8.Milliy identlik (ayniyat) va millatlararo munosabatlar madaniyatini yuksaltirish
Millatlararo munosabatlarning dolzarblashib borishi.
Milliy tarbiya va millatlararo munosabatlar madaniyatini yuksaltirish O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va jamiyatimiz milliy g’oyasidan kelib chiqadi. O’zbekiston fuqarolarining millatidan, tilidan, dinidan, jinsidan qat’i nazar tenghuquqliligini ta’minlash, ozod va obod Vatanda erkin va farovon yashash, aholida, yosh avlodda yuksak ijtimoiy mo’ljallarni, millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglikni tarbiyalashni taqozo etadi. Ta’lim-tarbiya tizimi islohotlari va umuman demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish pirovardida milliy g’oyani, uning asosiy tushuncha va tamoyillarini amalga oshirishga yordam beradi.
Milliy tarbiya va millatlararo munosabatlar masalasi dolzarbligi hech qachon, har xolda yaqin asrlarda pasaymaydi. Mamlakat ichidagi muammolar muvafaqqiyatli hal etib borilsa-da, xalqaro miqyosidagi raqobat va integratsiya milliy manfaatlarni himoya qilish, milliy identlikni ona tili va milliy madaniyatni saqlab qolish zaruratini bekor qilolmaydi.
XX - asrda millat, milliylik, millatlararo munosabat tushunchalari mazmuni ancha o’zgardi. Bugun mazkur tushunchalar nafaqat o’zlarining an’anaviy, mumtoz mazmunini, ya’ni etnik tarixiy birlikning yuqori shakli (millat)ni, unga mansub narsalar, hodisalar va belgilar, hususiyatlar (milliylik)ni, turli etnoslar o’rtasidagi aloqalar (milliy munosabatlar)ni anglatadi. SHuningdek ular muayyan davlat xalqi, fuqarolari, muayyan davlatlarning o’zi, uning etnosotsial, etnomadaniy xususiyatlari, davlatlar, xalqlar o’rtasidagi tashqi aloqalar, etnik va diniy-konfessional ichki munosabatlarni ham ifodalaydi. Bular haqda biz avvalgi o’rinlarda gapirgan, millat va milliylik tushunchalari namoyon bo’lish shakllarini qisqacha e’tirof etgan edik.
Zamonaviy jamiyatda milliy munosabatlar juda ziddiyatli rol o’ynamoqda. Bir tomondan, millatlarning yaqinlashuvi, yevropa Ittifoqiga o’xshash tuzilmalar, ayniqsa bir necha davlatlar tuzgan SHHTga o’xshash iqtisodiy va madaniy hamkorlik tashkilotlari safi kengayib borayotir. Boshqa tomondan esa, davlatlar, mintaqalar o’rtasida raqobat, buyuk davlatlar o’rtasida geosiyosiy kurash kuchaymoqda. Bu kurashda hamma omillardan, shu jumladan axborotlar urushidan, sivilizatsiyalararo to’qnashuv kabi soxta nazariyalardan, ommaviy madaniyatdan, dindan, ayirmachilikdan, millatchilikdan, narkobiznesdan va h.k. foydalanilmoqda. Hatto bir xalq ikki dinga e’tiqod qilsa, ichki munosabatlar juda ziddiyatli va mo’rt bo’lishi, mamlakatning hududiy va milliy yaxlitligiga xavf tug’ilishi mumkinligini XXI asr voqealari ko’rsatdi. YAqin SHarqning ayrim mamlakatlarida sunniylar va shiaviylar, Ukrainada janubiy-sharqiy viloyatlar (aksariyati provaslav) va g’arbiy viloyatlar (ko’pchiligi uniat katolik cherkoviga va qisman protestant oqimlariga mansub) aholisi o’rtasidagi kelishmovchiliklarni hokimiyatga intiluvchi kuchlar sun’iy ravishda millatlararo ziddiyatlar darajasiga ko’tarib, amalda qonli to’qnashuvlarni, hatto ayrim mamlakatlarda fuqarolik urushlarni keltirib chiqarmoqda.
Globallashuv rivojlangan mamlakatlar etnik qiyofasini rang-baranglashtirib yubordi. yevropa, SHimoliy Amerika mamlakatlariga rivojlanayotgan mamlakatlardan ko’plab muhojirlar ish izlab kelib, ko’pchiligi doimiy yashash uchun qolib ketmoqda. yevropaga asosan afrikalik va osiyolik muhojirlar, AQSH va Kanadaga ko’proq meksikalik va janubiy amerikaliklar kelib o’rnashmoqda. yevropa mamlakatlarida o’rtacha umr ko’rish yoshi ortib, tug’ilish juda kamayib ketganligi sababli aholi tuzilmasida nafaqaxo’rlar va boqimandalar umumiy soni ishlovchilar soni tenglashib, hatto ayrimlarida keyingilar soni ortib ketdi. Natijada yevropa mamlakatlari normal rivojlanish, ijtimoiy to’lovlar bo’yicha o’z majburiyatlarini bajarish, soliq bazasini kengaytirish uchun ishchi kuchining bir qismini chetdan taklif qilishga majbur. Bu muqarrar ravishda aholi etnik tarkibini o’zgartirmoqda.
Muhojirlar yangi mamlakatlarga o’zi bilan dini, tili, madaniyati, urf-odati, psixologiyasi va mentalitetini olib kelmoqda. yevropaliklar ilgari kundalik turmushida uchratmagan yangi madaniyatlar, turli irq va millat vakillari bilan munosabatlar qurish zaruriyatiga duch kelmoqda. yevropa mamlakatlarida dastlab multikulturalizm - multimadaniylik (ko’pxilli madaniylik) g’oyalari olg’a surildi. CHunki muxojirlarni taklif qilmaslikning iloji yo’q edi. Ular iqtisodiy hayot bilan bir qatorda madaniy hayotga ham ijobiy mazmundagi xilma-xillikni olib keladi, vaqt o’tishi bilan mahalliy madaniyatga asta-sekin integratsiya bo’lib, assimilyatsiyalashib ketadi, deb hisoblangan edi. Lekin real hayot yana bir bor o’zining har qanday faraz va nazariyadan murakkabroq, ziddiyatliroq ekanini ko’rsatdi.
Muhojirlarning ko’pchiligi yevropa voqeligiga, madaniyatiga to’la integratsiya bo’lishni istamadi. Ular uchun o’z milliy identligini saqlash yangi yashayotgan mamlakati tilini, madaniyati, urf-odati va qonunlarini yetarli darajada o’rganish zaruriyatidan ustun keldi. Muhojirlarning aksariyati kundalik turmush, muloqat va ish talab qiladigan darajada tilni va ba’zi tartib qoidalarni chala-chulpa o’zlashtirish bilan cheklanib qolaverdi. Ayniqsa diniy e’tiqodi yangi mamlakati dinidan farq qiladigan muhojirlar bu borada ancha ajralib turadi.
O’z navbatida yevropaning qator mamlakatlarida muhojirlarga nisbatan bepisand qarashlar, ularni ikkinchi darajali insonlar deb hisoblash, ba’zi mahalliy yoshlar va neofashistik guruhlar tomonidan ochiqchasiga irqchilik va shovinistik munosabatda bo’lish, hatto zo’ravonlik qilish, do’pposlash kabi hodisalar muhojirlarda yevropa madaniyati va qadriyatlariga, ijtimoiy tuzumiga nisbatan inkor etish kayfiyatini tug’dirmoqda. SHu sababdan xalqaro milliy munosabatlarga nisbatan ichki milliy munosabatlar ayrim hollarda o’tkirroq namoyon bo’layotir. Ular ba’zan biroz yumshab, barqarorlashsa-da, ammo muammo to’liq yo’qolmayotir. Albatta, tashqi millatlararo munosabatlar ham dolzarbligicha qolmoqda, hatto mintaqaviy mojarolarga sabab bo’lmoqda. “Arab bahori” deb atalgan g’arb mamlakatlari tomonidan sun’iy uyushtirilgan “rangli inqiloblar”dan keyin so’nngi 5-6 yil ichida g’arb mamlakatlarini fuqarolik urushi domida qolgan mamlakatlardan borgan qochoq muhojirlar bosib ketdi. Natijada juda ko’plab yangi muammolar paydo bo’ldi. Ular orasida eng xavflisi terrorizmning avj olib borayotganidir.
Azaldan ko’pmillatli bo’lgan mamlakatlarda milliy masala o’zining an’anaviy muammolari bilan bir qatorda shu paytgacha kuzatilmagan yangi tomonlari, jihatlarini namoyon qilmoqda. Mahalliy bo’lmagan elatlar, millatlar vakillari tarixiy vatanlari madaniyati, tili, o’tmishi bilan ko’proq qiziqmoqda. Ularning asosiy qismi internet tarmog’i orqali tarixiy vatanlaridagi voqealardan xabardor bo’lmoqdalar, qavmdoshlari bilan elektron aloqalar o’rnatib, muloqot qilmoqdalar. Bu esa ularning ongiga har xil ta’sir ko’rsatmoqda. Xullas, millatlararo munosabatlarni oqilona tashkil etish va boshqarishga XXI asr yangi talablar qo’ymoqda. Bunga yana, yuqorida aytganimizdek, buyuk davlatlarning geosiyosiy raqobati, jahon miqyosida ta’sir doirasini kengaytirishga urinayotib, turli mintaqalarda ichki etnik, diniy-konfessional va hududiy nizolarni rag’batlantirayotganini qo’shimcha qilish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |