Ichki quloq
Ichki quloq (auris interna) chakka suyagi piramidasi ichida joylashgan suyak (143-rasm) va parda labirintdan iborat. Suyak labirintni (labyrinthus osseus) devori suyak to‘qimadan iborat bo‘lib, nog‘ora bo‘shlig‘i, bilan ichki eshituv yo‘li o‘rtasida yotadi. Suyak labirintning uzunligi 20 mm. Unda dahliz, chig‘anoq va yarim doira kanallar tafovut qilinadi. Dahliz (vestibulum) uncha katta bo‘lmagan noto‘g‘ri shakldagi bo‘shliq. Uning tashqi devorida ikkita teshik bor. Uning bittasi dahliz oynasi oval shaklida bo‘lib, dahlizga ochiladi. Nog‘ora bo‘shlig‘i tomondan uni uzangi asosi berkitib turadi. Ikkinchisi yumaloq chig‘anoq oynasi chig‘anoqning spiral kanali boshlanishiga ochilib, ikkilamchi nog‘ora parda bilan bekilgan. Dahlizning orqa devorida yarim halqasimon naylarning beshta teshigi, oldingi devorida esa chig‘anoqqa boruvchi teshik joylashgan. Dahlizning ichki devoridagi qirra (crista vestibuli) uni ikki chuqurchaga ajratadi. Oldingi yumaloq shakldagisi yumaloq chuqurcha (recessus sphericus), orqadagi cho‘zinchoq shakldagisi ellipssimon chuqurcha (recessus ellepticus) deb ataladi. Ellipssimon chuqurchada dahliz suv yo‘lining ichki teshigi (apertura interna aqueductus vestibuli) joylashgan.
Chig‘anoq (cochlea) suyak labirintning oldingi qismi bo‘lib, chig‘anoqning o‘qi atrofida ikki yarim aylana hosil qilgan chig‘anoq spiral kanalidan (canalis spiralis cochleae) iborat. Chig‘anoqning asosi (basis cochleae) medial tomonga, ichki eshituv yo‘liga, cho‘qqisi (cupula cochleae) nog‘ora bo‘shlig‘iga qaragan. Chig‘anoqning o‘qi gorizontal yo‘nalgan suyak asos (modiolus) bo‘lib, uning atrofida spiral suyak plastinka (lamina spiralis ossea) to‘liq bo‘lmagan to‘siq shaklida spiral kanalni o‘rtasida turadi. Chig’anoqning cho’qqisi sohasida u spiral plastinka ilmog‘i (hamulus laminae spiralis) vositasida oval shakldagi chig‘anoq teshigini (helicotrema) chegaralab turadi. Modiolus ni ingichka bo‘ylama kanalchalar (canales longitudinales modioli) teshib o‘tgan bo‘lib, ularda dahliz-chig‘anoq nervining chig‘anoq qismi tolalari yotadi. Suyak spiral plastinkaning asosida canalis spiralis modioli bo‘lib, unda chig‘anoq tuguni joylashgan. Chig‘anoqning asosida nog‘ora narvonining boshlanishida chig‘anoq kanalining ichki teshigi (apertura interna canaliculi cochleae) joylashgan.
Suyak yarim doira kanallari (canales semicircularis ossei) uchta ravoqsimon naychalar shaklida uchta sathda joylashgan. Ularning bo‘shlig‘ini diametri 2 mm.
Oldingi (sagital) yarim halqasimon nay (canalis semicircularis anterior) chakka suyagi piramidasi o‘qiga perpendikulyar joylashgan. U boshqa yarim halqasimon naylardan yuqori turadi. Shuning uchun uning yuqori nuqtasi piramidaning oldingi yuzasida ravoqsimon tepalikni hosil qiladi.
Orqa (frontal) yarim halqasimon nay (canalis semicircularis posterior) naylarning eng uzuni bo‘lib, piramidaning orqa yuzasiga paralel joylashgan.
Lateral (gorizontal) yarim halqasimon nay (canalis semicircularis lateralis) boshqa naylardan qisqaroq. U nog‘ora bo‘shlig‘ining labirint devorida bo‘rtma (prominenta canalis semicircularis lateralis) hosil qiladi. Uchta yarim halqasimon naylar dahlizga 5 ta teshik bilan ochiladi, chunki oldingi va orqa yarim halqasimon naylarning suyak oyoqchalari o‘zaro birikib umumiy suyak oyoqchasini (crus osseum commune) hosil qiladi. Qolgan to‘rtta oyoqchalar alohida-alohida ochiladi. Yarim halqasimon naylarning bitta oyoqchasi dahlizga ochilishidan oldin ampula shaklida kengayadi va ampulyar oyoqcha (crus osseum ampullare) deb atalsa, ikkinchi oyoqchasi oddiy oyoqcha (crus osseum simplex) deyiladi.
Parda labirint (labyrinthus membranaceus) suyak labirint ichida joylashib, uni shaklini qaytaradi. Uning devori biriktiruvchi to‘qimali qatlamdan iborat. Suyak va parda labirintlar o‘rtasida tor yorig’ perilimfatik bo‘shliq (spatium perilymphaticum) bo‘lib, u perilimfa suyuqligi bilan to‘la. Suyuqlik bu bo’shliqdan perilimfa nayi (ductus perylymphaticus) orqali to‘r parda osti bo‘shlig‘iga oqishi mumkin. Parda labirint endolimfa suyuqligi bilan to‘la bo‘lib, undan suyuqlik endolimfatik nay (ductus endolymphaticus) orqali piramidani orqa yuzasidagi bosh miyaning qattiq pardasi ichida yotgan endolimfa qopchasiga (saccus endolymphaticus) oqadi. Parda labirintda ellipssimon va yumaloq qopchalar, uchta yarim halqasimon naychalar va chig‘anoq nayi tafovut qilinadi. Dahlizning ellipssimon chuqurchasida ellipssimon qopcha (bachadoncha) (utriculus) joylashsa, yumaloq qopcha (sacculus) o‘z nomidagi chuqurchani egallaydi. Ular o‘zaro ingichka nay (ductus utriculosaccularis) vositasida birikib turadi. Bachadonchaga parda yarim qalqa naylarning 5 teshigi ochiladi.
Parda yarim halqa naylari (ductus semicircularis) shaklan suyak yarim halqa naylariga o‘xshaydi, ammo uch marta tor bo‘ladi. Suyak yarim halqa naylarning ampula qismlari sohasida parda yarim halqa naylar ham ampula hosil qiladi. Bachadoncha va qopcha, shuningdek parda ampulalarning ichki yuzasi shilliqsimon modda bilan qoplangan bo‘lib, ularda sezuvchi hujayralar joylashgan. Bachadoncha va qopcha sohasida ular tarkibida ohak zarrachalari - otolitlar bo‘lgan oq dog‘lar (macula utriculi et macula sacculi) hosil qiladi. Parda yarim halqa naylarning ampulasi ichida qirralari (cristae ampullaris) bo‘lib, ulardan dahliz-chig‘anoq nervining dahliz qismi boshlanadi. Endolimfa suyuqligini tebranishi oq dog‘dagi sezuvchi hujayralarni ta’sirlaydi va muvozanatning o‘zgarishini sezuvchi nervlarning uchlari qabul qiladi. Bu nervning birinchi neyroni hujayralari tanasi ichki eshituv yo‘li tubida joylashgan dahliz tugunida yotadi. Uning markaziy o‘simtalari dahliz-chig‘anoq nervi tarkibida ichki eshituv yo‘li orqali kalla ichiga kiradi va vestibulyar o‘zaklarida tugaydi. Bu o‘zak hujayralarining o‘simtalari miyachaga va orqa miyaga boradi. Parda labirintning chig‘anoq qismi chig‘anoq nayi (ductus cochlearis) dahlizdan boshi berk holatda boshlanadi (154-rasm) va chig‘anoqning spiral kanali ichiga yo‘naladi. Chig‘anoq cho‘qqisida chig‘anoq nayi yopiq holatda tugaydi va ko‘ndalang kesmada uchburchak shaklida bo‘ladi. Chig‘anoq nayining tashqi devori (paries externus ductus cochlearis) spiral kanalni suyak pardasiga bitishib ketadi. Uning nog‘ora (pastki) devori (paries tympanicus ductus cochlearis) suyak spiral plastinkaning davomidir. Chig‘anoq nayining uchinchi ustki dahliz devori (paries vestibularis ductus cochlearis) suyak spiral plastinkaning chekkasidan qiya yo‘nalib tashqi devorigacha boradi. Chig‘anoq nayi spiral kanalning o‘rtasida joylashgan bo‘lib, nog‘ora narvonini (scala tympani) dahliz narvonidan (scala vestibuli) ajratib turadi. Chig‘anoqning cho‘qqisida ikkala narvon o‘zaro chig‘anoq teshigi (helicotrema) vositasida birikadi. Chig‘anoq asosida nog‘ora narvoni ikkilamchi nog‘ora parda bilan yopilgan yumaloq oyna sohasida tugaydi. Dahliz narvoni esa dahlizning perilimfatik bo‘shlig‘iga qo‘shiladi. Chig‘anoq nayi ichidagi spiral membranada eshituv spiral (kortiy) a’zosi (organum spirale) joylashgan. Spiral a’zo asosini bazilyar membrana hosil qilib, uning tarkibida chig‘anoqning asosidan to uchigacha suyak spiral plastinkaning uchidan chig‘anoqning spiral kanalining qarama-qarshi devoriga tortilgan eshituv tor-rezonator vazifasini bajaruvchi 24.000 gacha kollogen tolalar bo‘ladi. Dahliz oynasiga birikkan uzangi asosining harakati ta’sirida hosil bo‘lgan perilimfani tebranishi dahliz narvoni orqali chig‘anoq cho‘qqisiga yo‘naladi va chig‘anoq teshigi orqali nog‘ora narvoniga o‘tib ikkilamchi nog‘ora pardaga uriladi. Nog‘ora narvonidagi perilimfaning tebranishi bazilyar membranaga va chig‘anoq nayidagi endolimfaga o‘tadi.
Endolimfaning tebranishi kortiy a’zosining eshitish torlariga uriladi va retseptor hujayralar mexanik ta’sirotni nerv impulsiga aylantiradi. Impulsning tanasi chig’anoq tugunida joylashgan bipolyar hujayralarning periferik uchlari qabul qiladi. Uning markaziy o‘simtalari esa dahliz-chig‘anoq nervining chig‘anoq qismini hosil qilib, ichki eshituv yo‘li orqali rombsimon chuqurchada joylashgan ventral va dorsal chig‘anoq o‘zaklarda tugaydi. Ventral o‘zak hujayra aksonlari qarama-qarshi tomonga yo‘nalib trapetsiyasimon tanani (corpus trapezoideum) hosil qiladi. Dorsal o‘zak hujayra aksonlari rombsimon chuqurcha yuzasida joylashgan IV qorincha miya hoshiyalarini (stria medullaris) hosil qilib trapetsiyasimon tanaga qo‘shiladi. Trapetsiyasimon tana tolalari tashqi tomonga bukilib, tashqi qovuzloqni (lemniscus lateralis) hosil qilib, po‘stloq osti eshituv markazlari: ichki tizzachali tana va to‘rt tepalikning pastki tepachalariga yo‘naladi. Bu yerda joylashgan uchinchi neyronning aksonlari ichki kapsuladan o‘tib bosh miyaning chakka bo‘lagini yuqorigi pushtasida joylashgan eshituv markazida (Geshl pushtasi) tugaydi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqda ichki quloq yaxshi taraqqiy etgan bo‘lib, xuddi kattalarnikiga o‘xshagan hajmga va tuzilishga ega. Yarim doira kanallar devori yupqa bo‘ladi, u chakka suyagi piramidasining suyak nuqtalari hisobiga kattalashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |