Vegetativ nerv tizimining parasimpatik qismi
Vegetativ nerv tizimining parasimpatik qismi bosh va dumg‘aza qismlariga bo‘linadi.Uning bosh qismi ko‘zni harakatlantiruvchi, yuz (oraliq), til- yutqun va adashgan nervlarining vegetativ o‘zaklari, ulardan chiquvchi preganglionar tolalar, kiprikli, qanot-tanglay, quloq, jag‘ osti va til osti tugunlari, shuningdek ichki a’zolar devorida joylashgan intramural tugunlar va ulardan chiquvchi postganglionar tolalardan iborat.
Dumg‘aza qismi orqa miyaning II-IV dumg‘aza segmentlarida joylashgan parasimpatik o‘zaklar, ichki a’zolar chanoq nervlari va tugunlaridan iborat.1.Ko‘zni harakatlantiruvchi nervning parasimpatik qismi uning juft qo‘shimcha (Yakubovich) va toq parasimpatik (Perlia) o‘zaklari, kiprikli tugun va ularda joylashgan hujayra o‘simtalaridan iborat. Bu o‘zak hujayralari aksonlari (preganglionar tolalar) ko‘zni harakatlantiruvchi nerv tarkibida ko‘z kosasiga kirib undan ajraydi va kiprikli tugun hujayralarida tugaydi.
Kiprikli tugunning (ganglion ciliare) uzunligi 2 mm bo‘lib, ko‘ruv nervini tashqi tomonida yotadi. Kiprikli tugun parasimpatik nerv tizimining ikkinchi neyron hujayralaridan tashkil topgan bo‘lib, undan chiqqan postganglionar tolalar kalta kiprikli nervlar (n. cilliaris brevis) tarkibida kiprikli va qorachiqni toraytiruvchi mushaklarga boradi. Bundan tashqari tugundan uch shoxli nervning sezuvchi tolalari va simpatik postganglionar tolalar tranzit holatda o‘tadi.
2.Yuz (oraliq) nervning parasimpatik qismi yuqorigi so‘lak ajratuvchi o‘zak, qanot-tanglay, jag‘ osti tugunlari va ularda joylashgan hujayra o‘simtalaridan iborat. Yuz nervi tarkibida yo‘nalgan yuqorigi so‘lak ajratuvchi o‘zakning preganglionar tolalarining bir qismi nervning tizzachasi sohasida katta tosh nervi (n. petrosus major) bo‘lib ajrab, o‘z nomidagi tirqish orqali kalla ichiga kiradi. U chakka suyagi piramidasidagi egat bo‘ylab yo‘nalib, yirtiq teshik orqali kalladan chiqqach simpatik nerv bilan qo‘shilib qanotsimon kanal nervini hosil qiladi va qanot-tanglay tuguni hujayralarida tugaydi.
Qanot-tanglay tuguni (ganglion pterygopalatinum) noto‘g‘ri shaklda o‘lchamlari 4-5 mm bo‘lib, qanot-tanglay chuqurchasida yuqorigi jag‘ nervi tagida yotadi. Tugun hujayralaridan boshlangan postganglionar tolalar ko‘z yoshi bezi, burun bo‘shlig‘i, tanglay va halqum shilliq pardasi bezlarini innervatsiya qiladi. Preganglionar tolalarning boshqa qismi nog‘ora tori (chorda tympani) tarkibida kalladan tosh-nog‘ora tirqishi orqali o‘tib, til nervi tarkibida jag‘ osti va til osti tugunlariga boradi.
Jag‘ osti tuguni (ganglion submandibulare) o‘lchamlari 3-3,5 mm noto‘g‘ri shaklda bo‘lib, jag‘ osti bezining ichki tomonida yotadi.
Til osti tuguni (ganglion sublinguale) doimiy bo‘lmay, til osti bezining tashqi yuzasida yotadi va jag‘ osti tugunidan kichik. Bu tugun hujayralaridan boshlangan postganglionar tolalar jag‘ osti va til osti bezlarini innervatsiya qiladi.
3.Til-yutqin nervining parasimpatik qismi pastki so‘lak ajratuvchi o‘zak, quloq tuguni va ularda joylashgan hujayra o‘simtalaridan iborat. Til-yutqin nervi tarkibida yo‘nalgan pastki so‘lak ajratuvchi o‘zakning preganglionar tolalari til-yutqin nervi tarkibida bo‘yinturuq teshigi orqali kalla bo‘shlig‘dan chiqadi. Bu teshikning pastki chekkasida parasimpatik tugun oldi tolalari nog‘ora nervi (n. tympanicus) tarkibida nog‘ora bo‘shlig‘iga kiradi. Keyin bu tolalar nog‘ora bo‘shlig‘idan kichik tosh nervi tirqishi orqali kichik tosh nervi (n. petrosus minor) bo‘lib kalla ichiga chiqadi. Chakka suyagi piramidasidagi o‘z nomidagi egatda yo‘nalib, kalladan ponasimon-tosh tirqishi orqali chiqadi va quloq tuguniga qo‘shiladi.
Quloq tuguni (ganglion oticum) 3-4 mm kattalikda, yumaloq shaklda bo‘lib, cho‘zinchoq teshik tagida joylashgan. Bu tugunning hujayralaridan boshlangan postganglionar tolalar quloq-chakka nervi tarkibida quloq oldi beziga boradi.
4.Adashgan nervning parasimpatik qismi nervning dorzal o‘zagi, a’zolar devorida joylashgan ko‘p sonli nerv tugunlari va ularning o‘simtalaridan iborat. Adashgan nerv tarkibida yo‘nalgan dorzal o‘zakning preganglionar tolalari a’zolar yonida va devori ichida joylashgan (intramural) vegetativ tugunlariga boradi. Bu tugunlarda joylashgan hujayra aksonlari postganglionar tolalarni hosil qilib, ichki a’zolarning silliq mushaklari va bezlari faoliyatini innervatsiya qiladi.
5.Parasimpatik nerv tizimining dumg‘aza qismi orqa miyaning II-IV dumg‘aza segmentlari sohasidagi oraliq medial o‘zaklar, chanoq parasimpatik tugunlari va ularning o‘siqlaridan iborat. Dumg‘aza parasimpatik o‘zaklari hujayralarining o‘simtalari dumg‘aza nervlarining oldingi ildizlari tarkibida dumg‘aza suyagi chanoq teshiklari orqali chiqqach, undan ajralib chanoq ichki a’zo nervlarini (nn. splanchinici pelvini) hosil qiladi. Bu nervlar pastki qorin osti chigaliga qo‘shiladi va uning shoxlari tarkibida siydik - tanosil a’zolari, yo‘g‘on ichakning chap bukilmasidan pastki qismi devoridagi va a’zolar yonidagi tugunlarda tugaydi. Bu tugun hujayralari aksonlari postganglionar tolalarni hosil qilib, a’zolarning silliq mushaklari va bezlarni innervatsiya qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |