SHaxslararo munosabatlar sohasida vujudga keladigan nizolar o‘smirlar tomonidan emotsional affektiv tarzda qabul qilinadi, ular barkamol shaxs kamolotiga to‘sqinlik qilib, o‘smirning hayotiy faoliyat samarasizligiga sabab bo‘ladi.
Xilma-xil psixodiagnostik metodikalar orasida shaxslararo munosabatlarning interpersonal diagnostikasi anketalar va ko‘p omilli so‘rovnomalarning ijobiy tomonlarini o‘z ichiga olganligi bilan ajralib turadi. Ushbu metodlar esa motivatsiyalangan buziliщlar va va sinaluvchining tadqiqot jarayoniga ustanovkalari ta’siridan xoli emas.
Dembo - Rubinshteyn metodikasi psixologik adabiyotlarda ma’lum metodika hisoblanadi. Metodikaning asosini tekshiriluvchiga o’z o’zini baholash uchun taklif qilinadigan shaxs xislatlarini shakllantirish tashkil etadi. Tekshiriluvchilarga tez tez qo’llaniladigan sifatlar bo’yicha o’zlarini baholash taklif qilinadi.
SHaxslararo munosabatlar tashhisining (T.Liri - Sobchik) modifikatsiyalashtirilgan varianti shaxslararo va ichki ziddiyatlar strukturasini o‘rganish uchun juda qulay. Empirik jihatdan isbotlanganki, o‘z-o‘zini baholash strukturasi (real «Men» va ideal «Men»)dagi jiddiy o‘zaro nomuvofiqlik shaxsning ichki disgarmoniyasidan darak berib, uning nizo uyg‘otuvchi xulq-atvoriga sabab bo‘ladi. Mazkur metodikaning qimmati shundaki, u o‘z-o‘zini baholash tizimidagi nomuvofiqlikni va uning xarakterini aniqlashga qodir bo‘lgan yagona o‘lchov asbobi ekanidadir.
“Men” siymosining asosiy o‘zgarishlari o‘smirlik davrida yuz beradi. Bu sohada ish olib borayotgan ko‘plab olim va tadqiqotchilarning fikricha, aynan shu davr o‘smirlar uchun eng keskin o‘zgarishlar bo‘ladigan va tanqidiy qarashlar kuchayadigan davr hisoblanadi.
O‘smirlik davrida “Men” konsepsiyasining rivojlanishida 1-navbatda o‘ziga xos xususiyatlar sifatida quyidagilarni aytish mumkin:
O‘smirlik davrida “Men” konsepsiyasining shakllanishida ularning faol jinsiy rivojlanishlari alohida o‘rin tutadi; jinsiy etilish bilan bog‘liq bo‘lgan psixofiziologik o‘zgarishlar shakllanib bo‘lgan “Men” obrazini buzadi va yangi qomat “Men”ini tuzishni talab etadi.
Fikrlash rivojlanishining sifat o‘zgarishlarida namoyon bo‘luvchi kognitiv qayta qurish paydo bo‘ladi. O‘smirlarda oldindan xayolan qaror qabul qilishga moyillik, shuningdek intellektual masalalarga yangicha munosabat kuzatiladi. O‘smir masalalarni tahlil qilishni har qanday mavjud aloqalarni aniqlashdan boshlaydi, ularning barcha bog‘liqlik jihatlari haqida taxmin qiladi va keyingina o‘z gipoteza (faraz)larini tekshirib ko‘radi.
“Men va jamiyat” tizimidagi sifat jihatidan boshqacha bo‘lgan munosabatlarning shakllanishida ijtimoiy tajribani o‘rganishning yangi darajasi namoyon bo‘ladi. Bu munosabatlar insonlarning o‘zaro munosabatlari me’yorlarini egallashga yo‘naltirilgan.
O‘smirlarning o‘z faoliyatlarini modellashtirish va uning natijalarini yanada qoyilmaqom darajaga ko‘tara olish qobiliyatlari ularning borgan sari tartiblashayotgan, maqsadga yo‘nalgan va irodaviy bo‘lib borayotgan xulq-atvorlarida aks etadi.