2-asosiy savolning bayoni:
Beruniy (973-1048)
Xorazmlik buyuk qomusiy tafakkur egasi Abu Rayhon Beruniy jahon fani va madaniyatini yuksaltirishda jonbozlik ko‘rsatgan vatandoshlarimizdandir.
Beruniy butun kuchi, hayoti, aql-idroki va tafakkurini ilm va fan asoslarini o‘rganishga sarfladi. U o‘zini qiziqtiradigan masalalarni sinchiklab o‘rganib, mohiyatini bilib olishda hech erinmagan, hafsalasi nihoyatda kuchli bo‘lgan. Shuning uchun Sharqda Beruniy haqida osoyishtalikni mashaqqatdan, kechani kunduzdan ajratmagan, kuni qalam ushlashdan, miyasi fikrlashdan, tili bayon etishdan hech qachon charchamagan, o‘z tahsili va kamoloti uchun yilning hamma kunlarini bergan, degan gAl tarqalgan. U bilim va tafkkur timsoli bo‘lgan.
Ilm zamon iqbolidir. Ilmning inson hayoti va faoliyatidagi o‘rni haqida Abu Rayhon Beruniy shunday deb yozadi: "Ilmlar ko‘pdir. Ular zamonning iqboli bo‘lib, turli fikr va xotiralar ularga qo‘shilib borsa ko‘payadi. Odamlarning ilmlarga rag‘bat qilishi, ilmlarni va ilm ahllarini hurmatlashi o‘sha iqbolning belgisidir. Ayniqsa hukmron kishilarning ilm ahlini hurmat qilishi turli ilmlarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Chunki hukmronning shunday qilishi kishilarning, dunyoning zarur ishlari bilan ovora bo‘lib qolgan qalblarini turli ilmlar uchun bo‘shatib qo‘yadi. Demak, olimlarning qalbi buni sevish uchun yaratilgandir".
Tenglashadigan olimni uchratmagan. Olim dunyoqarashining kengligi, ilmiy qiziqishlari fanning g‘alabasi uchun tinimsiz kurashi olim nomiga abadiylik muhrini bosadi.
Beruniyning milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida bir qancha asralarida fikr bildirgan. Ayniqsa, uning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida Markaziy Osiyo hududida yashagan xalqlar, ularning urf-odat va an’analari, tili, dini, tafakkuri. Xullas, milliy qadriyatlari haqida bebaho ma’lumotlar keltirilgan. Bundan tashqari, «Hindiston» asarida u hind xalqining an’analari, dini, urf-odatlari haqida ko‘plab ma’lumotlar beribgina qolmasdan, bu qadriyatlarni o‘z xalqi, shuningdek, islom mamlakatlari xalqlari qadriyatlari bilan taqqoslagan, tegishli umumlashmalar va xulosalarga kelgan.
Beruniy barcha fanlarning kelib chiqishini ham inson hayotiy ehtiyoji bilan bog‘laydi, ilmiy qadriyatlarning oliy qadriyat - insonga xizmat qilishi lozimligini uqtiradi. U ilmni dindan ajratib o‘rganish tarafdori bo‘lib, ilmiy va diniy qadriyatlarni qorishtirib yuborishga qarshi turadi. Ilmiy qadriyatlarning asosini tajribaga bog‘liq ekanligini ta’kidlashi bilan birga, nazariy bilimlarni ham rad etmaydi.
Beruniy tarixiy hodisa va jarayonlarni bilishda inson yolg‘on-yashiqlarga, noto‘g‘ri ma’lumotlarga, yuzaki xabarlarga asoslanmaslikni, masalalarni har taraflama, mukammal bilish, ularni qiyosiy o‘rganish zarurligini aytib o‘tgan.
Beruniyning jamiyat, uning istiqboli kelajak sari rivojlanib borishida mehnatning, ilm-fan, madaniyat va ilmiy merosning, inson omilining roli va ahamiyati borasidagi bildirgan fikr-mulohazalari ham bebahodir; olim aql, mehnat, erkin tanlash inson hayotini va ijtimoiy holatini belgilaydi, degan. Inson o‘zidan boshqalarning ham baxt-saodatini o‘ylashi zarurligi haqida gapirib, «Javohirot» asarida yozadi: «Insonning qadr-qimmati o‘z vazifasini a’lo darajada bajarishdan iborat. Shuning uchun ham insonning eng asosiy vazifasi va o‘rni mehnat bilan belgilanadi. Inson o‘z hoxishiga mehnat bilan erishadi».
Beruniy jamiyat taraqqiyotini fan taraqqiyoti bilan bog‘laydi. Ilmiy qadriyatlar diniy va milliy kadriyatlarning darajasini belgilaydi, ular insoniyatni faqat ezgulikka yetaklaydi, deydi alloma.
Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy - 973 yil 4 sentabrda Xorazmning qadimgi poytaxti Kat shahrida tug‘ilgan U yoshligidan Afrig‘iy xorazmshoh Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Iroqniig amakisi Ali ibn Iroqning o‘g‘li Abu Nasr Mansur ibn Ali ibn Iroqning oilasida o‘sadi va tarbiya oladi. 1004 yil boshidan to 1017 yil oxirigacha Gurganchda turib, Ma’mun akademiyasida xizmat qiladi. Mazkur yil oxirida Mahmud G‘aznaviy uni o‘z poytaxti G‘aznaga olib ketadi va olim to vafotigacha, ya’ni 1048 yilga qadar o‘sha shaharda turadi. Lekin orada bir marta - 1025 yilda Xorazmga kelib ketadi. Beruniy ko‘p tillarni bilgan qomusiy olim bo‘lgan va 153 ta ilmiy asar yozgan, ular asosan aniq fanlarga, ba’zilari tarix, mineralogiya va tabobatga bag‘ishlangan.
Beruniy jahon fani rivojiga katta hissa qo‘shgan qomusiy olim, Ma’mun akademiyasi rahnomasi. «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», «Hindiston», «Mas’ud Qonuni», «Geodeziya», «Saydona», «Mineralogiya» va boshqa asarlarida tarix, falsafa, ta’lim-tarbiyadan tashqari geologiya, astronomiya fanlarining dolzarb muammolariga doir tadqiqotlar olib borgan.
Beruniy o‘z asarlariga o‘zi tuzgan ro‘yxati - «Fihristi»da 113 ta asar nomi keltirilgan. Bundan tashqari Beruniyga atab boshqa olimlar tomonidan yozilgan 25 ta asar nomi ham keltirilgan. Olim mazkur 113 ta asaridan 68 tasining varaqlari sonini ko‘rsatgan, ular 6197 varaqni tashkil qiladi, bu 12394 sahifa bo‘ladi.
«Ma’sud qonuni» asarida Beruniy o‘zidan avvalgi olimlar va zamondoshlari tomonidan astronomiya va matematika sohasida erishilgan barcha yutuqlarni to‘plagan hamda ularga tanqidiy yondashib, o‘z kuzatishlari va tadqiqotlari natijalari bilan to‘ldirgan. Asarda Beruniy astronomiya va matematikaning dolzarb bo‘lgan barcha muammolariga to‘xtalib o‘tgan. Shunday qilib, «Qonuni Mas’udiy» o‘rta asr Sharq astronomiyasi va matematikasining qomusi bo‘la oldi.
«Tafhim» - «Yulduzshunoslik san’ati asoslarini tushuntirish kitobi» («Kitob at-tafhim li avvail sinaat at-tanjim»), olim hayotligi davrida yoki undan biroz keyinroq arabchadan forschaga tarjima qilingan, XX asrda to‘la yoki qisman ingliz, nemis, rus, tojik tillariga tarjima kilingan.
Kitob xorazmlik Rayhona al-Hasan qiziga bag‘ishlangan bo‘lib, savol-javob tarzida bayon qilingan va 530 savol-javobdan iborat, sakkiz bobga bo‘lingan: 1) Geometriya, 2) Arifmetika, 3) Astronomiya, 4) Geografiya, 5) Astrologik astronomiya, 6) Xronologiya, 7) Asturloblar, 8) Astrologiya.
«Asturloblar» asari turli ko‘rinishdagi asturloblarni yasash haqida 70 ta bo‘limdan iborat.
Beruniy alkimyoni ilmiy kimyoga yaqinlashtirishga ulkan hissa qo‘shgan olimdir. Uning Xorazmda ma’daniy moddalarning xossalarini o‘rganish borasida olib borgan ilmiy izlanishlari fizika, mineralogiya, kimyo kabi fanlarni moddalar diagnostikasining eng ishonchli usuli bilan ta’minladi, deyish mumkin.
«Solishtirma og‘irliklar» asari tabiiy fanlar tarixiga yorqin sahifa bo‘lib kirdi, chunki olim fan tarixida birinchi bo‘lib moddalarning solishtirma og‘irliklarini, ya’ni ular vaznining hajmiga nisbatini aniqladi va shu bilan tabiiy fanlarni moddalarni tadqiq qilishning eng ishonchli usuli bilan ta’minladi.
O‘zi yasagan maxsus asbob yordamida Beruniy 50 ta moddaning, shu jumladan, 9 metall, 18 suyuqliq, 3 ta ma’dan va boshqa moddalarning solishtirma og‘irliklarini katta aniqlik bilan o‘lchadi. Bu bilan alloma mineralogiyadagi asosiy masala - ma’danlarning zamonaviy tasnifiga asos soldi va birinchi bo‘lib, qimmatbaho toshlarni tasnif etishda shu usulni qo‘lladi va bu borada fikrlarini o‘zining «Mineralogiya» asarida bayon qildi.
«Mineralogiya»da qimmatbaho toshlarga ishlov berish usullari, ularni baholash va tozaligini tekshirish masalalariga ham alohida e’tibor berilgan. Undan tashqari, o‘sha davrdagi qimmatbaho toshlarning narx jadvallari ham keltirilib, toshlarni to‘g‘ri baholash bo‘yicha bir qancha ko‘rsatmalar ham berilgan. «Mineralogiya» o‘z davri uchun bunday ma’lumotlar tutgan yagona manba hisoblanadi.
Ayniqsa, Markaziy Osiyodagi konlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar amaliy jihatidan muhimdir. Masalan, asarda Angren vodiysidagi feruza, Zarafshondagi zok, nushodir, simob, temir, mis, qo‘rg‘oshin, kumush va oltin, Farg‘onadagi toshko‘mir, neft, Buxorodagi magnetit, Tojikistondagi oltin, la’l, billur konlari, Afg‘oniston, Eron, Hindiston, Afrika, arab mamlakatlaridagi konlar haqida ham ma’lumotlar keltirilgan.
Beruniy sun’iy ravishda oltin hosil qilish, kimyoviy o‘zgarishlar yordamida bir metallni ikkinchisiga aylantirish, mo‘jizakor liksir yaratish kimyogarlarning ushalmas orzusi ekanligini yaxshi tushungani holda, ularning tajriba va asarlarining ratsional negizini topa olgan va o‘z asarlarida rivojlantirgan.
Beruniyni Xorazm Ma’mun akademiyasida tabobat bilan shug‘ullangan allomalar qatoriga ham qo‘shish joizdir. Tib amaliyoti bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa ham, alloma Xorazmda yashagan davrida o‘lka tabiati, hayvonot va o‘simlik dunyosini chuqur o‘rganib, o‘z fikrlarini, kuzatuv natijalarini qayd etib borgan. U dorivor moddalar, shu jumladan, o‘simliklarni, ayniqsa, diqqat va e’tibor bilan kuzatib, ularning mahalliy nomlarini arab, fors, suryon, yunon, keyinchalik esa hind tillaridagi nomlari bilan taqqoslab, bo‘lg‘usi kitobi uchun ma’lumotlar to‘plagan.
Beruniyning moddalar xossalariga, nomlariga bo‘lgan qiziqishlari uning «Xronologiya», «Geodeziya», «Mineralogiya», «Saydona» asrlarida o‘z aksini topgan. «Saydona» («Farmakognoziya») olim ilmiy faoliyatining so‘ngi mahsuli bo‘lib, afsuski Beruniy uni tugata olmagan va kitob qoralamada, tahrirsiz qolgan. Bu kitob Beruniyning butun umri davomida yiqqan ma’lumotlari asosida yozilgan bo‘lib, unda hayotining Xorazmda o‘tgan davridagi ilmiy kuzatishlari natijalari ham salmoqli o‘rin egallaydi.
«Saydona»da yig‘ilgan 1116 ta dori moddaning 107 tasini ma’daniy moddalar, 880 tasini o‘simliklar, 101 tasini hayvoniy moddalar, 30 ga yaqinini murakkab dorilar tashkil etadi. Bu dorilarning turli til va lahjalardagi nomiga Beruniy alohida ahamiyat beradi, chunki o‘sha davrdagi tibbiy adabiyotda bu borada juda ko‘p xato va chalkashliklar mavjud edi. Beruniy keltirgan arab, yunoniy, suryoniy, hind, fors, xorazmiy, turkiy, so‘g‘d va boshqa til va lahjalardagi atamalarning soni 4500 ga yaqin bo‘lib, bu ishi bilan olim o‘sha davrdagi dorishunoslik atamalarini tartibga solishga katta hissa qo‘shdi.
«Saydona»da keltirilgan boy faktik ma’lumotlar XI asrdagi dorishunsolik va botanika ilmi haqida to‘liq tasavvur beradi.
Beruniyning ijodida tabiiy fanlar, jumladan geografik bilimlar salmoqli o‘rin egallaydi. Allomaning geografiyaga oid tadqiqotlari ko‘proq Xorazmda yashagan davri bilan bog‘liq. U 16 yoshidayoq yer yuzida joylarning geografik kengligini aniqlash bilan shug‘ullangan va Kat shahrining geografik kengligini o‘lchagan.
Yer sharini globusda aks ettirish Beruniyning geografiya sohasidagi mashhur xizmatlaridan biri sanaladi va ushbu muhim ishni u 995 yili Kat shahrida yashab turganida amalga oshiradi.
Beruniy o‘zi yasagan globusga geografik ob’ektlarni belgilab, aholi maskanlari oralig‘idagi masofalarga asoslanib, ularning geografik koordinatalarini aniqlagan; ya’ni globus yasashdan ma’lum ilmiy maqsad qo‘ygan edi.
Beruniy Kat shahrida yasagan globus Sharqda tayyorlangan birinchi va shu bilan birga relefli globus hisoblanadi. Hozirgi tadqiqotlarda uning kartografiya tarixida matematik geografiya prinsiplari asosida yasalgan dastlabki globus ham deyishadi.
Beruniyning Gurgonda yozgan yirik asarlaridan biri «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» («Xronologiya») bo‘lib, unda tarix bilan bir qatorda matematik kartografiya tushunchalari ham berilgan.
Allomaning «at-Tafhim» asaridagi kartada O‘rta dengiz, Boltiq dengizi, Kaspiy dengizi, Qizil dengiz, Fors qo‘ltigi ancha aniq ko‘rsatilgan. Arabiston, Hindiston, Hindixitoy yarim orollari ham ajralib turibdi; Misr, Shom, Makka, Iroq, Fors, Xuroson, Hindiston, Xitoy kabi joylarning geografik o‘rni to‘g‘ri belgilangan.
Undan tashqari, Beruniy globusida Yaqin va O‘rta Sharq hududi bo‘yicha joy nomlari, asosan, shaharlar ko‘proq ko‘rsatilgan. Zero globusni tayyorlashdan maqsad, birinchi o‘rinda shaharlar orasidagi masofalarni belgilash va ular vositasida geografik koordinatalarni aniqlash edi.
Abu Rayhon Beruniyning Gurganchda olib borgan ilmiy faoliyatida geografiyaning bir qancha sohalari - tabiiy geografiya, gidrologiya, mineralogiya, astronomik geografiya kabi sohalarga oid tadqiqotlar o‘rin olgan. Jumladan, alloma Gurganchning geografik kengligini aniqlagani ma’lum. Joylarning geografik kengligini hisoblab topishda esa, ularni Quyosh yoki boshqa yoritqichlar balandligiga qarab belgilagan.
Dunyo okeani yaxlitligi masalasiga ham Beruniy yangicha yondashadi va o‘zining «Geodeziya» asarida yer sharida okeanlar va materiklar nisbatiga, qadimgi yunon va Sharq geografik tushunchasida mavjud an’anaga ham ma’lum o‘zgartirish kiritadi, ya’ni Klavdiy Ptolemey dunyo kartasida aks etgan kontinental konsepsiya — Afrika materigining Osiyo materigi bilan janub tomondan ulanganligi va Hind hamda Tinch okeanlarining yopiq dengiz shaklida aks ettirilganligiga qarshi chiqib, bunday nazariyaning asossizligini isbotlaydi. Beruniy tushunchasida dunyo okeani bir-biri bilan qo‘shilgan yaxlit suv havzasini tashkil qiladi.
Amerika qit’asi mavjudligi to‘g‘risidagi farazni Beruniy «Hindiston» asarida bayon qildi. Beruniy o‘zining ilg‘or dunyoqarashi orqali Ma’mun akademiyasida hukm surgan bag‘rikenglikdan kelib chiqqan holda o‘sha zamondagi din niqobi ostidagi ayrim ilm - fanning mutaassib dushmanlariga qarshi qattiq g‘azabini «Geodeziya» asarida quyidagicha ifoda qiladi: «Ularning ashaddiylari jaholatda o‘ziga o‘xshaganlarning (ilmga) nisbatan nafratini kuchaytirish uchun uni adashishdan (iborat) deb hisoblaydilar, ular o‘zlariga ilm egalarini yo‘qotish eshigini ochish uchun, hamda olimlarning halokati va ilmning inqirozi bilan o‘z holatlarini sir saqlash (maqsadida) ilmga bid’at tamg‘asini bosadilar». Beruniynig bu fikri hozirgi zamon ba’zi bir diniy mutaassiblikka berilgan ekstremistlarga ham qarshi qaratilganini ko‘pchilik beruniyshunoslar ta’kidlagan.
Beruniy qalamiga haqiqiy tarixiy mavzudagi asar ham mansubdir: bu uning «Xorazmning mashhur kishilari» asaridir. Bu asar «Xorazm tarixi» deb ham ataladi. Asar to‘liq holda saqlanmagan, faqat uning yirik bir larchasi Abul-Fazl Bayhaqiyning Sulton Mahmud G‘aznaviyga bag‘ishlangan «Tarixiy Mas’udiy» asaridan yetib kelgan. Bayhaqiy Ma’mun xonadonining halok bo‘lishi sababi, viloyatning qanday qilib Mahmud saltanatiga qo‘shib olingani, Oltintoshning qanday qilib xorazmshoh qilib qo‘yilgani bilan bog‘liq voqealar Beruniyning kitobidan olinganini qayd etadi.
Beruniyning madhiya, raddiya, ishqiy va falsafiy mavzularda she’rlar bitgani ham ma’lum.
Do'stlaringiz bilan baham: |