4.Hamkorlikka asoslangan siyosat.
Mustaqillik e’lon qilinib, milliy valyuta joriy etilgach, O’zbekiston sobiq sho’ro davridagi xom ashyo resurslari va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga yo’naltirilgan bir yoqlama, samarasiz iqtisodiy aloqalarini to’xtatishi zarur edi. Bunday sharoitda samarasiz, tanazullga yuz tutgan iqtisodiy aloqalardan voz kechib, jahon bozoriga chiqish O’zbekiston uchun iqtisodiy inqirozni engib o’tishning yagona yo’li edi.
O’sha davrda O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning sa’y-harakatlari tufayli mamlakat xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarni, avvalambor, G’arbiy Evropaning rivojlangan mamlakatlari, AQSh, Yaponiya va iqtisodi jadal rivojlanayotgan boshqa davlatlar bilan kengaytirishga qaratildi. Bu siyosat biron-bir mamlakatga qarshi yo’naltirilmagan edi. U iqtisodiyotimiz uchun nisbatan qulay savdo sharoiti yaratishga, sanoat, qishloq xo’jaligi va boshqa tarmoqlarda tuzilmaviy o’zgarishlar qilishga imkon beradigan mutanosib xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yo’lga qo’yishga qaratilgan edi.
Mutanosib tashqi iqtisodiy faoliyatni yo’lga qo’yish jarayonidagi faol chora-tadbirlar O’zbekistonga tashqi iqtisodiy savdoni ham mamlakatlar, ham tarmoqlar miqyosida restrukturizatsiya qilish imkonini berdi. Dastlab O’zbekistonning bevosita savdo aloqalari bo’lmagan xorijiy mamlakatlar, birinchi navbatda dunyoning rivojlangan davlatlari bilan savdo aloqalari salmog’i 2004 yildagi butun tashqi savdo aylanmasida 68,5%ga etdi.
Endilikda O’zbeksitonning to’lovga qobiliyatli hamkor sifatidagi xalqaro obro’-e’tibori oshib bormoqda.
Hamkorlikka asoslangan tashqi iqtisodiy siyosatga quyidagi tamoyillar asos qilinib olingan: mafkuraviy qarashlardan qat’i nazar, tashqi munosabatlarda ochiqlik, teng huquqlilik va o’zaro manfaatli hamkorlik, boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaslik; to’la ishonch negizida ham ichki tomonlama, ham ko’p tomonlama tashqi aloqalarni o’rnatish va rivojlantirish; o’zining milliy davlat manfaatlarini har tomonlama hisobga olish; umume’tirof qilingan xalqaro huquq me’yorlariga rioya qilish va xalqaro andozalarga izchillik bilan o’tish.
Respublikamiz Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi Evropa va Osiyo tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Hamdo’stlik regional iqtisodiy tashkiloti va boshqa e’tiborli xalqaro iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlarning teng huquqli a’zosi. Bu xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki mamlakatimizga bir qancha yirik davlatlararo loyihalarni birgalikda amalga oshirish, mintaqalararo muammolarni hal etish imkonini beradi.
O’zbekiston dunyoning 140 dan ortiq mamlakati bilan tashqi savdo qilmoqda. Dunyodagi iqtisodiy rivojlangan davlatlar bilan tashqi savdoning ulushi ko’payib bormoqda. Yurtimizda chet ellardan qo’shimcha moddiy-moliyaviy resurslar jalb qilish, jahon fan-texnikasi yutuqlarini iqtisodiyotga joriy etish, aholining sifatli, xilma-xil tovarlarga, ishlab chiqarishni zamonaviy texnika va texnologiyaga bo’lgan talabini qondirish, xizmat sohasini rivojlantirishda chet el tajribalaridan foydalanish, qo’shimcha ish o’rinlarini vujudga keltirish maqsadida olis xorijiy mamlakatlar bilan tashqi iqtisodiy savdo rivojlantirilib borilmoqda.
2014 yil yanvar-iyunida O’zbekiston Respublikasi tashqi savdo aylanmasi hajmi 21 277,5 mln. AQSh dollarini (o’tgan yilning yanvar-iyuni bilan solishtirganda o’sish 0,6 foizni tashkil etdi), shu jumladan, MDH davlatlari bo’yicha – 9 784,9 mln. AQSh dollari va boshqa mamlakatlar bo’yicha – 11 492,6 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.
Tashqi savdo aylanmasi umumiy hajmida tovarlar va xizmatlar hajmi 11 098 mln. AQSh dollarini, import hajmlari esa 10 179,5 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Importni eksport bilan qoplash foizi 109 foizni tashkil etdi. Tashqi savdoning ijobiy saldosi 918,5 mln. AQSh dollari miqdorini, shu jumladan MDH davlatlari bilan – 1915,7 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Ayni paytda boshqa mamlakatlar bilan 997,2 mln. AQSh dollari miqdorida salbiy saldo shakllandi.
2011-2014 yillarning yanvar-sentyabrida respublika tashqi savdo aylanmalari quyidagi ko’rsatkichlarga ega bo’ldi (41-jadval).
41-jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |