Milliy identlik tushunchasi va milliy g’ururni tarbiyalash.
Turli ob’ektiv va sub’ektiv omillar milliy identlik tushunchasi mazmuniga ta’sir ko’rsatmoqda. Milliy indentlik nima? Tor ma’noda u insonning o’zini u yoki bu etnosga mansub deb hisoblashidir. Biroz kengroq ma’noda insonning o’zini bir etnos bilan emas, balki muayyan mamlakat xalqi bilan uzviy bog’lashi, o’z taqdirini uning taqdiri bilan bir deb bilishidir. SHu sababdan milliy indentlik tushunchasini milliy mansublik emas, milliy ayniyat deb o’girish joiz.
Keng mazmunda milliy identlik umummilliy o’zlikni anglash, mamlakati xalqining tarixini, tilini, madaniyatini, oliy maqsadlarini, yutuq va kamchiliklarini, asosiy muammolarini bilish, xalqining kelajagi uchun qayg’urish, xalqiga xizmat qilishdir. Bu yerda etnos tushunchasi emas, xalq tushunchasi qo’llanilayotgani bejiz emas. Gap shundaki, etnik o’zlikni anglash qanchalik muhim bo’lmasin, ko’pmillatli mamlakatda milliy indentlik birinchi galda aynan o’sha mamlakat xalqining umumiy manfaatlarini anglash va ularga xizmat qilishni anglatadi. Masalan, AQSHda tug’ilib o’sgan, etnik kelib chiqishi nemis yoki italyan bo’lgan fuqaro etnik ildizlarini bilganda ham, o’zini amerika millati, amerika xalqi vakili deb hisoblaydi.
Ko’pmillatli mamlakatlarda milliy identlik etnik identlik tushunchasidan kengroq, unga mos kelmaydi. Nomini mamlakatga bergan (titul millat) yoki son jihatdan ko’pchilikni tashkil etadigan millat uchun etnik va milliy identlik formal, tashqi jihatdan ancha mos keladi. Ammo konkret olingan inson uchun titul millat vakili bo’lish avtomatik tarzda uning milliy identligini ta’minlamaydi. Asosiy mezon uning ongi, milliy o’zligini anglash darajasidir. Agar u milliy nigilizm, milliy nomukammalik tuyg’usini his etsa, unga sog’lom milliy g’urur yetishmasa, yoki o’ta ketgan xudbin, faqat o’z foydasini o’ylaydigan, jig’ildoni, nafsi uchun xalqi, mamlakati manfaatlaridan voz kechadigan kishi bo’lsa, uning milliy indentligi shubha ostida qoladi. Aksincha, mamlakatiga, xalqiga, vatandoshlariga halol xizmat qiladigan kamsonli etnik guruh vakilining milliy indentligi, vatanparvarligi esa shubha uyg’otmaydi.
Milliy indentlik tuyg’usi xalqi, uning kelajagi uchun qayg’urishdir. Bu esa nafaqat xalqining yutuqlarini bilishdan, ular bilan faxrlanishdan, xalqini turli tajovuzlardan himoya qilishdan, shuningdek undagi mavjud kamchiliklarga qarshi kurashishdan, xalqini yuksaltirish istagidan ham iboratdir. Ushbu ma’noda milliy indentlik tuyg’usi vatanparvarlikda yuzaga chiqadi.. Aholida, ayniqsa yoshlarda vatanparvarlikni tarbiyalash milliy identlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xalq, millat hayotida, turmush tarzida uchraydigan kamchiliklarni, milliy mentalitetdagi ba’zi bir qoloq g’oyalarni, qarashlarni, qoloq urf-odatlarni bartaraf etish milliy indentlikni tarbiyalashning muhim vazifasidir. Ta’lim-tarbiya jarayonida faqat xalqimizning, ajdodlarimizning o’tmish yutuqlarini maqtashgina emas, shuningdek bugungi kunda uchraydigan kamchiliklarni, ongdagi qoloq qarashlarni, ayrim kishilarga xos bo’lgan ba’zi bir illatlarni ham xolis tanqid qilish kerak.
Boqimandalik, poraxo’rlik, korrupsiya, o’z muammosini yechishning oson yo’lini axtarib, kimgadir xushomad qilish, sovg’a-salom berish yo’llarini axtarish, har xil iltimoslarni, yoki oshna-og’aynichilikni axloq va huquq me’yorlaridan, jamiyatdagi tartib-qoidalardan, davlat va xalq manfaatlaridan ustun qo’yishga moyillik yoki ayrim yoshlar o’rtasida halol va tirishqoqlik bilan o’qib, mutaxasislik egallashdan ko’ra, bir yo’lini qilib diplom olishga urinishlar va sh.k. kamchiliklarni bartaraf etmasak, ular milliy taraqqiyotimizga xalaqit beraveradi. Milliy indentlik tuyg’usi va g’oyasi milliy jipslikni (konsolidatsiyani) mustahkamlashning zarur sharti, ma’naviy asosidir. Buning uchun har qanday ko’rinishdagi mahalliychilikka, urug’-aymoqchilikka, guruhbozlikka, ayirmachilikka qarshi kurashish talab etiladi.
Milliy tarbiya va millatlararo munosabatlarni takomillashtirishda sog’lom miliy g’ururni tarbiyalash juda katta ahamiyatga ega. Eng avvalo aholida, yoshlarda buyuk ajdodlarga munosib farzand bo’lish, ularning ishlarini davom ettirish, jahonning taraqqiy etgan xalqlari qatoriga qo’shilishga intilishni tarbiyalash lozim. Sog’lom miliy g’urur man-manlikdan, boshqa elat va millat vakillariga bepisand qarashdan, millatchilik va shovinizmdan, milliy mahdudlikdan keskin farq qiladi. Xalqimiz tarixi , o’tmishi bilan haqqoniy faxrlangan holda, undagi yutuq va kamchiliklarga, ularni keltirib chiqargan sabablarga, omillarga xolis va tanqidiy munosabatda bo’lib, yo’l qo’yilgan xatolarni takrorlamaslik uchun tarixdan saboq chiqarmog’imiz zarur. SHunda biz kelajakka dadil qadam tashlash uchun tayanch topamiz. Xalqni sevish, vatanparvarlik faqat o’tmishni ideallashtirib, tinmasdan maqtashdan iborat emas, balki sobitqadamlik bilan xalqning dunyoqarashini, ongini o’stirish, turmush tarzini takomillashtirish, hayotini yanada farovonroq va erkinroq qilishga hissa qo’shishdir.
Milliy taraqqiyotning ma’naviy-tarbiyaviy omillari juda murakkab, ular rang-barang shaklli, ko’p tarkibli va ko’p qatlamlidir. Aholida, ayniqsa yosh avlodda islomga oqilona, to’g’ri munosabatni tarbiyalash o’ta dolzarb, o’ta zarur vazifalar qatoriga kiradi. Islom davlat siyosatiga, iqtisodiyot, ta’lim, ilm-fan, sog’liqni saqlash, adabiyot, san’at va jamiyat hayotining boshqa ayrim muxtoriy sohalariga aralashmasligi kerak. Zamonaviy taraqqiyotni diniylik emas, dunyoviylik negizidagina ta’minlash mumkin. Xorijiy islom mamlakatlari tajribasi buni to’liq tasdiqlamoqda. Iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda, iqtisodiyotni boshqarishda islomning o’rta asrlarda shakllangan talablariga moyil davlatlar taraqqiyotda yuksak natijalarga erisha olmadilar. Ayrim neft va gaz zahiralariga boy va ularni sotishdan katta foyda olayotgan musulmon mamlakatlarida turmush ancha yuksak darajaga ko’tarilganiga qaramasdan, ijtimoiy-madaniy rivojlanish, inson omili yuksalishi havas qilgudek emas. Tabiiy boyliklari kam musulmon mamlakatlari esa hamon qoloq. Va, aksincha, musulmon mamlakatlari o’rtasida iqtisodiyotni va davlat siyosatini diniy mafkuradan xalos etgan Malayziyaning qazilma boyliklari ko’p emas, ammo taraqqiyot sur’atlari va turmush darajasi ancha baland.
YUqorida bildirilgan fikr munosabati bilan yana bir bor o’zbek modeli besh asosiy tamoyilining birinchisi – “iqtisodning siyosatdan ustunligi va mafkuradan xoliligi” tamoyili ekanini eslatish zarur. Mafkuradan xolilik diniy mafkuradan xolilikni ham anglatadi.
Xorijiy musulmon mamlakatlarida kuzatilayotgan achchiq saboqlardan yana biri – bu islomning siyosiylashuvi, siyosiy hokimiyat uchun kurash quroliga aylanib qolayotganidir. Hokimiyat uchun kurashayotgan siyosiy guruhlar o’z tarafdorlari safini kengaytirish maqsadida e’tiqodiy - mazhabiy farqlarni ataylab bo’rttirib, mamlakat ichki barqaroligiga xavf tug’dirmoqda. Siyosiy kurashlarda ba’zi guruhlar diniy ekstremizm va terrorizmni qo’llashdan toymayotir. To’g’ri, har qanday ekstremizmni, shu jumladan siyosiy ekstremizmni keltirib chiqaruvchi sabablar bitta yoki ikkita emas. Ularxilma – xil, ba’zan chuqur yashiringan. Ular orasida iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-madaniy, lisoniy, diniy- e’tiqodiy, milliy-etnik va boshqa sabablar bor. Birgina iqtisodiy sabablarning o’zi turli-tuman bo’lishi mumkin.
Urug’-aymoqchilik, mahalliychilik, guruhbozlik siyosiy yoki diniy-ekstremizmni keltirib chiqarishi hech gap emas. Masalan, biror davlatda, hatto viloyatda hokimiyat teppasiga kelgan kishi tevaragiga faqat o’z shahridan yoki guruhidan bo’lgan kishilarni to’plab, boshqa “begona” kadrlarni, ishchanligi va qobiliyatiga qaramasdan, rahbarlik lavozimlariga yaqin yo’latmasa, ertami-kechmi norozilik vujudga keladi. Hokimiyatni qonuniy demokratik saylovlar vositasida yangilab turishning iloji bo’lmasa, siyosiy kurash noqonuniy, zo’ravonlik qo’llaniladigan ekstremistik ko’rinishlar olishi mumkin. Ekstremizmning asosiy sababi ijtimoiy adolatning qaysidir ijtimoiy guruhlarga nisbatan haqiqatan buzilishi yoki ularning adashib, aldanib o’zini jabrlangan deb hisoblashidir. Bu mehnatga haq to’lash, yoki dehqonchilik uchun tomorqa, suv ajratish, qishloqlarni obodonlashtirish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va sh.k. ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo’ladimi, yoki ona tilida o’qish, ta’lim olish, etnomadaniyatini va urf-odatlarini saqlab qolish, diniy ehtiyojlarini erkin qondirish (boshqa din yoki mazhabga mansub guruhlar uchun) kabi ma’naviy masalalar bo’ladimi – farqi yo’q. Siyosiy va diniy ekstremizmni oziqlantirib turuvchi omillardan yana biri – turli buzg’unchi g’oyalarni targ’ib etib, ijtimoiy adolat go’yoki rasmiy hokimiyat vakillari, u yoki bu rahbar, siyosiy guruh, partiya, yoxud etnik guruh tomonidan buzilayotir deb, aholining bir qismini chalg’itishdir. Aslini olganda, barcha dinlar, ular qatorida islom zo’ravonlikni, tajovuzni qoralaydi. Ekstremizm dinlarning e’tiqodiy mazmunidan, muqaddas kitoblar ko’rsatmalaridan kelib chiqmaydi, balki u diniy g’oyalarni, me’yorlarni g’arazli talqin qilish, odamlarni diniy mutassiblikka undash va ataylab chalg’itish oqibatidir.
Mafkuraviy kurashning bunday shakllariga ham tayyor bo’lish, har bir sohada ijtimoiy adolat buzilishining oldini olishga intilish zarur. O’zbekistonda e’tiqod va vijdon erkinligi konstitutsiyaviy me’yor orqali mustahkamlangan. Uni amalga oshirishga qaratilgan tegishli qonun qabul qilingan va amaliy mexanizm yaratilgan. O’zbekistonda davlat tuzumi dunyoviy va demokratik xarakterga ega. Bu dindorlarning diniy tuyg’ularini hurmat qilib, diniy ehtiyojlarini qondirish uchun zarur shart-sharoit yaratishni, ularni himoya qilishni bildiradi. Bu, shuningdek, boshqa din vakillari va dinga ishonmaydigan fuqarolar ham davlat tomonidan himoya qilinish huquqlariga ega ekanligini anglatadi. Fuqarolarning e’tiqod va vijdon erkinligini ta’minlash, ularni jangavor ateistlar xurujidan-da, diniy ekstremistlar tajovuzidan-da himoya qilishni bildiradi. SHu sababdan ta’lim-tarbiya jarayonida har qanday siyosiy va diniy ekstremistik g’oyalarni fosh qilishga, ularga qarshi aholida, yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirishga e’tibor kuchaytirilayotgani bejiz emas. Bundan keyin ham ekstremizmga qarshi amaliy va g’oyaviy kurash susaytirilmasligi lozim.
O’zlikni anglash, milliy identlikni tarbiyalash sog’lom milliy g’ururni tarbiyalash bilan bevosita bog’liq. Milliy g’ururni tarbiyalash o’zining qator ma’naviy omillarga va shartlariga ega. Birinchidan, ta’lim-tarbiya jarayonida yoshlarga Vatanimiz tarixini, ajdodlarning buyuk ishlarini, fidokorligini aniq misollar orqali yetkazish lozim. YOshlarimiz qanday buyuk zotlarning farzandlari ekanligini, ajdodlarning xatolarini takrorlamagan holda, ularga munosib davomchilar bo’lishlari lozimligini to’g’ri anglashlari kerak.
Ikkinchidan, ularning zamonaviy ilm-fan, texnika, texnologiyalarni yaxshi o’zlashtirishlariga, xorijiy tillarni o’rganib, jahon madaniyatidan yetarlicha xabardor, siyosiy va huquqiy qarashlari keng bo’lishiga erishmoq kerak. YOshlarimiz, xalqimiz zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy, texnologik, gumanitar talablarga javob bera oladigan, xalqaro miqyosda raqobat qila oladigan bo’lishlari shart. Buning uchun aholi keng qatlamlari, ayniqsa yoshlar orasida ilg’or ijtimoiy mo’ljallarga, yuksak marralarga intilishni tarbiyalash talab etiladi. Agar biz faqat ortga qarab, o’tmish qadriyatlarimizga mahliyo bo’lib qolaversak, faqat ularni takrorlashga, zamonga moslashtirishga harakat qilsak, ko’p narsaga erisha olmaymiz. Taraqqiyot takrorlash emas, olg’a odimlash, ijod qilish, yangilik yaratishdir. Ta’lim-tarbiya har bir insonda aynan ijodkorlik, yaratuvchilik ehtiyojini shakllantirsagina, milliy g’urur uchun ma’naviy negiz yaratadi.
Uchinchidan, respublikamiz va xalqimiz jahon miqyosida ahamiyatga ega bo’lgan yangi yutuqlarni qo’lga kiritishi lozim. Biz turmush farovonligini, odamlarning yashash sifati qo’rsatkichlarni, shahar va qishloqlarimiz obodonchiligini mutaraqqiy mamlakatlardagi darajaga yetkazishimiz shart. Ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar, adabiyot va san’at sohasida yurtimiz vakillari har xil laureatliklarni, konkurslarda bosh sovrinlarni, g’olibliklarni qancha ko’p qo’lga kiritsa, o’zbek mualliflari asarlari chet ellarda qancha ko’p nashr etilsa, sahnalarda qo’yilsa, bizni jahon taniydi, jahon hurmat qiladi. Sport sohasida erishiladigan g’alabalar haqida ham shunday deyish o’rinlidir. Milliy g’ururning asosini biz o’zimiz haqimizda nima deb o’ylashimiz emas, balki bilimimiz, aql zakovatimiz, madaniyatimiz, turmush farovonligimiz hamda jismoniy abjirligimiz, mahoratimiz bilan erishgan amaliy yutuqlar, ularning boshqalar tomonidan tan olinishi tashkil etadi.
O’zbekiston etnik tarkibi xilma xil mamlakatdir. Adabiyotlarda qayd etilishicha, respublikamizda 130 dan ortiq turli millat va elatlar, 16 diniy konfessiya vakillari yashaydi. Ular O’zbekistonni o’z Vatani deb biladi, birgalikda mamlakatimiz xalqini tashkil qiladi. Ko’p millatli O’zbekiston xalqining jipsligi, o’zaro totuvligi, umumiy manfaatlar yo’lida birgalikda mehnat qilib, yuksak maqsadlarga intilishi mamlakatimiz kelajagi va ravnaqi uchun ulkan ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |