Nazorat savollari:
Islom deganda nimani tushunasiz?
Hadislar haqida gapirib bering?
Buyuk Muhaddislar tarkibini yoritib bering?
Muhaddislik haqida gapiring?
2. Muhaddislar sultoni-Imom Buxoriy merosi.
Darsning maqsadi:
Talabalarga: a) Ismoil al-Buxoriy haqida ma’lumotlar berish; b) Ismoil al-Buxoriy ilmiy merosini bugungi kundagi ahamiyatini yoritish; v) Ismoil al-Buxoriy ilmiy merosini milliy mafkuramiz shakllanishidagi o‘rnini ko‘rsatish; g) Abu Ismoil al-Buxoriyning jahon ilm-fani tizimidagi o‘rnini tushuntirish.
2-asosiy savolning bayoni:
Imom al-Buxoriy (810-879)
Muhaddislar ichida eng obro‘li va mashhuri hamyurtimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydir. U hadisshunoslikda yetuklik darajasiga yetganligida «Hadis ilmida amiral mo‘miniyn» degan nomga sazovar bo‘lgan3. Imom Buxoriy 810 melodiy yilning 20 iyulida Buxoroda tug‘ilgan. Ilm olish va uni oshirish maqsadida u juda ko‘p olimlardan tahsil olgan.
Imom al Buxoriy nafaqat yirik olim, balki o‘zining go‘zal xulqu-atvori, insonlarvarligi, muruvvatliligi, himmatli va beqiyos sahovatliligi bilan boshqalardan tamomila ajralib turgan. U zehni o‘tkirligi va qobiliyatining o‘ta kuchliligi bilan ham xalq va ilmiy jamoatchilik orasida shuhrat qozongan, Manbalarda Imom al Buxoriyning 600 000 ga yaqin hadisni yod bilganligi qayd etilgan4.
Imom al Buxoriy avlodlarga boy va qimmatli ilmiy meros qoldirgan bo‘lib, uning qalamiga mansub asarlarning soni yigirmatadan ortiqdir. Ulardan:
«Al-Jomi’ as-sahih»,
«Al-adab al-mufrad»,
«Tarixi sag‘iyr»,
«Tarixi avsat»,
«Tarixi Kabiyr»,
«Kitob al-ilal»,
«Barr ul volidayn»,
«Asami us-sahoba»,
«Kitob al-kuna» va boshqalarini ko‘rsatish mumkin. Bu asarlarida alloma diniy va ilmiy qadriyatlarning inson kamoloti, jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rniga asosli baho bergan. Bundan tashqari, mutafakkir bobomiz yosh avlodni tarbiyalash, tarbiya jarayonining muammolari haqida ham ko‘plab fikr-mulohazalar, amaliy tavsiyalar bergan.
1. «Al-Jome as-sahih». Buyuk allomaning eng buyuk va mashhur asari. Bu kitob «Sahih al-Buxoriy» nomi bilan ham yuritiladi. Bu asarga kiritilgan ishonchli hadislar soni takrorlanadiganlari bilan 7275 ta bo‘lib, takrorlanmaydigan hadislar (4000) tadir. Asar yozilganligiga 1200 yil vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, shu vaqtgacha u islom olamida Qur’ondan keyin ikkinchi o‘rinda tutadigan muhim manba vazifasini o‘tab kelmokda. O‘rta asrda yashagan ba’zi adib va xattotlar uchun bu kitob nusxalarini ko‘chirish tirikchilik vositasi ham bo‘lib kelgan. Taniqli adib va ilohiyatchi olim an-Nuvayriy (vafoti 1332) undan 8 nusxa ko‘chirib, har birini 1000 dirhamdan sotgan. Uning 1325 yili ko‘chirilgan nodir nusxasi Istanbulda saqlanmoqda. «Al-Jomi’ as-sahih»ga ko‘plab sharhlar bitilgan. U qayta-qayta nashr etilgan.
Imom al-Buxoriy to‘plagan hadislarda faqat islom dini ta’limotiga oid qoidalar aks ettirilibgina qolmay, ular mehr-muhabbat, halollik-pokpik, saxiylik, ota-ona, kattalarga hurmat, yetim-yesir, beva-bechoralarga muruvvat, mehnatsevarlik, vatanga muhabbat kabi oliyjanob insoniy fazilatlar majmuasidir. Hadislarda nima yaxshi, nima yomon, nimani qilish kerak, nimani qilmaslik lozimligi haqidagi zamonamiz ahli, ayniqsa, yosh avlod uchun katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘l-yo‘riqlar, pandu-nasihatlar va o‘gitlar o‘z aksini topgan.
2. «Al-adab al mufrat» (Adab haqida yagona kitob).
Yuqorida zikr qilganimiz payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning olti nafar tan olingan hadis olimlari to‘plagan hadislarida axloq-odob masalasi asosiy o‘rinda turadi. Chunki musulmon bo‘lish uchun eng avvalo yaxshi xulqli, odobli, insofli, pok va halol bo‘lish shart. Bu borada payg‘ambar atayhissalom o‘zlari: «Men yaxshi va oliy axloqpilarni kamolotga yetkazish uchun payg‘ambar qilib yuborildim» deganlar. Shuning uchun ham Imom Buxoriy o‘zining shoh asari «Jome as-sahih»dagi axloq-odob haqidagi hadislarni bitga kitobga jamladi.
Bu olimni qoniqtirmagandan keyin, butun islom olamini yaxshi xulq va odobda tarbiyalashni ko‘zda tutgan holda axloq va odobga oid hadislarni alohida bir kitobga to‘plab, «Al-adab al-mufrad» nomli asarini yozdi. Kitob 644 bobdan iborat bo‘lib, ularda 1322 hadis jamlangan. Bu asarda boshqa muhaddislar kitoblarida uchramaydigan bir qancha hadislar ham berilgan. Asarning yana bir qimmatli tomoni shuki, undagi hadislarni yozib olgan hadis rivoyatchilari (isnodlar) - boshqa muhaddislar isnodlariga nisbatan ancha ishonchli kishilar bo‘lgan.
«Al-adab al-mufrad» qo‘lyozmalari Sharq va G‘arbning juda ko‘p kitobxonalarida mavjud. U 1898 yili Hindistonda, 1930 yili Qohirada, 1970 va 1980 yillari O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashabbusi bilan ikki marta arab tilida nashr etildi. Uning 600 hadisdan iborat 267 bobi taniqli islomshunos olim Shamsuddin Boboxonov tomonidan o‘zbek tiliga ag‘darilib, 1990 yili «O‘zbekiston» nashriyotida chop etildi. Tarjimada ba’zi hadislarga izohlar ham berilgan.
«Al-adab al-mufrad»ning 1-24 boblari ota-onaga xizmat qilish, ularning hurmatini joyiga qo‘yish, ayniqsa, qarigan chog‘ida ularni e’zozlab larvarish qilish, diliga ozor bermaslik, ularning haqqini ado ztish masalalariga bag‘ishlangan. Ba’zi misollar keltiramiz.
Muslim ibn Xayyila (raziyallohu anhu) aytdilarki, rasulullohdan «Ey rasululloh, men yaxshiligimni kimga qilsam bo‘ladi?» - deb so‘radim. «Onangga» — dedilar. «Men shu savolni uch marta qaytarsam ham rasululloh «Onangga» deyaverdilar. To‘rtinchi marta so‘raganimda; «Otangga va yaqin bo‘lgan qarindoshlaringga» dedilar.
Abu Hurayra (raziyallohu anhu) aytadilar: rasululloh; «Bolaning otasi birovlarning quli bo‘lsa uni hojasidan sotib olib, ozod qilmaguncha uning haqqini ado qilgan bo‘lmaydi» — deydilar.
Abu Bakr (raziyallohu anhu) aytadilar: rasululloh: «Men sizlarga gunohlarning eng kattasini aytib beraymi? — deb uch marta so‘radilar. Sahobalar «Ey rasululloh, aytib bering», — deyishdi. «Alloh taologa shirk keltirish va ota - onaga oq bo‘lish», dedilar.
Hadislardan anchasi qarindosh-urug‘larga yaxshilik qilish, ular bilan bordi- keldi qilib turish, holidan xabar olish va ularga rahm-shafqatli bo‘lish haqidagi hadislardir.
Bakr ibn al-Horis Ansoriy (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi. U kishi rasulullohdan «Yo rasululloh, men yaxshiligimni kimga qilishim kerak?» — deb so‘radilar. Rasululloh (s.a.v.); «Onangga, otangga, opa singillaringga, aka- ukalaringga va yaqin kishilaringga. Bu ish zaruriy burch va uzilmasligi kerak bo‘lgan qarindoshlikdir», —dedilar.
Keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, nomi o‘zi bilan «Adab durdonasi» adab axloqning durdonasidir. 1200 yildan buyon islom olamida insonlarda yaxshi oliyjanob xislatlarni tarbiyalash, ularni to‘g‘ri yo‘lga solish, xizmat qilib, odamlarni pok iymonli, e’tiqodli, insofli bo‘lishga yo‘llab, yomon illatlardan saqlab kelayotgan bebaho asar hozirgi bizning zamonamizda ham o‘z qimmatini yo‘qotmay hayotimizning hamma talablariga to‘la javob beradi.
«At-Tarix as-sag‘ir» (Kichik tarix).
«At-Tarix al-avsat» (O‘rtacha tarix).
«At-Tarix al-kabir» (Katta tarix).
«At-Tafsir al-kabir» (Katta tafsir).
Ammo bunday bebaho durdonalardan sho‘ro davrida xalqimiz butunlay bebahra bo‘lib kelgani achinarli holdir. Mustaqillik tufayli dinimiz, iymon e’tiqodimiz qayta tiklandi. Imom Buxoriyning to‘rt qismdan iborat «Jome’ as-sahih» asari o‘zbek tiliga to‘la tarjima qilinib nashr etildi. U zoti sharif haqida o‘nlab risolalar, yuzlab maqolalar chop etildi. Olimning Xartangdagi sho‘ro davrida tashlandiq holga aylantirilib, jamoa xo‘jaligi ombori, atrofida qarovsiz chakalakzor bo‘lgan tabarruk maqbara va masjidi misli ko‘rilmagan darajada ta’mirlanib, yoniga o‘sha davr uslubida yangi masjid, minora va arklar barpo etildi. Bularning hammasiga Prezidentimiz I.A.Karimov bevosita rahbarlik qildilar. Inshoat kerakli mablag‘ va qurilish materiallari bilan uzluksiz ta’minlab turildi.
1974 yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashabbusi bilan Respublikamizda butun islom dunyosi vakillari ishtirokida Imom al-Buxoriy tavalludining 1200 yilligi nishonlangan edi. 1998 yilda Respublika Vazirlar Mahkamasi qarori bilan buyuk alloma Imom Buxoriy tavalludining 1225 yilligi juda keng miqyosda nishonlandi. Imom al-Buxoriy jamg‘armasi tashkil etildi. «Imom al-Buxoriy soboqlari» jurnali ta’sis qilindi. Toshkentdagi oliy diniy maktabga uning nomi berildi. Faqat mustaqillik tufayligina o‘zbek xalqining buyuk farzandi, iftixori, shon-sharafi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Imom al-Buxoriy butun dunyoda qaytadan nom taratib, o‘z shu’lasi bilan islom axlini nurafshon etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |