Identiv o‘quv maqsadlar:
1. Abu Ali ibn Sinoning hayoti haqida tushunchaga ega bo‘ladi.
2. Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari haqida tushunchaga ega bo‘ladi.
3. Abu Ali ibn Sinoning hayoti haqida tushunchaga ega bo‘ladi.
4. Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosi haqida tushunchaga ega bo‘ladi
3-asosiy savolning bayoni:
Ibn Sino (980-1037)
Abu Ali Husayn ibn Abdulloh ibn Sino (980-1037) - butun dunyoda tibbiyot ilmi yuksalishiga asos soldi, Uning «Tib qonunlari», «Najot kitobi» asarlari asrlar davomida Sharq, G‘arb mamlakatlarida tibbiyot qomusi sifatida tan olinib, o‘quv qo‘llanmasi vazifasini o‘tab kelgan. Ibn Sino asarlari bizning davrimizda ham qayta nashr qilib borilishi ularning bugungi kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotmaganligidan dalolat beradi.
Ibn Sino Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ma’lumotni otasidan, yuqori ilmlarni esa Notiliydan olgan. 17 yoshidayoq mohir tabib sifatida tanilgan Ibn Sino 996-yili Buxoroga, amir Nuh ibn Mansur Somoniy (976 - 997) saroyiga taklif qilinadi. Buxoroda somoniylar sulolasining hukmdorligi tugatilgach, 1002 yildan keyin Gurganchga, xorazmshoh Abu Hasan Ali ibn Ma’mun (997-1009) saroyiga keladi. Keyinchalik u yerda Ma’mun akademiyasining eng faol olimlaridan biriga aylandi. 1011 yili sulton Mahmud G‘aznaviyning ta’qibidan qochib, Gurganchni tark etishga majbur bo‘ladi. U avval shimoliy Xurosondagi Obivard shahriga, u yerdan Nishopurga, so‘ng Gurgonga, sulton Qobus ibn Vashmgir Ziyoriy saroyiga boradi. 1014 yili u yerni ham tark etib, Rayga, shoh Majduddavla Rustam Buvayhiy (997 - 1029) saroyiga kelib, 1019 yili uning vaziri lavozimigacha ko‘tarilishga muyassar bo‘ladi. 1021 yili Shamsuddavla vafot etganidan so‘ng Ibn Sino ayblanib, hibsga olinadi. 1023 yili xibsdan qutulib, Isfahonga, Alouddavla Kakuya (1008 - 1041) huzuriga keladi va umrining oxirigacha uning xizmatida bo‘ladi. U 1037 yilda Hamadonda vafot etib, o‘sha yerda dafn etiladi.
Abu Ali ibn Sino tabib va faylasuf (hakim) sifatida mashhur bo‘lgan. Uning bu sohadagi asarlari o‘rta asrlarda lotinchaga tarjima qilingan va uning o‘zi G‘arbiy Yevropada lotinlashtirilgan Avetsenna nomi bilan shuhrat qozongan. Bulardan tashqari, Ibn Sino matematika, astronomiya, kimyo, ma’danshunoslik, psixologiya, ilohiyot, musiqa va adabiyot bilan ham shug‘ullangan va bu sohalarga bag‘ishlab asarlar ham yozgan.
Ibn Sino ilmiy dunyoqarashi quyidagi asrlarida yorqin ifodasini topgan:
«Kitob ush-shifo» - falsafiy ensiklopediya;
"Kitob un-najot"- falsafiy asar;
«Donishnoma» - fors tilida yozilgan falsafiy asar;
«Geometriya haqida risola»;
«Arifmetikadan qisqartma»;
«Kuzatish asboblari»;
«Samoviy jismlar haqida risola»;
«Iksir haqida risola»;
«Tib qonunlari» -tibbiy ensiklopediya;
«Yurak dorilari» -tibga oid;
«Tibbiy urjuza» - tibga oid she’riy doston;
«Zararlarni yo‘qotish...» - sog‘liqni saqlashga oid;
«Salomon va Ibsol» - falsafiy qissa;
«Hayt ibn Yaqzon» falsafiy qissa;
«Mantiq bo‘yicha urjuza» -mantiq bo‘yicha she’riy asar;
«Musiqa ilmi»;
Ibn Sino bilan Beruniy yozishmalari - fizika va falsafaga oid;
«Namozning mohiyati haqida risola» - fiqhga oid va boshqalar.
Ibn Sino qalamiga mansub turli mavzulardagi 50 ta asarning 60 ta qo‘lyozmasi O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Ularning orasida eng mashhur «Tib qonunlari», «Yurak dorilari», «Kitob ush - shifo»ning ayrim qismlari, Beruniy bilan yozishmalar va boshqa ilmiy ahamiyatga molik asarlar bor.
Ibn Sino o‘zi shug‘ullangan fan sohalarining qariyib har birida sezilarli iz qoldirdi, o‘z davri fani uchun ilg‘or bo‘lgan g‘oyalarni ilgari surdi. Jumladan, astronomik asboblar yasash sohasida XVI asrdan «nonius» deb atalgan asbobni ixtiro qildi; tabiiy fan sohalarida zilzila, vulqonlar, tog‘larning paydo bo‘lishi haqida hozirgi geologiyada o‘z tasdig‘ini topgan nazariyalarni taklif qildi; moddalarning tasnifi, ilmlar tasnifini ishlab chiqdi; tabobat sohasida diagnostika, terapiya va jarrohlikda yangi va effektiv tashxis va davolash usullarini ishlab chiqdiki, ularning ba’zilari keyinchalik Yevropada qayta kashf qilindi. Perkussiya, traxeotomiya, chiqqan yelka suyagini to‘g‘rilash, qand kasalligining tashxisi shular jumlasidandir.
Falsafiy asarlarida Ibn Sino klassik yunon falsafasining davomchisi sifatida uni yangi g‘oyalar bilan boyitdi.
Markaziy Osiyo ilk uyg‘onish davrining yetuk olimlaridan biri Abu Ali Husayn ibn Sinodir.
Ibn Sino qisqagina umri davomida uch yuzdan ortiq asarlar yozganligi ma’lum. Uning asarlari ilm va fanning barcha sohalariga oiddir. Qomusiy olimning asarlarini ilmlar tarmog‘i bo‘yicha taqsimlanganda, o‘rta asrlarda ma’lum bo‘lgan barcha fanlarni sanab chiqishga to‘g‘ri keladi.
Ibn Sino o‘zining ilmiy faoliyati davomida yozgan asarlari bilan Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini dunyo madaniyatining oldingi qatoriga olib chiqdi. Shuning uchun uni «Shayx ur-rais» ya’ni «Olimlar boshlig‘i» deb ataganlar. Uning asosiy asarlari Shifo kitobi, Donishnoma, Tib qonunlari, Najot kitobi kabilarda milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan.
Ibn Sino o‘zining axloq to‘g‘risidagi fikrlarida axloqiy fazilatlarni ulug‘ladi va axloqiy illatlarni, yomonliklarni keskin qoraladi. Xususan, u insonning kundalik amaliy ishlaridagi eng zaruriy axloqiy munosabatlarga, kamtarlik, izzat-hurmat, jasurlik, to‘g‘rilik, sofdillik kabi xulqiy qoidalarga . alohida e’tibor berdi. Insonning jamoada o‘zini tutishi, oila a’zolarining o‘zaro aloqalari, jamiyatdagi turli tabaqalarning o‘zaro munosabatlari, insonning kamolotida, uning jamiyatda tutgan o‘rnida milliy qadriyatlarning o‘rni uning asarlarida alohida yoritildi5. Uning axloqiy fikrlari odil fuqarolik jamiyati haqidagi fikrlari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ibn Sino o‘zining ko‘p tarmoqli sermahsul ilmiy ijodi, boy merosi bilan jahon madaniyati taraqqiyotida katta o‘rin tutdi. U o‘z ijodi bilan Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlaridagi yuqori madaniy ko‘tarinkilik, madaniy uyg‘onishning ma’naviy yutuqlarini mujassamlashtira oldi, bu bilan butun Sharq va Yevropadagi ma’rifat, madaniyat taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo Uyg‘onish davri madaniyatining buyuk allomallari, qomusiy bilim egalari o‘zlarining davridagi barcha ilmlar bilan shug‘ullandilar. Ular inson, jamiyat, ularning o‘zaro munosabatlarida qadriyatlarning beqiyos o‘rnini ko‘rsata oldilar. Bundan tashqari, mutafakkirlar ijodida milliy qadriyatlarnig umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unligi, yoshlarni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalashning foydalari ko‘rsatib berildi.
Hozirgi kunda buyuk kelajakni quruvchilari bo‘lmish yoshlarni tarbiyalash jarayonida, ularni milliy istiqlol g‘oyalari va milliy qadriyatlar asosida tarbiyalashda qomusiy olimlar merosidan foydalanish har qachongidan ham qimmatlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |