MINTAQALAR RAQOBATBARDOSHLIGI VA RAQOBAT USTUNLIGI
Mintaqaviy iqtisodiyotda raqobatbardoshlikni oshirishning nazariy asoslari va uni takomillashtirish yo`llari
Mintaqalar iqtisodiyoti taraqqiyoti bozor munosabatlarining rivojlanganlik darajasi va ko`lami, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv darajasi, iqtisodiyotning raqobatbardoshligi, texnik-texnologik rivojlanish darajasi hamda tarmoq va sohalarining tuzilishi, rivojlanish xususiyatlari bilan xarakterlanadi. Bugungi kunda xalqaro iqtisodiy munosabatlarning tobora rivojlanib borishi, iqtisodiyotning globallashuvi natijasida mamlakat milliy iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish dolzarb vazifalardan biriga aylanib bormoqda. O`zbekiston Respublikasida ham milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish vazifalariga alohida e`tibor qaratilmoqda. 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasida «Tarkibiy o`zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning etakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish» bo`yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan. 2019 yilda mamlakatimizni rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga Murojaatnomasida ham «ochiq iqtisodiyot, sog`lom raqobat, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash uchun zarur sharoitlarni yaratish» ta`kidlangan. Milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini shakllantirish hamda oshirishga qaratilgan islohotlar davomiyligi va samaradorligini ta`minlash, raqobatbardoshlik kategoriyasining mazmun-mohiyati va uslubiy asoslarini hozirgi zamon iqtisodiyoti nuqtai nazaridan kelib chiqib, talqin etishni taqozo etadi. Iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish hisobiga milliy iqtisodiyotning xalqaro raqobatbardoshlikka erishishi va xalqaro bozorlarda mustahkam nufuzga ega bo`lishida muhim omil bo`lib xizmat qiladi.
Iqtisodchi-marketolog olim M.Porter «Raqobatbardoshlik - tovar, xizmat va bozor munosabatlari sub`ektining bozorda mavjud bo`lgan o`xshash tovar, xizmatlar bilan, shuningdek, bozor munosabatlarining raqobatlashuvchi sub`ektlari bilan baravar bozorga chiqish xususiyatidir, bu xususiyatni baholash esa yuqori, o`rta va past darajadagi raqobatbardoshliklarni alohida alohida belgilab berish imkonini beradi»5 - deb ta`rif bergan. Y.Rubin esa «raqobatbardoshlikning» tayanch toifasiga murojaat qilib, raqobatbardoshlik deganda, tadbirkorlik biznesi sub`ektining o`z raqobatchilariga qarshi turish va bunday qarshi harakat qilish qobiliyatini tushunmoq kerak deb yozib, bunday qarshi harakat muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz, nisbatan muvaffaqiyatli yoki nisbatan muvaffaqiyatsiz bo`lishi ham mumkin deb ko`rsatadi6. Raqobatbardoshlik - raqobatchilar bilan boradigan kurashda o`zining mavqeini, ya`ni tengligini saqlash, ba`zi hollarda esa ustunlikka erishish demakdir. O`zbekistonlik iqtisodchilar Yo`ldoshev Z., Xalilova X. «Mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligi – mamlakatning o`rta va uzoq muddatga iqtisodiy o`sishning yuqori sur`atlarini ta`minlab turish qobiliyatidir» deya ta`rif berishgan7.
Ilmiy va amaliy manbalarda raqobatbardoshlik va uning turlari, ko`rinishlari hamda darajalari bo`yicha turli talqinlar keltirilgan. Xususan, raqobatbardoshlikning ko`rinishlari (1-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |