Biologik tsiklni ayollarni mehnat qobiliyatchanligiga ta’siri
Ayollarning reproduktiv (bola tug’a olish) davrida (12-13 yoshdan to 45-55
yoshgacha) organizmdagi funktsiyalarning oylik davriy to’lqinlanishga bo’ysunadi.
Bunday to’lqinlanish faqat ayol organizmidagina kuzatiladi.
Organizmning funktsional holatini, sport mehnat qobiliyatchanligini va
jismoniy sifatlarning o’zgarishi ayol organizmida ketadigon maxsus biologik tsiklga
bog’liq bo’ladi. Organizm jinsiy yetilganda gipotalamusdagi tonik jinsiy markaz
gipofizdan gonadotrop gormonining chiqishini ko’paytiradi. Bu gormon ta’sirida
tuxumdonlardan ayollik jinsiy gormonlari esterogenlar ko’p miqdorda chiqadi.
Esterogenlar qaytar bog’lanishga ko’ra gipotalamusdagi jinsiy markazni tsiklik
bo’limiga ta’sir qilib, har oyda bitta tuxumning yetilishini va ovulyatsiyani (ajralib
chiqishi) ta’minlaydi. Yosh o’tgan sayin bu mexanizm o’zgarib baradi. 25 yoshdan
boshlab jinsiy markazning tsiklik bo’limini esterogenlarga sezgirligi susaya
boshlaydi. 45-55 yoshga yetgandan keyin esterogenlar ovulyatsiya mexanizmini
ishga sola olmaydi, natijada reproduktiv funktsiya to’xtaydi.
Gipotalamusdagi jinsiy markaz bosh miyaning yuqorida joylashgan
markazlari nazorati ostida bo’lib, tashqi ta’sirlarga ular iishtirokida javob beradi.
Sport faoliyati vaqtidagi kuchli jismoniy va ruxiy zo’riqishlarga katta yarim sharlar
po’stlog’i-gipotalamus-gipofiz-jinsiy bezlardan iborat zanjir ayollar organizmida
oylik tsiklning ketishini sezilarli o’zgartirishi mumkin.
Oylik xayz ko’rish tsiklining davomliligi 21 kundan 36 kungacha davom
etadi, o’rtacha 28 kun (60% ayollar). To’la tsiklni 5ta fazaga bo’lish mumkin: 1-
faza mensturatsiya-qon kelish (1-3 kun, ayrim xollarda 7 kungacha); 2-faza
mensturatsiyadan keyingi (4-12kun); 3-faza ovulyatsiya (13-14kun); 4-faza
ovulyatsiyadan keyingi (15-25 kun); 5-faza menturatsiyadan oldingi (26-28kun).
1 - faza bachadondan shilimshiq pardaning ko’chishi bilan bog’liq bo’lib, qon
keladi. Bu davrda moddalar almashinuvi darajasi va oqsil sintezi keskin pastlab
ketadi. Bosh miya katta yarim sharlari po’stlog’iga jinsiy faoliyat a’zolaridan
borayotgan interoretseptiv ta’sirlarning kuchliligi tufayli diqqat jarayoni buziladi.
Sensor tizimlarning sezgirligi pastlaydi. Ta’sirlanuvchanlik ortadi, emotsional
turg’unlik buziladi. Adashgan nervning ta’siri kuchayib, nafas harakatlari va yurak
urishlar sonini kamaytiradi, qon tomirlar kengayadi. Organizmning qon yo’qotishi
(150-200ml atrofida) va suvni ushlab qolishi sababli eritrotsitlar, gemoglobin,
leykotsitlar va trombotsitlarning miqdorini kamaytiradi.
2 - fazada tuxumdonlarda follikulalarning rivojlanishi, yetilishi va yorilishi
sodir bo’ladi. Bu davrda qonda ayollar jinsiy gormoni esterogenlarning miqdori
ortib, bachadonning shilimshiq pardasi rivojlanadi. Oylik tsikl davomida tana
og’irligini o’zgarishi 2 kg.ni tashkil qilib, tana og’irligini eng past ko’rsatkchi shu
fazaga to’g’ri keladi.
3 - fazada tuxum hujayra follikuladan chiqib (ovulyatsiya), tuxum yo’li orqali
bachadonga kelib tushadi.
4 - fazada follikula qoldiqlaridan sariq tana hosil bo’lib, u yangi ichki
sekretsiya bezi sifatida progesteron gormonini ishlab chiqaradi. Bachadonning
shilimshiq pardasida sekretor jarayonlar faollashadi.
5 - fazada agar tuxum xujayrasi otalanmagan bo’lsa, sariq tana mensturatsiya
boshlanishiga 2-3 kun qolganda yemirilib ketadi. Qonda progesteron va
estrogenlarni miqdori kamayadi, natijada organizmning funktsional ko’rsatkichlari
ham pastlaydi.
Kundalik hayotda xayz ko’rish tsiklining turli fazalarida organizmning
gormonal faolligida qayta qurishlar sodir bo’libgina qolmasdan, barcha funktsional
tizimlarida ham o’zgarishlar yuzaga keladi. Mensturatsiyadan avvalgi va
mensturatsiya hamda ovulyatsiya fazalari kunlarida aqliy va jismoniy mehnat
qobiliyatchanlik pastlaydi, bajarilayotgan ishning fiziologik qiymati ortadi,
fiziologik stress holati yuzaga keladi.
Birinchi fazada eritrotsitlar va gemoglobinning miqdorining kamayishi qonni
kislorod hajmini kamaytirib, organizmning aerob imkoniyatlarini pasaytiradi.
Yuklama ta’sirida nafas harakatlari va yurak urishlar soni har doimgidagiga
qaraganda ko’proq ortadi. Muskul kuchi, tezkorligi va chidamliligi pastlaydi,
egiluvchanlik ortadi.
Ikkinchi fazada qonda esterogenlar to’planib, organizm funktsiyalarini
normallashtiradi, markaziy nerv tizimining, nafas va yurak-qon tomir tizimlari
faoliyatiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi, organizmda natriy, azot va suv, suyaklarda esa
kalьtsiy va fosfor ushlanib qoladi. Organizmning mehnat qobiliyatchanligi ortadi.
Uchinchi fazada qonda esterogenning kontsentratsiyasi kamayadi,
progesteronning miqdori esa xali uncha ko’p emas. Asosiy almashinuv ko’rsatkichi
pastlaydi. Mehnat qobiliyatchanligi keskin kamayadi va bajarilayotgan ishning
funktsional qiymati ortadi, ish vaqtida kislorod sarflanishining maksimal darajasi
kuzatiladi.
To’rtinchi fazada qonda progesteronning kontsentratsiyasi yuqori darajasida
almashinuv jarayonlarining va mehnat qobiliyatchanligini yana ortishi kuzatiladi.
Beshinchi fazada qondagi barcha jinsiy gormonlarning kontsentratsiyasi
kamayadi va tirozin gormonini miqdori ortadi. Markaziy nerv tizimining
qo’zg’luvchanligi ortadi. Natijada simpatik nerv tizimining tonusi ortib, yurak
urishlar soni va nafas harakatlari sonini orttiradi, qon tomirlar torayadi va qon bosimi
ko’tariladi. Jigarda glikogenning miqdori kamayadi, qonda esa glyukoza va
kalьtsiyning kontsentratsiyasi ko’payadi. Qalqonsimon bezning faolligini ortishi va
tirozin kontsentratsiyasining o’sishi organizmda almashinuv jarayonlarini darajasini
ortiradi. Qonda eritrotsitlar va gemoglobinning miqdori ko’payadi. Eshitish va
ko’rish o’tkirligi yomonlashadi. Ayollar o’zini yomon xis qiladi, tez charchaydi,
ko’ngli ayniydi, qusadi, ishtaxasi yo’qoladi, o’zini yomon xis qilayotganligidan
noliydi, qorinning pastki qismida, belda, dumg’azada og’riq sezadi va boshi
og’riydi. Mehnat qobiliyatchanligi pastlaydi.
SHunday qilib, mehnat qobiliyatchanligi darajasi ayol organizmidagi xayz
ko’rish tsiklining turli fazalarida bo’ladigan funktsional o’zgarishlarga bog’liq
bo’lar ekan; 1,3 va 5 fazalarda funktsional holat yomonlashadi va aqliy hamda
jismoniy mehnat qobiliyatchanligi pastlaydi, bajarilayotgan ishning funktsional
qiymati ortadi va fiziologik stress yuzaga keladi. 2 va 4 fazalarda mehnat
qobiliyatchanligi ortadi.
Sport mahoratini orttirish uchun xayz ko’rish tsiklining umumiy
davomliligining ahamiyati bor. Eng qulay davomlilik 28 kun hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |