Inson borligʻida ongning tabiati.
Ong inson borligʻining eng muhim
xossasi.
Ong muammosini echishga nisbatan yangicha yondashuvlar hozirgi
zamon falsafasining irratsionalistik oqimlariga (lot. Irra Ongning tabiati.)
mansub. Ong muammosi oʻta murakkab muammolardan biri boʻlib, falsafada
doim qizgʻin bahs va munozaralarga sabab boʻlib kelgan. Bu bahs va
munozaralar hozir ham tugagani yoʻq.
Ongning tabiati shunday: u hissiy idrok etiladigan obyektiv borliqni
tushunish va aks ettirish uchun biz yuqorida foydalangan aksariyat
koʻrsatkichlar va tavsiflarga mos kelmaydi. Ongni oʻlchash, biron-bir tarzda
miqdoriy ifodalash, sezish yoki kuzatish mumkin emas, zero uning massasi
ham, energiyasi ham yoʻq, shuningdek u moddiy obyektlar kabi muayyan
shakl-shamoyilga ham ega emas.
Ong shak-shubhasiz mavjud, ammo u mavhum boʻlib, balki bilvosita –
odamlar tili va muayyan faoliyati orqali namoyon boʻladi.
Binobarin, inson
borligʻining bu elementlarini tahlil qilmasdan ongning mohiyatini aniqlash
mumkin emas. Mazkur tahlil ongning biologik jihatini ham oʻz ichiga oladi,
zero uning mavjudligi inson bosh miyasi faoliyati bilan uzviy bogʻliq. Shu
sababli ongning tabiati nafaqat falsafada, balki fiziologiya, psixologiya,
sotsiologiya, kibernetika, informatika va boshqa ijtimoiy va tabiiy fanlarda
ham oʻrganiladi.
288
Aynii vaqtda mazkur muammo oʻta murakkabligi tufayli uning falsafiy
talqini ayrim fanlar uchun muhim metodologik rol oʻynaydi. Ularning
natijalari esa, oʻz navbatida, ongning tabiati xususidagi falsafiy mulohazalar
uchun asos boʻladi. Ongning tabiati masalasining qoʻyilishi va unga berilgan
tegishli javob, odatda, barcha keyingi falsafiy, chunonchi: ontologik,
gnoseologik, ijtimoiy va boshqa mavzulardagi mulohazalarning yoʻnalishini
belgilaydi.
Atrof muhitda, oʻz ichki dunyosida yuz berayotgan oʻzgarishlarga
odamlar qadim zamonlardayoq e‘tibor berganlar. Bu jon va ruh haqidagi
mulohazalar paydo boʻlishiga olib kelgan. Shu tariqa bashariyat tarixida
animizm – odamlar, hayvonlar hayoti, narsalar va hodisalarga jon va ruhlar
ta‘sir koʻrsatishiga boʻlgan e‘tiqod paydo boʻldi, shu asnoda shakllangan
dunyo haqidagi tasavvurlar keyinchalik u yoki bu tarzda turli dinlar negizini
tashkil etdi. Jon haqidagi ilk falsafiy tasavvurlar odatda muayyan birinchi
asoslar (havo, olov, atomlar harakati va sh.k.) bilan bogʻlangan va shaxssiz
boʻlgan, ya‘ni inson tabiatining betakrorligi, uning individualligi bilan
tenglashtirilmagan.
Suqrotdan
oldingi
falsafa
toʻlaligicha
shunday
xususiyatga ega boʻlib, bu erda ideallik tushunchasini deyarli uchratmaymiz.
Masalan, olovni oqil va olijanob, suvni – tuban asos deb hisoblagan Geraklit
jon (psixeya) olov yoki suvdan iborat boʻladi, degan gʻoya‘ni ilgari suradi.
Olov koʻproq boʻlgan «quruq» jonni – eng oqil va maqbul deb hisoblaydi.
Jon namlangach, oʻz kuchini yoʻqotadi, hoʻllangach esa – ha‘lok boʻladi. Shu
sababli jon olovi kuchliroq yonishi uchun faol ma‘naviy va aqliy hayot
kechirishga harakat qilish lozim. Oʻz navbatida ayrim kishilarning jonlari
butun dunyoning birinchi sababi hisoblanadigan va uni boshqaradigan
dunyoviy aql olovi – «logos» bilan bogʻliq.
Suqrot va Platon moddiy va ideal hodisalarni farqlagan. Shuningdek,
Platon Evropa falsafiy anʻanasida ideal asosni qayd etibgina qolmasdan, balki
undan moddiy asosni ham keltirib chiqargan birinchi faylasuf hisoblanadi.
Ayrim inson ongi esa, Platon fikriga koʻra, uning joni bilan bevosita
bogʻlanadi. Bu oʻlmas jon u yoki bu tanaga, tana tugʻilgunga qadar oʻz
«zindoni»ga tushgandek kirib joylashadi va u oʻlganidan keyin esa boqiy
gʻoyalar dunyosida mushohada yuritadi va shu tariqa ularni oʻrganib
yashaydi. Platon ruhiy hodisalarni tuygʻular dunyosi (sezish va idrok etish)
va intellektga ajratadi. Intellektda u aql va idrokni farqlaydi. Bunda sof
gʻoyalar bilan ish koʻruvchi aql fikrlashning formal usullari bilan bogʻliq
(masalan, matematikada) idrokka qaraganda yuksakroq hodisadir. Shuni
alohida ta‘kidlash lozimki, keyinchalik falsafada ideal narsalar va hodisalarni
tushunishga nisbatan koʻp sonli har xil yondashuvlar paydo boʻldi, ammo
ularning barchasi ideallikni moddiylik va koʻlamlilikka qarshi qoʻyadi.
Aristotelning «Jon haqida» risolasini qadimgi yunon faylasuflarining
ong haqidagi falsafiy mulohazalarining muayyan yakuni deb hisoblash
289
mumkin. Bu erda jon tananing mohiyati, uning uyushtiruvchi tamoyili
sanalsa-da, lekin aql ichki faolligining in‘ikosiga emas, balki kosmos
hayotining umumiy qonunlariga boʻysunadi.
Oʻrta asrlar Evropa falsafasi «din choʻrisi»ga aylanib, ong haqidagi
masalaga butunlay oʻzgacha nuqtayi nazar bilan yondashdi – uni abadiy
mavjud boʻlgan dunyoni, shu jumladan inson va uning jonini yoʻqlikdan
yaratgan Xudoning yagona dunyoviy asos sifatidagi talqini bilan bogʻladi. Bu
ta‘limotga binoan inson aqli ilohiy aqlning bir zarrasi sifatida muayyan
darajada oʻzini oʻzi bilish, oʻzini oʻzi tahlil qilish qobiliyatiga ega boʻlsa-da,
ongning bu faoliyati Tangrini bilish va u bilan muloqot qilishga qaratilgandir.
Ongning mazkur obyektiv-idealistik talqini bilan bir qatorda oʻrta asrlarda
ongni «fikrlovchi materiya»dan keltirib chiqargan materialistik anʻanada ham
uzilish yuz bergani yoʻq. Bunday qarashlarga Sharq falsafasi (Ibn Sino, Ibn
Rushd) oʻz ta‘sirini koʻrsatgan evropalik ayrim faylasuflar Duns Skot,
brabanlik Sigerning asarlarida duch kelish mumkin.
Seneka qalb, ruh etukligini, hurligini birinchi oʻringa qoʻyadi.
―SHunday narsani izohlash kerakki, - deb yozadi u shogirdi Lutsiliyga, - hech
nima unga hukmronlik qilolmasin, hech nima unga gʻov boʻlaolmasin. Bu
nima deysanmi? U magʻrur, oliyjanob, yuksak ruhdir. Uni kishi vujudidan
joy topgan xudodan boshqa narsa deyish mumkinmi? Vujud biqiqligidan
kechib koʻkka intil va shoir aytganidek, oʻz ruhingni Xudoga monandligini
namoyon et. Ruhning hurligi uchun tilla ham kerak emas, kumush ham,
chunki haqiqiy xudo timsolini yasab boʻlmaydi. Esla,xudolar bizga xayrixoh
boʻlganlarida ular loydan edilar... Komil ruhni qarzga ham, sotib ham olib
boʻlmaydi‖1.
Seneka nazarida ezgulik, poklik, adolat va etuklik izlagan kishi eng
avvalo oʻz ruhini ilohiy talablarga monand qilishi darkor. Ilohiylik – bir
timsol, simvol, unga etish kishi ixtiyoridadir. Kishi qaerda yashamasin,
nimalarni izlamasin, kimlarga hamroh boʻlmasin oʻzining ruhini
poklamaguncha, uni yuksaklikka yoʻnaltirmaguncha hayotdan zavq, orom,
buyuklik topolmaydi. ―Yashash joyingni emas, ruhingni oʻzgartir, - deb
yozadi Seneka, – qancha koʻp kezsang, shuncha ruhing iztirobga botadi.
Kema uchun bab-baravar ortilgan yuk emas, balki notekis ortilgan yuk
ha‘lokat keltiradi‖2. Ruh bezovta, xasta ekan kishini hech qanday
olamgardlik, tomosha, huzur qutqara olmaydi. Qaerda va kim bilan emas,
qanday qalb, ruh bilan yashashing muhim. ―ruhim hur boʻlsin desang, biror
makongabutun dildan bogʻlanma. Men biror burchak uchun tugʻilmaganman,
butun mening vatanim, degan e‘tiqod bilan yasha‖
3
. Bir qarashda faylasuf
kosmopolitizm tarafdori boʻlib koʻrinadi, biroq barcha rimliklar kabi u ham
1
Ўша ерда. – Б. 66.
2
Ўша ерда. –Б. 79.
3
Ўша ерда. –Б. 83.
290
oʻz vatanining fidoiysi edi. Bu oʻrinda Seneka vatansiz yashashni emas, balki
ruhiy osudalikni targʻib etadi.
Faylasuf kishidagi barcha illatlar uning qalbi, ruhidagi nopok tuygʻular
tufaylidir deb biladi. Ba‘zi kishilar boshqalarni pok, sofdil, ezgu amalli,
xushaxloq koʻrishni istaydi, hatto ulardan ilohiy sifatlarni talab etadi, Oʻzida
yoʻq xislatlarni boshqalardan talab etish zoʻravonlik boʻlmasa-da,
axloqsizlikdir. Oʻzi dardmand kishi oʻzganing dardiga darmon boʻlolmaydi;
qalbi nopok kishining oʻzgalardan poklik talab etishi nokaslikdan boshqa
narsa emas. Boshqani toʻgʻrilashdan oldin oʻzingni toʻgʻirla. ―Oʻz aybingni
bilish, ruhni sogʻlom tutish tomon tashlangan birinchi qadamdir‖1. Kim oʻz
qalbini sogʻlom koʻrishni ista‘masa, oʻzidagi illatlardan xolos boʻlmoqchi
emas; kim nuqsonlarini eshitishdan qochsa, oʻz nuqsonlarini ezgulik deb
biladi; kim poklanishni ixtiyor etmasa, unga hech kim dars berolmaydi.
Ruhning poklanishi, sogʻlom boʻlishi uchun nima qilish kerak? Seneka, eng
avvalo ―etuk donishmandlik ilmi‖ falsafa bilan shugʻullanish lozim, deb
javob beradi.
―Qadimdan bizgacha etib kelgan bir odat bor, - deb yozadi Seneka, –
maktublar ―Agar sen sogʻ-sa‘lomat boʻlsang, men ham sogʻ-sa‘lomatdirman‖
deb boshlangan. Biz ham, ―Agar sen falsafa bilan shugʻullansang juda ham
yaxshi‖, deyishimiz zarur. CHunki haqiqiy sogʻ-sa‘lomatlik falsafada, usiz
ruh hamda tana, ularda qancha kuch va quvvat boʻlmasin, xastadir. Shuning
uchun: eng avvalo haqiqiy sogʻ-sa‘lomatlik haqida qaygʻur, keyin esa
qolganlar haqida‖2. Kishi bilaklarini toblash uchun qoʻllarini, elkalarini
mashq qilib turadi. Ammo tana mashqlari chegaralangan, bel va bilak
qanchalik baquvvat boʻlmasin, ular hoʻkizni yiqolmaydi; umuman odamning
hayvonga monand kuch yigʻishi oriflik emas.
Odamni
ongli
mavjudotga
aylantirgan
uning
aqlidir.
Aql
donishmandlikka intilib odam ruhini buyuk qiladi. Donishmandlik orqaligina
kishi baxtiyor sezadi oʻzini; oʻzini baxtiyor sezmagan baxtiyor ham, ozod
ham emas. ―Mubarro yashashni istasang falsafaning quli boʻl‖
3
.
Oʻz illatlarini bilgan va ularni enggan oʻlimdan qoʻrqmaydi; oʻlim
ruhimizni qiynaydigan a‘zoblardan biri emas, u oxirgi a‘zobdir. Faylasuf
stoiklar anʻanasini davom ettirib yozadi: ―Bazmu ziyofatlardan oshqozon
buziladi, ichkilikbozliklardan tomirlar qotadi va titraydi, shahvatdan qoʻl,
oyoq, boʻgʻimlar zaiflashadi. Men qashshoqlashsam, demak, koʻpchilikka
qoʻsxilaman, badargʻa qilinsam, borgan joyimni makon bilaman, zanjirband
qilsalar — tashvish nega? Axir men hozir ham zanjirband emasmanmi?
Tabiat meni oʻz tanamga bandi etib qoʻymaganmi? Men oʻlamanmi? Demak,
men endi xasta boʻlmayman, zanjirband qilinmayman, oʻlim xavfidan
1
Эпикур. Этика. –М., 1977. –С. 47.
2
Сенека Л.А. Нравственные письма к Луцилию. – Кемеровское книж. изд-во., 1986. – С. 87.
3
Ўша ерда. –Б. 39.
291
xoliman‖1. Shunday qilib xulosa qilamiz. Umuman oʻlimni tabiiy holdek
kutib olishga da‘vat stoiklar falsafasidagi bosh gʻoyalardan biri hisoblanadi.
Unga koʻra, kishi tugʻilganidan oʻlim tomon boradi, goʻdaklik, oʻsmirlik,
yoshlik, qarilik yagona haqiqat — oʻlimga eltadi. Umrini xushbaxt
oʻtkazmoqchi boʻlgan kishi esa hayot quvonchlariga ham, oʻlim
qoʻrquvlariga ham befarq yashaydi, oʻlim mubarro ruhni bezovta qilolmaydi.
Donishmand oʻz qismatidan qochmaydi, hayotini oxiri kelganida tark etadi.
Hayotdan qochish boshqa, uni tark etish boshqa; birinchisi — ruhning
zaifligi, ikkinchi buyuk borliq hukmidir. ―Yashash emas, munosib yashash
muhim; erta oʻlasanmi yoki keyin — ahamiyati yoʻq, yaxshilik bilan
yashadingmi yoki yomonlik bilan mana — nima zarur‖2. Ikki ming yil oldin
bitilgan ushbu nasoyihlar — nasihatlar moziy qa‘ridan emas, ma‘naviy-
axloqiy etuklik izlayotan zamondoshimiz qalbidan chiqayotgan da‘vatlardek
eshitilmaydimi?..
Do'stlaringiz bilan baham: |