Reja:
1.Gapning uyushiq bo‘laklari.
2.Uyushishning ifoda vositalari.
3.Sanash ohangi va teng bog‘lovchilar.
4.Uyushiq qator a’zolarining o‘zaro aloqaga kirishuvi
Tayanch so‘z va iboralar: Gapning uyushiq bo‘laklari, uyushishning ifoda vositalari, sanash ohangi va teng bog‘lovchilar,aloqaga kirishuv.
Gapda bir xil so‘roqqa javob bo‘lib, bir xil sintaktik vazifasini bajaradigan, o‘zaro teng aloqaga kirishgan, bir umumiy bo‘lakka bog‘lanadigan gap bo‘laklari gapning uyushiq bo‘laklari deyiladi. Masalan: Odamning eng shirin, lazzatli va halol taomi o‘z mehnati, qo‘l kuchi bilan topgan rizqidir. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»). Mazkur gapda eng shirin, lazzatli va halol hamda o‘z mehnati, qo‘l kuchi bilan guruh so‘zshakllari uyushib kelgan. Bunda birinchi guruhdagi so‘zshakllar bir xil so‘roqqa - qanday? degan so‘rog‘iga javob bo‘lib, sifatlovchi vazifasini bajargani holda, taomi umumiy bo‘lagiga - egaga bog‘langan; ikkinchi guruhdagi so‘zshakllar ham bir xil so‘roqqa - qanday? so‘rog‘iga javob bo‘lib hol vazifasida kelib, topgan umumiy bo‘lagiga - sifatlovchiga bog‘langan. Har bir guruhdagi so‘zshakllar o‘zaro teng aloqaga kirishgan.
Bunday teng aloqadagi so‘zshakllar soni ikkidan va undan ortiq bo‘lib, keyingi paytlarda ular tilshunoslikda «uyushiq qator», «tenglanishli qator» deb yuritilmoqda. Tenglanishli qatorda ikkidan tortib o‘n, hatto undan ko‘p so‘zshakl qatnashishi mumkin: Saroytoshning ikki tomonida qad ko‘targan dara sohillari, undagi archazorlar, soy bo‘yida o‘sguvchi yulg‘unzoru bizning uyimiz yaqinidagi eski chashma, chashma atrofida ko‘karib yotadigan nilufarlar, yana qishloqning tor, egri-bugri ko‘chalari, muyulishda do‘mpaygan go‘ng to‘dalari, atrofdan eshitilib turadigan kakliklar sayrog‘i, oqshom tushganida uylar ayvonida yonuvchi chiroqlar, chiroqlar tevaragida qur tutib suhbatga berilgan odamlar - bularning hamma-hammasi biz uchun aziz, qadrdon edi. (SH.Xolmirzaev).
Uyushiq qator quyidagi uyushiq bo‘lak o‘rnini egallaydi:
Uyushiq ega: Qor-yomg‘ir yog‘ayotgan paytlarda ham ayollar va bolalar suvga kelishadi. (P.Qodirov).
Uyushiq kesim:
uyushiq fe’l kesim: ... ufqqacha cho‘zilgan lolazor rang-barang tovlanmoqda, yonmoqda. (J.Abdullaxonov);
uyushiq ot kesim: qalbi pok bo‘lgan kishining ishlari ham pok bo‘ladi, toza bo‘ladi. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).
Uyushiq aniqlovchi:
uyushiq sifatlovchi: Tabiatning hech kimga bo‘ysunmaydigan, birovdan ruxsat ham so‘rab o‘tirmaydigan o‘z qonunlari bor. (O‘.Hoshimov).
Ba’zan ikki va undan ortiq sifatlovchilar sifatlanmishni turli tomondan aniqlaydi va shuning uchun ham uyushmagan sanaladi. Masalan: Tog‘ tepasida to‘planayotgan qora bulutlar tushga borib quyuqlashib ketdi. (P.Qodirov). Bunda sifatlanmish (bulutlar) o‘rniga nisbatan harakatdagi belgi (tog‘ tepasida to‘planayotgan) va rang-tus (qora) jihatdan aniqlangan.
Uyuushgan sifatlovchilar esa sifatlanmishni bir tomondan aniqlaydi. Masalan: Ular ichida sariq, binafsha rang gullar... asta silkinib, o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lardilar. (J.Abdullaxonov). Bu gapda sifatlanmish (gullar) faqat rang- tus (sariq, binafsha rang) jihatdan tavsiflangan. Sifatlovchilarning uyushganligini belgilashda sanash ohangsi muhim rol o‘ynaydi;
uyushiq qaratuvchi: Hayotda go‘zallik, quvvat va saodatning manbai soddalikdir. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).
v) uyushiq izohlovchi: ...bo‘lajak katta san’atkor, arxitektura professori Akramjon Holiqov, deb bilasizlar!»- deb tanishtirdi. (O.YOqubov).
Uyushiq to‘ldiruvchi:
uyushiq vositasiz to‘ldiruvchi: ... asrlar davomida kasr, koshona, machit, madrasa va uylar qurishda chinordan keng foydalanib kelingan. (A.Aminov);
uyushiq vositali to‘ldiruvchi: Engil qor parchalarining osmondan uchib tushishida ham, daraxtlarga qo‘nishida ham nafis bir xotirjamlik bor! (P.Qodirov).
Uyushiq hol: Qadimgi Movarounnahrda chinorzor bog‘lar barpo etish an’analari hurmat ishtiyoq bilan davom ettirilgan. (A.Aminov). Mirzo Ulug‘ bek Samarqand, Kattaqo‘rg‘ on, Balh va SHahrisabzda ana shunday bog‘lar barpo etishga farmoish bergan. (A.Aminov).
Uyushiq bo‘laklar grammatik jihatdan ikki xil shakllanadi: mustaqil holda va umumlashgan holda.
Uyushuvchilar mustaqil holda shakllanganda, grammatik ko‘rsatkichlar (ot va otlshgan so‘zlar bilan foydalangan bo‘laklarda - kelishik, egalik, ko‘plik affikslari, -dagi o‘rin belgisi affiksi hamda ko‘makchilar; ot va fe’l kesimlarida - to‘liqsiz fe’l va ko‘makchi fe’llar hamda - dir affiks bog‘lamasi va so‘z bogTamalari) uyushiqli qatorning har bir a’zosida qatnashadi. Masalan: Qahraton sovuqqa va qurg‘ oqchilikka chidamli bo‘lgani uchun chinor manzarali daraxt sifatida qadrlanadi. (A.Aminov). Kitoblar orqali asrlar bilan, ming yillar bilan, qadim faylasuflar bilan... suhbatlashish mumkin. (Oybek). Oyko‘lga baland Sunbul cho‘qqidan odamning beliday qishin - yozin tushib turar ekan-u, hech qaeridan chiqib ketmas ekan. (P.Qodirov).
Uyushuvchilar umumlashgan holda shakllanganda, turli grammatik ko‘rsatkichlar uyushiq qatorning oxirgi a’zosida qo‘llanib, barchasi uchun taalluqli bo‘ladi. Bunda turli umumlashtiruvchi grammatik ko‘rsatkichlar qavsdan tashqariga chiqariladi. Va bu holda shakllangan uyushuvchilarning bitta bo‘lak deb qarash lozim bo‘ladi. Masalan: SHarq chinorlari (Kavkaz, Qrim va O‘rta Osiyo)da... o‘stiriladi. (A.Aminov). Maxkam (karavotlar va tubochkalar) bilan qurshalgan stolga qaradi. (P.Qodirov). ... bu xona boshqa xonalaridan (nihoyatda yorug‘ligi, ozoda, haddan tashqari sarishtaligi) bilan farq qilardi. (J.Abdullaxonov).
Temirjon... Abdulla Karimovich Salimovni (tanimas, ammo eshitgan) edi. (J.Abdullaxonov). Qishloq bolalari (pishiq, tadbirli) bo‘ladi. (S.Ahmad). Birinchi gapda bitta uyushiq o‘rin holini -da o‘rin payt kelishigi affiksi, ikkinchi, uchinchi gapda bitta uyushiq vositali to‘ldiruvchini bilan ko‘makchisi, to‘rtinchi gapda bitta uyushiq fe’l kesimni edi to‘liqsiz fe’li va beshinchi gapda bitta uyushiq ot kesimni bo‘ladi bog‘lamasi umumlashgan holda shakllantirib kelgan.
Uyushiq qator a’zolarining o‘zaro aloqaga kirishuvi
Uyushiq qator a’zolari tenglashish yo‘li bilan sintaktik aloqaga kirishadi. Bu aloqa teng bog‘lovchilar va teng bog‘lovchi vazifasidagi yuklamalar hamda bog‘lovchisiz, faqat ohang, sanash ohangsi orqali amalga oshiriladi. Sanash ohangsi uyushuvchilarning bog‘lovchilar yordamida aloqaga kirishganda ham mavjud bo‘ladi.
Uyushuvchilar quyidagi bog‘lovchilar yordamida aloqaga kirishadi:
Biriktiruvchilar (va, hamda, ham): uning tegrasida osmon benihoyat tiniq va ko‘k ko‘rinadi. (P.Qodirov). U yotoqxonaga borishga qaror berdi hamda nariga korpusga qarab ketdi. (P.Qodirov). Kun bo‘yi quloqlari ostidan juda g‘alati, ham xiyol hazin, ham kishini allaqanday erkalovchi... ajib bir musiqa ketmadi. (O.YOqubov).
Na ... na inkor yuklamasi biriktiruv bog‘lovchilar vazifasida kelib, inkor ma’nosini anglatish uchun xizmat qiladi: Na hovlidan na uyidan sado chiqdi (I.Rahim).
Va bog‘lovchisi vazifasida -u (-yu), -da, na ... na yuklamalari ham qo‘llanishi mumkin. Keyin chakmonning ikki engini xurjunga o‘xshatib elkasiga tashladi-da, orqaga qaytdi. (P.Qodirov). Yigit qora qushlarni ko‘rdi-yu, birdan sergaklandi. (P.Qodirov).
Va biriktiruv bog‘lovchisi vazifasini bilan ko‘makchisi ham bajarishi mumkin: Deraza bilan doska orasida qo‘lini orqasiga qilib yurib, lektsiya o‘qiyotgan surrang kostyumli barvasta kishi to‘xtadi. (P.Qodirov).
Bilan yordamchisi, va bog‘lovchisi singari, juft - juft qo‘llangan uyushuvchilarda har bir juft o‘rtasida keladi: To‘g‘ rilik bilan xiyonat, yolg‘ onchilik bilan diyonat chiqisha olmaydi. («Oz - oz o‘rganib dono bo‘lur»).
Zidlovchilar (lekin, ammo, biroq): Tolibjon bolalarning beg‘ubor, ammo almoyi - aljoyi gaplaridan zavqlanib jimgina borardi. (S. Ahmad). Usta Qambar o‘g‘lini urmadi, so‘kmadi, lekin bir - ikki oy u bilan gaplashmadi. (P.Qodirov).
Zidlov bog‘lovchilar vazifasida -u, (-yu) yuklamasi ham qo‘llanishi mumkin. Masalan: O‘ttiz yildan beri shu qishloqda uy quribman-u, ... shu buloq ... Oyko‘lni Oyko‘l qilib turgan shu suv oldimizda oqqani uchun qadrsiz bo‘lib yotganini sezmabman. (P.Qodirov). U Mullajon qozining bog‘ini ko‘rgan emas, ammo tarifini eshitgan. (A.Qahhor).
Ayiruvchilar (yo, yoki, yoxud, yoinki, dam ... dam, goh ... goh, bir ... bir, ba’zan ... ba’zan): Bir xil irmoqlar ... katta-katta toshlarni aylanib o‘tib, ba’zan qoyalarning ostidan yo‘l topib, goh to‘lib, goh mildiratib ohistalik bilan ko‘lga tushadi. (E.Vohidov). U dam sahnada o‘tirganlarga, dam pastdagilarga qarab she’rni sharilatib o‘qib ketdi. (O‘.Xoshimov).
Gapda bir xil so‘roqqa javob bo‘lib, bir xil sintaktik vazifasini bajaradigan, o‘zaro teng aloqaga kirishgan, bir umumiy bo‘lakka bog‘lanadigan gap bo‘laklari gapning uyushiq bo‘laklari deyiladi. Masalan: Odamning eng shirin, lazzatli va halol taomi o‘z mehnati, qo‘l kuchi bilan topgan rizqidir. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»). Mazkur gapda eng shirin, lazzatli va halol hamda o‘z mehnati, qo‘l kuchi bilan guruh so‘zshakllari uyushib kelgan. Bunda birinchi guruhdagi so‘zshakllar bir xil so‘roqqa - qanday? degan so‘rog‘iga javob bo‘lib, sifatlovchi vazifasini bajargani holda, taomi umumiy bo‘lagiga - egaga bog‘langan; ikkinchi guruhdagi so‘zshakllar ham bir xil so‘roqqa - qanday? so‘rog‘iga javob bo‘lib hol vazifasida kelib, topgan umumiy bo‘lagiga - sifatlovchiga bog‘langan.
Uyushiq bo‘lakli gaplarda ba’zan umumlashtiruvchi birliklar ham qatnashadi. Ular uyushuvchilarni jamlab ko‘rsatadigan so‘z va so‘z birliklari bo‘lib, uyushiq bo‘lakdan oldin yo keyin keladi. Uyushiq bo‘lakdan oldin kelgan umumlashtiruvchilar odatda izoh talab qiladi. Uyushiq bo‘lakdan keyin kelgan umumlashtiruvchilar esa yakunlash, xulosalash xususiyatiga ega bo‘ladi. Masalan: Hamma narsa: uylar, devorlar, daraxtlar qorong‘ulikka jimgina cho‘kdi. (Oybek). Ko‘cha - ko‘y ham, dala ham, qishloq ham - hammasi mendan Ma’sudani so‘roqlayotganday bo‘ladi. (P.Qodirov).
Uyushiq bo‘lakli gaplarda xilma-xil tinish belgilari qo‘llaniladi.Uyushuvchilar o‘zaro bog‘lovchisiz (faqat sanash ohangsi bilan); zidlov bog‘lovchilari, takrorlanuvchi bog‘lovchilar; bog‘lovchi vazifasidagi yuklamalar yordamida aloqaga kirishganda, ular orasiga vergul qo‘yiladi. Masalan: Qashqardaryo, Surxondaryo, Namangan, Samarqand viloyatlarida bo'lsangiz, 500-600 yillik chinorlarni ko'rasiz. (A.Aminov). U doktorlarga goh zug‘um qilib, goh yaxshi gapirib statsionardan chiqdi. (S.Ahmad).
Uyushuvchilar o‘zaro va, hamda, bilan biriktiruv bog‘lovchilari orqali, shuningdek, yakka ayiruv bog‘lovchilari yordamida aloqaga kirishganda, ular orasiga vergul qo‘yilmaydi: Anhorda suv sokin va ulug‘ vor oqardi. (F.Musajonov). Salim ota bilan yigitlar mehmonni ... kuzatib tashqariga chiqishdi. (SKaromatov).Uyushiq bo‘lakli gaplarda umumlashtiruvchi birliklar uyushuvchilardan oldin kelsa, shu birlikdan so‘ng ikki nuqta qo‘yiladi: Hamma erda: uylarda, ko‘chalarda ivirsib yotgan xazon yuzi ertalab qirovdan ... oppoq bo‘lib qoladi. (Oybek).
Umumlashtiruvchi birliklar uyushuvchilardan so‘ng kelganda, undan oldin tire qo‘yiladi: Kishilar, xotinlar, bolalar - kutib oluvchilar vagon bo‘ylab chopdilar. (R.Fayziy).
Do'stlaringiz bilan baham: |