradi. G’arb ommaviy madaniyatining ma’naviy “mustamlakachilik” vazifasini ham unutmaslik kerak.
Insonda go’zallik, nafosat tuyg’ularini, nozik didni, dag’al, qo’pol, nosuluv (xunuk) narsalarga qiziqmaslik, ularni inkor qilishni tarbiyalash, yuksak estetik mo’ljallar va ideallarga qiziqtirish uchun uni bolalikdan oshuftalikka, tug’ilgan yeri, ona tabiati go’zalliklarini sevishga o’rgatish, milliy va jahon adabiyoti, san’atiga qiziqtirish lozim. Bolaning xalq o’yinlari, qo’g’irchoqlari, ertaklari, dostonlari qahramonlari, xalq qo’shiqlari, kuylari sehri ta’sirida estetik qiziqishlari voyaga yetib, kuchayib borsa, unda milliy qadriyatlarga ham, umuminsoniy qadriyatlarga ham ijobiy munosabatlari va intilishlari mustahkamlanadi. Islom Karimov bejiz “YUksak madaniyat – yengilmas kuch” asarida dunyoga hayrat ko’zi bilan boquvchi murg’ak bolaning estetik tasavvurlari va hissiy dunyosini, insoniy qalbini shakllantirishda milliy qo’g’irchoqlarning, o’zbek xalq ertaklari va dostonlari asosida yaratilgan multfilmlar ahamiyati to’g’risida to’xtalmagan.
Inson voyaga yetishi davomida milliy va jahon adabiyoti, san’ati mumtoz namunalaridan bahramand bo’lib borishi lozim. Maktab darsliklarini yaratganda, o’qish kitoblarini, xrestomatiyalarni tuzganda, “maktab kutubxonasi”seriyasi ro’yxati aniqlanayotganda buni nazarda tutishi kerak. Estetik tarbiyada, ayniqsa estetik ongda milliylik unsurlari saqlanishi va rivojlanishida folklor bilan bir qatorda xalq amaliy bezak san’ati – xalq zargarlik buyumlari, turli taqinchoqlar, naqshlar, o’ymakorlik, ganchkorlik, sirlangan kulollik buyumlari, kashtalar, so’zanalar, bezakli xalqona kiyimboshlar va h.k. ahamiyati katta. Ular bolani ajdodlarining asriy tajribasi bilan, milliy hayotning, milliy madaniyatning fusunkor olami bilan bog’laydi.
Estetik tarbiyaning pirovard maqsadi, ma’naviy tarbiyaning boshqa shakllari kabi, komil insonni shakllantirishga, inson iste’dodi va ijodiy imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga xizmat qilishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |