3.1. So`z - sarlavha stilistikasi
Hozirga paytda badiiy va publisistik matnda til birliklarining xoslanishini o`rganish, har bir uslubga xos xususiyatlarni chuqurroq tadqiq etish, uslublararo aloqani yoritish tadqiqotchilar e’tiborini tortmoqda. Til birliklarining sarlavha sifatida qo`llanishi o`ziga xos jihatlarga ega. Ular mavzuga e’tiborni tortishda o`ziga xos reklama vazifasini bajarib, o`quvchini jalb etish bilan birga nihoyatda kuchli ta’sirchan vosita rolini ham bajaradi. Hikoyaning hayotiyligi tarbiyaviy ahamiyatini yanada kuchaytiradi. Shuning uchun hikoya sarlavhasiga alohida talablar qo`yiladi. Masalan, sarlavha hikoya matniga mos tanlangan bo`lish bilan birga, u tarbiyaviy ahamiyatga ham ega bo`lishi kerak. Masalan, Gulchehra Jamilovaning “Moviy barqut siri” nomli kitobida Rayxon(223-bet), Bibixol (176-193-bet), Isirg`a (5-11-bet) kabi hikoyalar sarlavhalari64 nihoyatda oddiyligi bilan o`quvchiga hikoyalardan kutilayotgan estetik zavqni, tarbiyani bera olmaydi.
Hikoya inson hayotidagi u yoki bu yorqin hodisani, ijtimoiy yoxud psihologik konfliktni xarakter bilan uzviy bog`li holda rivoyaviy usulda tasvirlovchi epik asar. Hikoya yoki novella epik turning kichik janri. Hikoya muayyan vaziyatdagi kishi hayotining bir parchasi. Detal hikoyada hayotni tipiklashtirishning asosiy vositalaridan biri bo`ladi. Hatto butun boshli hikoya bir detal zaminiga qurilishi ham mumkin (Masalan, A.Qahhorning “Anor” hikoyasi)65. Hikoya inson hayotidagi uncha katta bo`lmagan bir voqyea tasviridir. U hamma xalqlarning adabiyotdagi eng rivoj topgan janrdir. XX asr o`zbek adabiyotida A.Qodiriy, G`.G`ulom, A.Qahhor, Sh.Xolmirzayev va boshqa yozuvchilar hikoyaning eng yaxshi namunalarini yaratdilar. A.Qahhorning “O`g`ri”, “Bemor”, “Tomoshabin” kabi hikoyalari hayotning katta muammolari haqidagi o`ylarning, umumlashmalarning qaymog`idir66. Shu o`rinda qayd etish mumkinki, hikoyalariga “tesha tegmagan” sarlavhalar topishda A.Qahhor va G`.G`ulomlarga yetadigani yo`q. Ushbu ijodkorlarning hikoyalari sarlavhalari stilistik jihatdan ko`p funksiyali, binobarin, struktur-grammatik, semantik-stilistik xususiyatlari va matn bilan uyg`unligi tarbiyaviy ahamiyatga ham ega. Masalan, A.Qahhorning “Ayb kimda” sarlavhali hikoyasida sarlavha aynan matnda takrorlanmagan, mazmuni matnga singdirilgan. Hikoyada bola tarbiyasi bilan bog`liq muammolar mahorat bilan yoritib berilgan67.
Abdulla Qahhor hikoyalarida birgina so`zning sarlavha sifatida kuchli ma’no-mazmunni ifodalashini ko`rish mumkin. Misollar: Maston (Qahhor A. Povest va hikoyalar. - T.: “Yosh gvardiya”, 1965, 22-b.)68. Matnda sarlavha takrorlanmagan, mazmuni matnga singdirilgan. Qizlar (AQ.PH., 35). Hikoyada sarlavha takrorlanmagan, mazmuni matnga singdirilgan. Anor U tugunni uyning o`rtasiga tashladi.Bir choyshab anor har tomonga yumalab ketdi, bir nechasi obrezga tushdi( Qahhor A. Tanlangan asarlar. - T.: “G`afur G`ulom” nashriyoti, 2007, 38)69. Matnda ishlatilgan anor so’zi sarlavha mazmunini yanada boyitishga, unga adohidalik bag’ishlashga xizmat qiladi.
Mahalla Gazeta ertagi sonida “Yangi mahalla” haqida noto`g`ri ma’lumot bergan muhbiriga jazo berganini aytdi va muxbirni aldagan mahalla aktivlarining kotibiga dashnom berdi va shu bilan birga gazetaning xatosini ko`rsatgan Hikmat buva Normatovga tashakkur bildirdi (AQ.TA,122). Ushbu sarlavha bir qarashda e’tiborni o’ziga tortmaydi. Lekin bu maskan kishilarning hayot o’chog’i bo’lganligi sabab o’quvchini bee’tibor qoldirmaydi.
Quyidagi sarlavhalar emosional-ekspressiv bo’yoqdor so’zlardan tashkil topganligi uchun ham diqqatni tortadi: Dahshat Go`riston to`g`risida dodho nimalar eshitgan bo`lsa, Unsin ham shuni eshitgan, shamol kechasi go`riston dodho xayolida qandoq dahshatli bo`lsa, uning xayolida ham shunday dahshatli, lekin shundoq bo`lsa-da, tiriklar go`ristoni bo`lgan bu dargohning dahshati oldida o`liklar go`ristonining dahshati unga dahshat ko`rinmas edi(AQ.TA, 24). Bemor Bemor kundan-kun battar, oxiri o`sal bo`ldi. “Ko`ngilga armon bo`lmasin ”deb “chilyosin” ham qildirishga to`g`ri keldi(AQ.TA, 43). O`g`ri Odamlar,o`g`ri devorni qachon va qanday asbob bilan teshgani, ho`kizni qaysi tomonga olib ketgani, uni qaysi bozorda sotishi mumkin yekanligi to`g`risida bahslasha-bahslasha tarqaldi(AQ.TA, 45). Bashorat Hikoyada sarlavha takrorlanmagan, mazmuni matnga singdirilgan (AQ.TA, 49). San’atkor San’atkor, izvoshchini hayron qoldirib, o`zidan o`zi g`o`ldirab borardi (AQ.TA, 55). Ixcham sarlavhalarga A.Qahhor ijodidan ko`plab misollar keltirish mumkin: Jonfig`on (AQ.TA, 60), O`jar (AQ.TA, 65), Yillar, Xotinlar(AQ.TA, 78), Karavot (AQ.TA, 95).
G`afur G`ulom hikoyalarida ishlatilgan so`z - sarlavhalar ham e’tiborni tortadi. Misollar: Qizaloq -Aylanay Zulayho, nabira qutlug` bo`lsin. O`g`ilmi, holva?- deganiga, Zulayho xolaning parti-piyoda: - Qoqindiq, qizaloq,-deganini eshitdim (G`afur G`ulom. Mukammal asarlar to`plami. 4-tom. - T.: Fan, 1986, 12)70. Hadim Hikoyada hadim so`zi besh marta takrorlangan. Misol: Holvoyitar yegan chollarning ba’zilari un sotgan xudojo`y musulmonni, ba’zilari hadim qilgan Shoyusufni duoyi bad qilib qaytdilar. Shunday qilib Shoyusufning hadimi duoyi badga aylandi (MAT, 26). Ushbu so’z kamqo’llanishi bilan e’tiborni tortadi.
Tanlangan quyidagi ixcham, qisqa, mazmunli, tushunarli so’zlar hikoyabop sarlavhalar hisoblanadi: Bo`ydoq (MAT, 109), Inoqlik (MAT, 33), Jo`rabo`za (MAT, 56), Yigit (MAT, 17), Luqmon (MAT, 85), Obro` (MAT, 140), Soyalar (MAT, 72), Soat (MAT, 36), Sabab (MAT, 61). Safar Hikoyada safar so`zi ko`p bora qo`llangan, shuningdek, sayohat so`zi ham qo`llangan.
Yozuvchi Shukur Xolmirzayev hikoyalari sarlavhalarini nazardan o`tkazaylik71. Ular orasida so`z - sarlavhalar alohida o`rinni egallaydi. Misollar: Ko`ngil. Matn: - Narzi… / Yur, -dedim./ U bosh qimirlatdi./Bugun otganimning hammasi seniki,-dedim./ Nazrulla boshini sekin ko`tardi., Nima keragi bor! Zor emasman! /Gap… Gap ko`ngilda, tushundingmi? - dedi u va kurakni qorga zarb bilan sanchib uyiga kirib ketdi(TA1,14-17-b.). Sarlavha inson qalbiga yaqin so`zdan tanlangan. Uning hikoya mavzusi va mazmuniga nihoyatda mosligini va matnga singib ketganligini ko`rish mumkin.
“O`zbek tilining izohli lug`ati”da ko`ngil so`ziga quyidagicha ta’-rif berilgan: “KO`NGIL (asosan 3-sh. birl. — ko`ngli) 1 Kishining his-tuyg`u va kechinmalari manbai; yurak, qalb, dil. 2 Fe’l-atvor, xarakter, xulq.
Do'stlaringiz bilan baham: |